← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Ramal

Ramal (ar. رمل – tuyaning loʻkillashi, kuy nomi) – aruz bahrlaridan biri, foilotun asli (– v – –) takroridan hosil boʻladi. Bahrning ohangi tuyaning loʻkillashiga oʻxshagani uchun shunday nomlangan. Foilotun ruknida bir vatad ikki sabab orasiga boʻyra toʻqilganga oʻxshash holatda joylashgani uchun ramala, yaʼni toʻqish maʼnosini bildiruvchi soʻzdan olingan, degan fikrlar ham bor. R. bahri oʻzbek mumtoz sheʼriyatida eng koʻp ishlatilgani uchun uni turkiy bahr deb ham yuritiladi. A.Navoiyning “Mezon ul-avzon”ida R.ning oʻn uch vazni, Boburning “Muxtasar” asarida esa ellik toʻqqiz vazni misollar bilan sanab oʻtilgan. Husayniy (Husayn Boyqaro) qalamiga mansub gʻazallarning bari shu bahrda yozilgan boʻlib, bu R.ning juda faol qoʻllanganiga yorqin dalildir. Sheʼriyatimizda R.ning 8 va 6 ruknli jami yigirma toʻrt vaznidan keng foydalanib kelingan. R. bahrida yozilgan sheʼrlarning dastlabki namunalari “Qissasi Rabgʻuziy”da uchraydi. Navoiyning “Xazoyin ul-maoniy” devonidagi 1827 ta (yarmidan koʻpi) sheʼr R. bahrida yozilgan. Mas.:

Dilbaro, sendin bu gʻamkim, menda bordur, kimda bor?

Furqatingdin bu alamkim, menda bordur, kimda bor? –

matlaʼli gʻazali ramali musammani mahzuf vaznidadir. Manbalarda foilotun ruknining bayt tarkibida hech qanday zihofga uchramagan holda takrorlanishidan hosil boʻladigan vazn (ramali musammani solim: –v – – / – v – – / – v – – / – v – –) sheʼriyatimizda Navoiygacha ham, undan keyin ham mutlaqo qoʻllanmagani, faqat Navoiyning “Xazoyin ul-maoniy” kulliyotida birgina gʻazal mana shu vaznda yaratilgani aytiladi. Uning matlaʼsi:

Ey jamolu rahmatingdin gar zalilu gar muazzaz,

Safhai kavnayn oʻlub oting tarozidin mutarraz.

“Mezon ul-avzon”da esa ushbu vaznga misol sifatida quyidagi bayt keltirilgan:

Kelki, ishqingdin koʻngulda yoʻqturur sabru qarorim,

Boshima yetkur qadamkim, haddin oshti intizorim.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish