← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Realizm

Realizm (lot. realis – mavjud, haqiqiy) – adabiyotshunoslikda R. termini tor va keng maʼnolarda qoʻllanadi. Keng maʼnoda R. terminining maʼnosi badiiy asar (unda tasvirlangan badiiy voqelik) bilan real voqelik munosabatidan kelib chiqadi. Yaʼni bu holda R. umumestetik tushuncha boʻlib, hayotni haqiqatga (reallikka) muvofiq tasvirlashni, hayot haqiqatini bildiradi. Har qanday badiiy asarda voqelik u yoki bu tarzda aks etishi, voqelikni hayotga monand tarzda aks ettirish esa qadimdan mavjudligi eʼtiborga olinsa, bu maʼnodagi R.ning ildizlari juda qadim zamonlarga taqalishi tabiiydir. Shu bois ham adabiyotshunoslikda antik R. (yoki mifologik R.), uygʻonish davri R.i, maʼrifatchilik R.i kabi atamalar ishlatiladi, tabiiyki, bu maʼnodagi R. klassitsizm, sentimentalizm kabi yoʻnalishlarga ham xosdir. Demak, bu maʼnoda R. termini hayotni badiiy aks ettirish prinsiplari, badiiy tafakkur tipini anglatadi.

Tor maʼnoda R. hayotni haqiqatda mavjud narsa-hodisalar mohiyatiga muvofiq tarzda, voqelikda mavjud faktlarini tipiklashtirish (q.) asosida yaratilgan badiiy obrazlar orqali aks ettirishga asoslanuvchi ijodiy metod va ongli ravishda shu metodga tayangan adabiy yoʻnalishni bildiradi. Ushbu metod (yoʻnalish)ning maydonga chiqishi XIX asrning oʻrtalariga toʻgʻri keladi. R. metodida adabiyotning bilish funksiyasi ustuvor ahamiyat kasb etadi, realist ijodkorlar adabiyotni olam va odamni (jumladan, oʻzini) idrok etishning muhim va samarali vositasi deb biladilar. Shunga koʻra, R. hayotni butun murakkabligi bilan keng koʻlamda aks ettirishga intiladi. Bilish maqsadining ustuvorligi bois R. insonni ijtimoiy muhit bilan uzviy aloqada tasvirlaydi, ijtimoiy-tarixiy sharoitning inson taqdiri va feʼl-atvoriga taʼsirini teran badiiy tadqiq etadi. Zero, realist sanʼatkor inson taqdiri, uning amallari, orzu-intilishlari ijtimoiy asosga ega deb biladi, bularning barini ijtimoiy-psixologik jihatdan asoslashga intiladi. Ayni chogʻda, yetuk R. adabiyotida inson ijtimoiy sharoitga bogʻlabgina qoʻyilmaydi, inson oʻz iroda kuchi bilan undan yuqori koʻtarila oladigan, unga qarshi tura biladigan kuch sifatida ham koʻrsatiladi. Xuddi shu jihati bilan R. naturalizmdan farqlanadi, hayotni unga qaraganda teranroq va haqqoniyroq aks ettira oladi. Insonni murakkab ijtimoiy munosabatlar tizimida tasvirlarkan, R. hayotni keng koʻlamda tasvirlashga erishadi, jamiyatning joriy holati, undagi taraqqiyot yoki tanazzul tendensiyalarini badiiy idrok etadi, u haqda oʻzining badiiy hukmini ifodalab, adabiyotning konseptual funksiyasini amalga oshiradi. Ayni chogʻda, R.ni hayotdan oddiygina nusxa koʻchirish (q. naturalizm) deb tushunmaslik kerak. Zero, ijodiy metod sifatida R. ham voqelikni ijodiy aks ettiradi, ijodiy qayta yaratadi. R. adabiyotidagi ijodiy qayta yaratish tipiklashtirish, yaʼni voqelikning muayyan davr va muhit uchun eng xarakterli jihatlarini umumlashtirish orqali amalga oshadi. Biroq bu hol ijodiylikka zid deb tushunilmasligi kerak, zero, R.dagi tipiklashtirish badiiy toʻqimani aslo inkor qilmaydi, faqat uning ham voqelik mohiyatiga muvofiq boʻlishini taqozo etadi. Shu bilan birga, R. taraqqiyoti davomida, xususan, XX asr R.ida badiiy shartlilik (ramziy obrazlar, rivoyatlar, fantastika elementlari va sh.k.)ning turli koʻrinishlari ham keng qoʻllanila boshladi. Mazkur holga realistik tasvir prinsiplaridan chekinish deb qaramaslik kerak. Aksincha, bu R. adabiyotining hayotni teranroq idrok etish, oʻz badiiy imkoniyatlarini boyitish yoʻlidagi harakati, uning adabiy jarayondagi badiiy-estetik hodisalar (turli adabiy yoʻnalishlar, oqimlar; yangi uslubiy oqimlar, tasvir prinsiplari va b.) bilan ijodiy raqobat-muloqoti natijasidir.

XIX asr oʻrtalaridan maydonga chiqqan R. metod (yoʻnalish)i shoʻro adabiyotshunosligida tanqidiy R. deb, shoʻro adabiyotining metodi esa sotsialistik R. deb yuritilgan. Har ikki terminning ilmiy muomalaga kirishi ham M. Gorkiy nomi bilan bogʻliqdir. Bulardan birinchisini tanqidiy R. deb atarkan, M.Gorkiy bu davr realistik adabiyoti namunalarining aksariyati mavjud burjua tuzumidagi ijtimoiy munosabatlarni teran tahlil etishi va uning insoniylikka zid mohiyatini ochib berishi hamda gʻoyaviy-badiiy inkor qilishidan kelib chiqadi. Ikkinchisi, yaʼni sotsialistik R. ham xuddi shu kabi gʻoyaviy-mafkuraviy asosda taʼriflangan, u voqelikni markscha-lenincha dunyoqarash asosida baholashi bilangina farqlanadi. Holbuki, birinchidan, ijodiy metod sifatida R. mohiyatan bitta hodisa boʻlib, uning doirasida turlicha dunyoqarashlar ifoda etilishi mumkin; ikkinchidan, u oʻz taraqqiyoti davomida sifat jihatidan oʻzgarib-takomillashib, oʻzining tasvir va ifoda imkoniyatlarini muttasil boyitib borgan.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish