← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Situatsiya

Situatsiya (fr. situation – holat, shart-sharoit) – syujetshunoslik kategoriyalaridan biri, voqeaband syujetning muhim unsuri. S. deganda syujetning ikki muhim voqeasi orasidagi shunday holat nazarda tutiladiki, unda ishtirok etuvchi personajlar va ular orasidagi oʻzaro munosabatlar muayyan darajada turgʻunlik kasb etadi. Biroq sirtdan turgʻun koʻringan holat oʻz ichki ziddiyatlariga ega: turli personajlar mavjud holatni u yoki bu tarzda oʻzgartirishni istaydi. Ichki ziddiyatlar holatni keskinlashtiradi va bu keskinlashuv S.ni kolliziyaga (q. kolliziya) aylantiradiki, endi sifat jihatidan boshqa S.ga oʻtiladi. Shu maʼnoda, syujet rivojini bir S.dan ikkinchisiga oʻtish, shunday almashishlar yigʻindisi sifatida taʼriflash mumkin. Mas., Choʻlponning “Kecha” romanidagi Zebi syujet chizigʻining ilk S.i: soʻfining xonadonida tutqun maqomida yashayotgan, endi koʻngli kengliklarga talpinayotgan Zebi (bu holat roman vaqtiga qadar shakllangan, uning ishtirokchilari Zebi, Razzoq soʻfi va Qurvonbibi). S.da mavjud ichki ziddiyat Saltining kelishi va dugonasini qishloq safariga taklif etishi bilan ochiqroq namoyon boʻladi. Razzoq soʻfining kirib kelishi bilan kolliziyaga aylanadi va safarga ruxsat berilishi bilan sifat jihatidan yangi S.ga almashadi. Umuman, Zebi syujet liniyasi yana safar – toʻy arafasi – mingboshiga taslim boʻlish – kundoshlar orasidagi turmush – sud kabi S.larni oʻz ichiga oladi. Ushbu S.larning har birida ishtirok etuvchi personajlarning oʻzaro munosabatlari maʼlum darajadagi turgʻunlikdan kolliziyaga va soʻng sifat jihatidan yangi S.ga aylanishini kuzatish mumkin. S.ning syujetda namoyon boʻlishi asar janri, turga mansubligiga qarab turlicha boʻladi. Jumladan, dramatik asar syujetida S. va uning almashinishi yaqqol koʻzga tashlanishi muhim xususiyat, hikoyalarda esa S. va uning oʻzgarishi bir voqeaning ichki epizodlari darajasida namoyon boʻladi.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish