← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Radd ul-ʼajz min as-sadr

Radd ul-ʼajz min as-sadr (ar. ردالعجز من الصدر – sadrdan ajzga qaytish) – mumtoz adabiyotdagi sheʼriy sanʼat, bir soʻzning baytning turli oʻrinlari (sadr, hashv, aruz, ibtido, zarb)da takrorlanishi. Bunda takrorlanayotgan soʻzlar bir xil maʼnoli boʻlishi, oʻzaro tajnis (omonimik munosabat) yoki ishtiqoq (oʻzakdosh) hosil qilishi, shuningdek, shibhi ishtiqoq, yaʼni asli oʻzakdosh boʻlmasa-da, yozilishi (omograf) yoki talaffuzi (omofon)ga koʻra yaqin boʻlishi mumkin. Shulardan kelib chiqqan holda, R.a.m.s. tarzida umumiy nom bilan yuritiluvchi mazkur sanʼatning turli koʻrinishlari farqlanadi. Mas., quyidagi baytlarda bir xil maʼnoli soʻzlar baytning turli oʻrinlarida takrorlanadi:

Ishq oʻti tushgan koʻngulga oʻzga oʻt begonadir,

Men boʻlibman, voh ajab, dardmandi sheʼr, bemori ishq.

Oy jamolining aksi koʻzgu bagʻriga tushdi,

Rashk oʻtida bagʻrimni oʻrtar-u yoqar koʻzgu.

Navoiyning:

Gar Navoiy xoʻblar saydidur, ammo qilmamish

Sendin oʻzga kimsa ul oshuftai rasvoni sayd, –

baytida takrorlanayotgan soʻzlar oʻzaro omonimik munosabatda (birinchi misradaga sayd soʻzi “oʻlja” maʼnosida, ikkinchi misrada “ov jarayoni” maʼnosida kelgan) boʻlib, tajnis hosil qilsa, Atoyining:

Nomurode boʻl Atoyi, dilbarung yoʻlindakim,

Dilbar oʻqtur, oshiqi sodiqqa dilbardin murod, –

baytida esa oʻzakdosh soʻzlar takrorlanib, ishtiqoq hosil qiladi.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish