Refren (fr. refrain – naqorat) – 1) naqorat, qoʻshiqning har bir bandidan soʻng aynan qaytariladigan band, yarim band yoki misra. R. yozma adabiyotga folklordan oʻtgan boʻlib, u xalq qoʻshiqlarida keng qoʻllangan; 2) sheʼrdagi har bir band oxirida takrorlanib keluvchi misra. Bu maʼnoda R. mumtoz sheʼriyatimizdagi tarjeʼ sanʼatiga toʻgʻri keladi. Gʻarb sheʼriyatida R. asosiga qurilgan rondo, rondel, triolet, ballada kabi, oʻzbek mumtoz sheʼriyatida esa tarjeʼband kabi qatʼiy sheʼr shakllari mavjud.
Рефрен (фр. refrain – нақорат) – 1) нақорат, қўшиқнинг ҳар бир бандидан сўнг айнан қайтариладиган банд, ярим банд ёки мисра. Р. ёзма адабиётга фольклордан ўтган бўлиб, у халқ қўшиқларида кенг қўлланган; 2) шеърдаги ҳар бир банд охирида такрорланиб келувчи мисра. Бу маънода Р. мумтоз шеъриятимиздаги таржеъ санъатига тўғри келади. Ғарб шеъриятида Р. асосига қурилган рондо, рондель, триолет, баллада каби, ўзбек мумтоз шеъриятида эса таржеъбанд каби қатъий шеър шакллари мавжуд.
Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.