← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Sonet

Sonet (ital. sonetto, provanscha sonet – qoʻshiq soʻzidan) – qatʼiy sheʼr shakllaridan biri, shakl xususiyatlariga koʻra tasnif etiluvchi lirik janr. S. oʻn toʻrt misradan tarkib topib, ikkita katren va ikkita tersetni oʻz ichiga oladi. S.ning kanonik shakli ikki koʻrinishda boʻlib, “italyancha” variantida katrenlari abab abab, tersetlari esa cdc dcd (yoki cde cde); “fransuzcha” variantida katrenlari abba abba, tersetlari ccd eed (yoki ccd ede) tarzida qofiyalanadi. Sheʼriyat tarixida S.ning kanonik talablardan chekinish hollari ham uchraydi. Jumladan, “ingliz” S.ida uchta katren va bitta distixdan tashkil topib, katrenlari abab cdcd efef tarzidagi kesishgan, distix esa gg tarzida juft qofiyalanadi. Shuningdek, S.ga bundan boshqa ham turli oʻzgarishlar (qofiyalanishiga: boshdan oxirigacha juft va toq misralari ababab... tarzidagi sxema; kompozitsiyasiga: avval ikki terset, keyin ikki katren; oʻlchoviga: katrenlardagi toʻrtinchi misra boshqa oʻlchovda va b.) kiritib, turfa variantlari tajriba qilib koʻrilgan. Biroq S.ning kanonik shakllari baribir oʻz mavqeini daxlsiz saqlab qolgan, hozirda ham S. deganda shular nazarda tutiladi.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish