← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Qoʻshiq

Qoʻshiq – xalq ogʻzaki ijodida shakllangan lirik janr. Q.ning muhim belgisi – ijro uchun moʻljallanganlik. Q.lar biror musiqa joʻrligida (lapar, yor-yor), muayyan ish-harakat ritmi (qoʻsh qoʻshiqlari, charxchi qoʻshiqlari va b.) yoki maʼlum bir ruhiy holat mohiyatiga (yoʻqlovlar) mos tarzda ijro qilingan. Yozma adabiyot, xususan, XX asr oʻzbek adabiyotida folklor anʼanalarining davomi sifatida Q. janri faollashdi. Ayrim manbalarda kuyga solib ijro etilgan sheʼrni Q. deb aytadilarki, bu fikrda noaniqlik bor. Mas., Furqatning “Sayding qoʻyaber, sayyod” musaddasi yoki Haziniyning “Fargʻona tong otguncha” gʻazalini kuyga solib ijro etish bilan ular Q. boʻlib qolmaydi, birinchisi musaddas, ikkinchisi gʻazalligicha qolaveradi. Yaʼni ularni qoʻshiqchilik sanʼati nuqtai nazaridangina Q. deyish mumkin, adabiyotshunoslik nuqtai nazaridan emas. Adabiy janr sifatidagi Q., yuqorida aytilganidek, xalq ogʻzaki ijodi anʼanalari zaminida shakllangan boʻlib, u bir qator janr xususiyatlariga ega. Avvalo, Q. ijro uchun moʻljallanadi, unda ijro imkoniyatlari hamisha koʻzda tutiladi. Shuning uchun: 1) aksar Q.lar mavjud xalq kuylariga moslab yoziladi (mas., Hamzaning “Milliy ashulalar uchun milliy sheʼrlar” toʻplamiga kiritilgan “Yigʻla Turkiston” sheʼri xalqda mashhur “Loʻm-loʻm Mamajon” ashulasi ohangiga moslangan); 2) mavjud kuylarga moslanmasdan, yangi kuy bastalash koʻzda tutilgan holda ham Q.ning ritmik-intonatsion, kompozitsion qurilishi jihatidan shunga mos (yengil, oʻynoqi ohang, tovushlar uygʻunligi, misra takrorlari va b.) boʻlishi talab qilinadi. Hozirgi sheʼriyatdagi xalq ogʻzaki ijodiga stilizatsiya (q.) tarzida yozilgan sheʼrlar (mas., M.Yusuf. “Yor-yor”; S.Said. “Xorazmcha”, I.Mirzo. “Fargʻonacha” va b.)ning aksariyati Q. janriga mansub. Taʼkidlash kerakki, adabiy janr sifatidagi Q. ijro uchun moʻljallangan, kuyi bilan birga tugʻilgan boʻlsa ham, hofizlar tomonidan kuylanishi yo kuylanmasligidan qatʼi nazar, Q. boʻlib qolaveradi.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish