← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Remarka

Remarka (fr. remarque – izoh) – dramatik asarlarda muallif tomonidan sahna voqesining boshlanishi oldidan beriluvchi yoki uning kechishi davomida qavs ichida berib boriluvchi izohlar. R. parda yoki koʻrinish oldidan berilgan hollarda voqea kechayotgan joy, vaqt, ishtirok etuvchilar va sh.k.lar haqidagi zarur maʼlumotlardan iborat boʻladi. Voqea davomida berilayotgan R.lar esa nutq jarayoniga (ovoz toni, ohangi, tempi, pauzalar; personajning tana holati, yuz-koʻz ifodasi, imo-ishoralari, qiliqlari) yoki sahnadagi harakatga (personajlarning sahna boʻylab harakatlari, yangi personajning sahnaga chiqib kelishi yo ketishi va b.) oid tafsilotlarni oʻz ichiga oladi. R.lar dramatik asarni sahnalashtirishda va, ayniqsa, uni oʻqish jarayonida voqealarni tasavvurda jonlantirishda juda muhim. Chunki R.lar muallifning oʻzi asar voqealarini qanday “koʻrgani”, personajlarning gap-soʻzlarini qanday “eshitgani”ni ifoda etadi.

Anʼanaga koʻra, R. termini dramatik asarlarga nisbatan qoʻllanib kelingan boʻlsa, epik asarlarda dialogning (sahnaviylik xususiyatiga egalikning) keng oʻrin olib borishi barobaridadadada termin epik asarlarga nisbatan ham qoʻllanila boshladi. Hozirda epik asarlardagi dialoglar davomida muallif tomonidan berib boriluvchi (ovoz toni, ohang, temp, pauzalar; mimika, imo-ishoralar, personajning harakati va sh.k.larga oid) izohlar ham, koʻpincha, R. deb yuritilmoqda.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish