← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Radif

Radif (ar. رديف – otning orqasiga ergashib, mingashib keluvchi, izma-iz boruvchi) – mumtoz lirikadagi sheʼr unsurlaridan biri, sheʼr davomida barcha bayt (yoki misra)lar oxirida qofiyadan soʻng aynan takrorlanib keluvchi soʻz, soʻz birikmasi. Yaʼni, mohiyatan, R. ham soʻz takrorining xususiy koʻrinishi boʻlib, faqat uning takrorlanish oʻrni qatʼiy belgilangan. Ikkinchi tomondan, sheʼr unsuri sifatida R. ritmni taʼkidlab kuchaytirish funksiyasini oʻtaydiki, bu soʻz takrorining hamma koʻrinishlariga ham xos emas. Nihoyat, R. soʻz yoki soʻz birikmasining shunchaki takrori emas, u bayt (yoki misra) bilan ajralmas mazmuniy aloqada boʻlib, fikr-tuygʻularni taʼkidlash, kuchaytirish kabi vazifalarni ham bajaradi. Mas., Ogahiyning:

Doʻstlar, bu kun ajab bir sarv qomat koʻrmisham,

Surati boshtin oyoq gʻarqi latofat koʻrmisham, –

matlaʼsida “qomat” va “latofat” juftligi qofiyani hosil qilsa, ulardan keyin takrorlanib kelayotgan “koʻrmisham” soʻzi R. boʻlib, u gʻazaldagi keyingi barcha baytlarning ikkinchi misrasida “qomat-latofat” juftligi bilan qofiyadosh soʻzlardan keyin takrorlanadi. Mashrabning quyidagi baytida R. bir necha soʻzdan iborat:

Murodingga yetay desang, qalandar boʻl, qalandar boʻl,

Sitam ahlin yutay desang, qalandar boʻl, qalandar boʻl.

Ayrim hollarda R. bundan ham koʻproq soʻzlardan tarkiblanib, misraning asosiy qismini egallashi ham mumkin. Mas., Navoiyning “Jondin seni koʻp sevarmen ey umri aziz”, Boburning “Tuz oh, Zahiriddini Muhammad Bobur” misrasi bilan boshlanuvchi ruboiylarida oʻzaro qofiyalanayotgan misralar faqat qofiya va R.dangina iboratdir. Mumtoz sheʼriyatimizda R. gʻazallarda, ayniqsa, keng qoʻllanadi. Shu bois ham gʻazalni yo matlaʼ, yo R. bilan atash koʻproq rasm boʻlgan: “Navoiyning “Topmadim” R.li gʻazali”, Boburning “Qoldimu” R.li gʻazali” va sh.k.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish