← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Radd ul-matlaʼ

Radd ul-matlaʼ (ar. ردالمطلع – matlaʼning qaytarilishi, takrorlanishi) – mumtoz adabiyotdagi sheʼriy sanʼat. Nomlanishi “matlaʼni takrorlash” maʼnosini bersa ham, amalda gʻazal matlaʼsi yoki qasidaning birinchi bayti tarkibidagi misralardan birining soʻnggi baytda (baʼzan oraliqdagi baytlardan birida) takrorlanishi ham R.m. deb yuritilaveradi. Misraning takrorlanishi shunchaki takror boʻlmay, balki maʼlum bir poetik maqsadni koʻzlaydi. Gʻazal matlaʼsi yoki qasidaning birinchi baytida ilgari surilgan fikr-gʻoyani shoir keyingi baytlarda rivojlantirib boradi, sheʼr nihoyasida esa bayt (misra)ni takrorlash orqali oʻsha fikr-gʻoyani taʼkidlaydi. Natijada matlaʼ (yoki uning bir misrasi)da ifodalangan fikr-gʻoya, his-kechinma toʻlishadi, yorqinroq ifodasini topadi. Zero, takrorlanayotgan matlaʼ (misra) goʻyo oʻzidan avval kelgan baytlardagi mazmunni singdirib oladi va umumlashtirib ifoda etadi. Oʻzbek mumtoz sheʼriyatida Navoiydan boshlab keng qoʻllana boshlagan ushbu sanʼatning goʻzal namunalarini deyarli barcha shoirlar ijodida uchratish mumkin. Xususan, E.Vohidov sheʼriyatida R.m. sanʼatidan juda samarali foydalanilgan. Mas., shoirning:

Tushda koʻrdim dilbarimni, ey sabo, uygʻotmagil,

Olma bir dam vasl shavqin, qoʻy, meni qoʻzgʻotmagil, –

matlaʼsi bilan boshlanuvchi gʻazali maqtaʼsida matlaʼning ilk misrasi takrorlanadi:

Gar yoʻqotsam bu kecha men qayga borgum axtarib,

Tushda koʻrdim dilbarimni, ey sabo, uygʻotmagil.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish