← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Sitata

Sitata (lot. cito – chaqiraman, keltiraman) – asarda birovga tegishli asar (matn)dan olingan soʻzma-soʻz koʻchirma keltirish. Matn ichida S.lar, odatda, qoʻshtirnoqqa olinadi, epigraf sifatida keltirilganida esa grafik jihatdan (sahifaning oʻng tomonida joylashadi, asosiy matnga qaraganda kichik oʻlchamli harflar bilan yoziladi) ajratiladi va ostida manbasi koʻrsatib qoʻyiladi. Mumtoz sharq sheʼriyatidagi naziralar, tatabbularda S.lar (oʻzga shoir misrasi yoki bayti) yozuvda ajratilgan emas. Muayyan maʼnoda taxmis ham S. asosiga quriluvchi asar sanalishi mumkin. Taxmis sarlavhasida muxammas kimning gʻazaliga bogʻlangani koʻrsatiladi, maqtaʼsida esa gʻazal muallifi bilan taxmis bogʻlovchining taxallusi keltiriladi, shular asosida S.larni farqlab olish mumkin boʻladi. Hozirgi oʻzbek sheʼriyatida oʻzga shoirdan olingan parchani (koʻproq misra, baʼzan bir necha misra) qoʻshtirnoqsiz keltirib, sahifa osti izohida muallifini koʻrsatib qoʻyish usuli ham keng ommalashdi. Adabiyotshunoslikda S. termini baʼzan keng maʼnoda ham qoʻllanib, bunda asar matnidagi oʻzga matndan (qay tarzda kiritilganidan qatʼi nazar) kirib qolgan har qanday unsur tushuniladi, faqat oʻzga matn qay darajada aniqlikda kiritilishidan qatʼi nazar, oʻquvchi uni tanib oladigan boʻlishi shart. Mazkur maʼnodagi S. allyuziya va reminissensiyalarni ham qamrab oladi.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish