← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Rajaz

Rajaz (ar. رجز – tuya holdan toyganda paydo boʻladigan qaltiroq kasali) – aruz bahrlaridan biri, mustafʼilun aslining (– – v –) takroridan hosil boʻladi. Mazkur bahr iztirobli ohangga egaligi uchun shunday nomlangan. R. oʻzbek sheʼriyatida ancha faol qoʻllanadigan bahrlardan hisoblanadi. Alisher Navoiyning “Mezon ul-avzon”ida R.ning oʻn uch vazni, Boburning “Muxtasar” asarida esa oltmish uch vazni misollar bilan sanab oʻtilgan. Oʻzbek sheʼriyatida R. bahrining sakkiz ruknli, toʻrt ruknli vaznlaridan keng foydalanilgan. R. bahrida yozilgan sheʼrlarning oʻzbek sheʼriyatidagi dastlabki namunalari “Qissasi Rabgʻuziy”da uchraydi. Navoiyning jami yigirma toʻrt sheʼri (jumladan, yigirma ikki gʻazal, bir qitʼa, bir muammo) R. bahrida yozilgan. Bundan tashqari, Atoyi, Sakkokiy, Lutfiy, Gadoiy, Ogahiy kabi mumtoz shoirlar bilan birga, zamonaviy shoirlar ijodida ham R. bahridan keng foydalaniladi. Mas., Ogahiyning “Ustina” radifli mashhur gʻazali rajazi musammani solim vaznida boʻlib, uning chizmasi: – – v – / – – v – / – – v – / – – v – koʻrinishidadir:

Qilgʻil tamosho qomati zebosi birla orazin,

Gar koʻrmasang gul boʻlgʻonin payvandi shamshod ustina.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish