← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Sinekdoxa

Sinekdoxa (yun. synekdoche – nisbat berish) – koʻchim turi, butun-qism aloqasi asosidagi maʼno koʻchishi, metonimiyaning bir koʻrinishi. S.da ham maʼno aloqadorlik asosida koʻchadi, shu sababli unga metonimiyaning bir turi (uning miqdoriy koʻrinishi) sifatida qaraladi. Mas., X.Davronning “Kulol muhabbati” sheʼridagi ilk band:

Sahardan to oqshomga qadar,

Koʻkda porlab yonmaguncha oy,

Ertak soʻylar sarxush barmoqlar,

Ertak tinglar qizil rangli loy...

Bunda “ertak soʻylar” deganda, kulol oʻz ishiga butun mehri, qalb qoʻri bilan berilgan ijodning sehrli onlari nazarda tutiladi. Ertak soʻylayotgan “barmoqlar” – qism, u butunni – kulolni anglatadi. Metafora bilan S.ning birligi ifodaning goʻzal va taʼsirli boʻlishini taʼminlaydi: goʻyo yirik planli kino kadri kabi sehrli barmoqlar taftidan iyib, goʻzal bir shaklga kirayotgan charxdagi loyni sheʼrxon koʻz oldiga keltiradi. Yoki M.Yusufning:

Faqat shu yer yaqin yurakka,

Faqat shunda quvonar koʻzlar, –

misralarida “koʻz” odam maʼnosida ishlatilgani ham S.ga misoldir. Yakka narsa nomini atash bilan umumni nazarda tutishlik ham S. sanaladi. Sh.Rahmon bir sheʼrida: “Qadimda mevalar yetilgan paytda savob deb yashagan komil ajdodim musofir chanqogʻin bossin deb atay buzib qoʻyar ekan bogʻlar devorin”, – deb yozarkan, “qadim ajdodim” birikmasi ostida ajdodlarni, butun xalqni nazarda tutadi. Shunga oʻxshash, “Oʻzbekning qorakoʻz bolalariga bitta dunyo qolsin hayratlik”, deganida ham oʻzbek xalqi nazarda tutilgan. Badiiy asarlarda atoqli otlarning turdosh ot maʼnosida qoʻllanishi ham S.ning bir koʻrinishi sanaladi. Chunki, mas., shoir “faqat Jumavoyi boʻlgani uchun havaslaring kelar robinzonlarga” deganida, mashhur romanga ishora qilgani holda, Robinzonga oʻxshash hayot kechiruvchi kishilarni – koʻpchilikni nazarda tutadi.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish