← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Ramz

Ramz (ar. رمز – imo, ishora, imlash) – simvol; koʻchim turlaridan biri, faqat shartli ravishda va shu matn doirasida koʻchma maʼno kasb etuvchi soʻz yoki soʻz birikmasi; obrazlilik turi. R. mohiyatan allegoriyaga yaqin, undan farqi shuki, R. kontekst doirasida ham oʻz maʼnosida, ham koʻchma maʼnoda qoʻllanadi. R.ning maʼnosi kontekst doirasida va shartdan xabardorlik boʻlganda reallashadi. Mas., Choʻlpon sheʼriyatidagi “yulduz”, “bulut”, “bahor”, “qish” obrazlari R.ning yorqin misoli boʻla oladi. Jumladan, mashhur “Qalandar ishqi” sheʼrini ishqiy mavzudagi sheʼr sifatida tushunaverish mumkin. Biroq undagi R.lar qatida boshqa maʼno ham mustaqil holda mavjud boʻlib, uni oʻz vaqtida shoirga ruhan yaqin kishilar yaxshi tushunishgan. Sababi, ular ramzlarning maʼnosi anglashiladigan kontekstdan – shoirning hayot yoʻli, orzu-intilishlari, sheʼr yozilgan paytdagi ruhiy holati va h. omillardan xabardor boʻlganlar. Demak, R. maʼnosi hozirda ham Choʻlponning hayot yoʻli va ijodiy merosi kontekstidagina anglanishi mumkin. R.ning tabiatini R.Parfi sheʼridan olingan quyidagi parcha misolida koʻrish mumkin:

Yana keldim mahzun goʻshaga,

Bunda bir nay yotibdi sinib.

Qoʻy, sigʻinma ortiq oʻshanga,

Qoʻy, sigʻinma unga, sevgilim...

Parchadagi “singan nay” ramzdir. Mazkur ramzni oʻz maʼnosida ham (yaʼni garchi notabiiy koʻrinsa-da, oʻsha goʻshada chindanam singan nay yotibdi, maʼnosida), lirik qahramonning yoʻqotilgan hislari, armonga aylangan orzulari maʼnosida ham tushunish mumkin. Keyingi holda “singan nay”ni R. sifatida qabul qilgan boʻlamiz. Muhim tomoni shuki, “singan nay” bilan “yoʻqotilgan hislar, armonga aylangan orzular” orasida metaforadagi kabi oʻxshashlik yoki metonimiyadagi kabi aloqadorlik asosidagi munosabat yoʻq. Yaʼni “singan nay” faqat shu kontekst doirasidagina shartli ravishda oʻsha mazmunni ifodalaydi. Xuddi shu gap Choʻlponning “Qalandar ishqi” sheʼridagi “yor”, “muhabbat”, “dengiz”, “yulduz”, “quyosh” R.lariga ham taalluqli. Zero, ular ham oʻzlari ifodalayotgan ramziy maʼno bilan oʻxshashlik yoki aloqadorlik munosabatida emas, faqat shartli ravishdagina (shartdan, kontekstdan boxabar kishilarga) ramziy maʼnoni ifodalaydilar. Shartdan, kontekstdan bexabar oʻquvchi uchun esa sheʼrning faqat bevosita mazmuni, yuzadagi mazmunigina mavjuddir.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish