← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Reminissensiya

Reminissensiya (lot. reminiscentia – xotirlash, eslash) – 1) adabiy hodisalarning dialogik munosabatda boʻlishi natijasi oʻlaroq yuzaga keluvchi hodisa, adabiy asardagi ilgari mavjud boʻlgan asarlarni yodga soluvchi nuqtalar. Bunday R.lar anglangan yoki anglanmagan (asarda ijodkor xotirasida muhrlanib qolgan oʻzga asardagi nuqtalarning gʻayriixtiyoriy tarzda aks etishi) ravishda voqe boʻladi; ular ochiq-oshkor emas, shu bois ilgʻab olinishi ham birmuncha qiyin va shu jihati bilan oʻzlashtirish va taqliddan farqlanadi. Mas., Sh.Rahmonning sheʼrida Torobiy tilidan aytilgan quyidagi soʻzlar Choʻlpon sheʼrlarini yodga soladi:

Jonim-jigarimsan

sen-da odamsan,

loaqal koʻzingda bir yosh koʻrsaydim,

loaqal qovushib qolgan qoʻlingda

yovlarga atalgan bir tosh koʻrsaydim.

Hozirgi kitobxon uchun parchadagi R.lar aniq koʻrinar, lekin sheʼr yozilgan 1983 yilda koʻpchilik uchun oʻxshashlikni ilgʻab olish qiyin boʻlgani ham aniq. Yoki shoirning “Men sevgan daryolar shundoq qolurmu, meni oʻylatgan yoʻl qolurmi shundoq? Men suyangan togʻlar shundoq qolurmi, shundoq qolarmikan yuraklarda dogʻ?” satrlari jadid sheʼriyatidagi ohanglarni yodga soladi. Shunga oʻxshash, H.Olimjonning “Muqanna”sida Muqanna tilidan aytilgan quyidagi gaplar ham Choʻlponning “Buzilgan oʻlka”ga sheʼridagi ohanglarni eslatadi:

Nima uchun yurt chiqmaydi olovdan?

Nima uchun el qutulmas talovdan?

Nima uchun elni bosgan hasharot?

Din, hiroj deb oʻz-oʻziga qoʻydi ot?

Nega qildi elni buncha gadoy, xor?

Nega boʻldi hamma senga otboqar?

Qiz onadan, xotin erdan ajraldi,

Kosib uydan, dehqon yerdan ajraldi?

Nima uchun?

Keyingi misollardagi R.lar ritmik xotira tufayli vujudga kelgan boʻlib, R.ning bu turi deyarli barcha shoirlar ijodida koʻplab kuzatiladi; 2) adabiy asardagi oʻzidan ilgarigi adabiy hodisalarni eslatuvchi, ongli ravishda yoki anglanmagan tarzda yuzaga kelgan nuqtalarning bari, adabiyotdagi adabiyot obrazi. Mazkur maʼnoda terminning qamrov koʻlami kengayadi va u, tabiiyki, birinchi maʼnoni ham oʻz ichiga oladi. Bunda asardagi (qoʻshtirnoqda yoki qoʻshtirnoqsiz berilgan) sitatalar, sheʼriy misralar (jumladan, nazira, taxmis), obrazlar (mas., talmeh sanʼati), gʻoyaviy-tematik va emotsional motivlar (mas., A.S.Pushkinning “Kuz” – A.Oripovning “Kuz xayollari” sheʼrlari) bilan birga, boshqa ijodkorlarning asarlarini eslatish (mas., A.Qodiriy romanlarida Fuzuliy va Saʼdiy; Choʻlpon romanida M.Arsibashev, L.Andreyev asarlari tilga olinadi), ular haqida bildirilgan mulohazalar ham R.lar hissoblanadi. Shuningdek, bu maʼnoda adabiy asarda boshqa sanʼat turlariga mansub asarlarning eslatilishi, muhokama etilishi yoki sharhlanishi (mas., A.Oripovning “Munojotni tinglab”, U.Azimning “Teatr” turkumi, X.Davronning “Gulliver liliputlar diyorida” sheʼrlari) ham R.larga kiritiladi.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish