← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Realiya

Realiya (lot. realis – ashyoviy) – muayyan xalqning turmush tarzi, madaniyati, tarixi bilan bogʻliq betakror, oʻzga xalqlarda uchramaydigan narsa-hodisa, tushuncha; shunday narsa va tushunchalarni anglatuvchi soʻz. Adabiy asarda muayyan davr, joy koloritini berishda, milliy turmush tarzi, milliy ruhni ifodalashda R.lar muhim ahamiyatga ega boʻlib, ularni tarjimada adekvat ifodalash katta qiyinchilik tugʻdiradi. Shuning uchun ham tarjima amaliyotida R.lar, koʻpincha, aynan berilib, izoh bilan taʼminlanadi. Muayyan xalq turmushida ishlatiluvchi narsa-buyumlar (mas., kanoe, tamogavk, mokasin va sh.k. – hindularda; isiriq, obrez, taxmon va sh.k. – oʻzbeklarda), hududiy-maʼmuriy boʻlinish nomlari (abbatlik, guberniya; ulus, tuman, muzofot), diniy unvon va darajalar (abbat, pop, yepiskop; shayxulislom, muftiy, qozi), mansab nomlari (graf, baron, dyak; bek, amir, tunqotor, xudaychi, hokim), shuningdek, geografik yoki madaniy-etnografik tushunchalarni anglatuvchi soʻzlar ham R.lar sirasiga kiritiladi.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish