← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Simvolizm

Simvolizm (yun. simbolon, fr. simbolisme – belgi, nishon) – Yevropada XIX asr oxiri – XX asr boshlarida kuzatilgan madaniy-maʼnaviy inqiroz sharoitida, pozitivistik yondashuv (q. naturalizm) va tobora urchib borayotgan omma adabiyoti (belletristika) namunalari obroʻsizlantirgan realistik tasvir prinsiplariga qarshi oʻlaroq, vujudga kelgan adabiy oqim. S.ning adabiy-estetik asoslari XIX asrning 60 – 70-yillarida P.Verlen, A.Rembo, S.Mallarme kabi fransuz shoirlari ijodi bilan qoʻyilgan. Mutaxassislar S.ga romantizm vorisi sifatida qaraydilar, shu bois ham uning falsafiy asoslarini A.Shopengauer, E.Gartman va, qisman, F.Nitsshe taʼlimotida koʻradilar. Simvolistlar konkret-hissiy idrok doirasidan tashqarida turuvchi gʻoyalar, “oʻzi-oʻzidagi narsa”larni badiiy aks ettirishga intiladilar. Ularga koʻra, simvol kundalik maishat domidan qutulish va dunyoning ideal mohiyatini anglash uchun obrazdan koʻra samaraliroq vositadir. Ular shoir qalban mutlaq haqiqatga yaqin turadi, shu bois u olamni simvollar orqali intuitiv tarzda idrok eta oladi, deb hisoblaydilar. Umuman olganda, S. namoyandalari dunyoqarash nuqtai nazaridan Aflotunizm taʼlimoti, panteizm falsafasi, olamni ramzli idrok etishga qaratilgan xristian diniy-mistik taʼlimotlar (mas., Psevdo Dionisiy, Avgustin va b.) bilan ham bogʻlanadi. Rus S.ining falsafiy-estetik qarashlari (ular V.Solovyov taʼlimotiga asoslanadi) ham koʻp jihatdan gʻarblik hammaslaklari qarashlariga mos, biroq ular rus mentaliteti va mamlakat ijtimoiy-tarixiy sharoiti bilan bogʻliq oʻziga xos jihatlarga ham ega. Jumladan, rus S.ining yetakchilaridan biri D.Merejkovskiy uni yuzaga keltirgan asosiy omilni jamiyatda “eng ashaddiy moddiyunchilik bilan ruhning eng ehtirosli ideal intilishlari” toʻqnash yashagan davr sharoitida koʻradi. Yaʼni bu oʻrinda ashaddiy moddiyunchilar realistlar boʻlsa, ruhning ideal intilishlari S.ga xosdir. Ularga koʻra, realistlar hayotning oddiy kuzatuvchilari, S.lar esa hamisha mutafakkirdir (K.Balmont). Simvolistlarning reallikdan bezgani, olamni intuitiv tarzdagina idrok qilish mumkin deb bilganlari ularni romantizmning bevosita vorislari deyishga asos beradi. Ular uchun dunyo qorongʻu bir zindon, undan chiqadigan birgina tuynuk borki, u ham boʻlsa ijod onlaridagi ekstaz holatidir, ayni shu onlarda sanʼatkor olamning mohiyatiga kira biladi. Sanʼatning vazifasi esa shu onlarni manguga muhrlashdan iboratdir. Yaʼni sanʼat boshqa sohalarda vahiy deb ataluvchi narsaning oʻzginasidir. Shunga koʻra, ijodkor oʻz qalbining qorongʻu puchmoqlarini oʻzi uchun oydinlashtirishga kirishgan palladagina sanʼat boshlanadi (V.Bryusov). S. vakillari uchun simvol – mangulikka ochilgan daricha. Ayni chogʻda, simvollar voqelik qaʼridan tabiiy ravishda va beixtiyor oqib chiqishi lozim, mabodo ijodkor biron bir gʻoyani ifodalash uchun ularni oʻylab topsa, uning oʻlik allegoriyadan farqi qolmaydi. Yaʼni konkret mazmunga bogʻlangan allegoriyadan farqli oʻlaroq, simvol doimiy harakatda – u turfa mazmun qirralarini ochib boraveradi; simvol vositasida ifodalangan fikr sirli miltirab, hamisha oʻziga jalb etib turadi, u inson qalbiga soʻz bilan aytgandan koʻra kuchliroq taʼsir qiladi. Maydonga kelgan davr ijtimoiy hayotidagi boʻhronlar, maʼnaviy tanazzul bilan bogʻliq holda, S.da ham dekadans kayfiyati sezilarli, shunga qaramay, uning eng iqtidorli vakillari ijodi umumbashariy va mangu muammolarning badiiy idrokiga qaratilgan boʻlib, badiiy tafakkur rivojiga munosib hissa boʻlib qoʻshilgan.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish