← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Sotsialistik realizm

Sotsialistik realizm – XX asr boshlarida Rossiya va Yevropaning boshqa mamlakatlari adabiyotida yuzaga kelgan adabiy yoʻnalish; shoʻrolar hukumati tomonidan rasman qoʻllab-quvvatlangan va sobiq Ittifoq hamda jahonning boshqa sotsialistik mamlakatlari adabiyotida yetakchilik qilgan ijodiy metod. Falsafadagi tushunchalarni adabiyotga “dialektik-materialistik ijodiy metod” tarzida toʻgʻridan-toʻgʻri koʻchirishga qarshi oʻlaroq, S.r. termini shoʻro matbuotida ilk bor 1932 yilda ishlatilgan. Keyinroq, sobiq Ittifoq yozuvchilarining birinchi syezdi (1934) M.Gorkiy tomonidan inqilobiy gumanistik gʻoyalarni amalga tatbiq etishga qaratilgan ijodiy dastur sifatida taʼriflangan S.r.ni shoʻro adabiyotining asosiy metodi deya eʼtirof etgan. Toʻgʻri, XX asr boʻsagʻasiga kelib Yevropaning qator mamlakatlari, ayniqsa, Rossiyadagi inqilobiy harakatlar sabab jiddiy oʻzgargan ijtimoiy-tarixiy sharoitda adabiyotning dunyoni idrok qilishida ham jiddiy oʻzgarishlar sodir boʻldi: realizmni inkor qilish bilan bir qatorda, uni sifat jihatidan yangilashga, yangilangan ijtimoiy voqelikni yangicha aks ettirishga intilish ham mavjud edi. Xuddi shu sharoitda yaratilgan M.Gorkiyning “Ona” romani, “Dushmanlar” pyesasi S.r. adabiyotining ilk namunalari sifatida koʻrsatiladi. Ijodiy prinsiplari nuqtai nazaridan qaralsa, bu asarlar mohiyat eʼtibori bilan realistik adabiyot namunasi edi, lekin ularda hayot materialini tanlash, tasvirlash va baholash prinsiplari yangilangandi. Yaʼni bu adabiyot, avvalo, gʻoyaviy nuqtai nazardan farqlandi. Shu jihatdan S.r.ni XX asr boshlarida vujudga kelgan va sobiq Ittifoq, shuningdek, jahonning qator sotsialistik mamlakatlari adabiyotida 70-yillarga qadar yetakchilik qilgan adabiy yoʻnalish deb hisoblash mumkin. Mazkur yoʻnalishning tabiiy va qonuniy ravishda, ijtimoiy-tarixiy sharoitdagi oʻzgarishlar bilan bogʻliq holda yuzaga kelgani va adabiy jarayonda boshqa yoʻnalish va oqimlar qatori mavjud boʻlgani shubhasiz. Biroq adabiyot sohasida oʻz gegemonligi, yakkahokimligini oʻrnatishga bel bogʻlagan shoʻro siyosati uni muayyan adabiy-estetik kanonga aylantirish va barcha ijodkorlarni shu asosda birlashtirgan holda, oʻz mafkurasiga xizmat qildirishga intildi. S.r.ning qator talablari ishlab chiqildi. Jumladan, voqelikni inqilobiy rivojlanishda tasvirlash, asarning inqilobiy faol gumanizm bilan yoʻgʻrilgan boʻlishi, uning markazida kommunistik gʻoyalar gʻalabasiga ishongan va shu yoʻlda tolmay kurashayotgan ijobiy qahramonning turishi, davr ziddiyatlarini marksistik sinfiylik nuqtai nazaridan tushunish hamda baholash va sh.k. Mazkur talablar tub mohiyati bilan gʻoyaviy asosda boʻlib, ular voqelikni bir gʻoyaviy qolipda koʻrishni taqozo etishi bilan, tabiiyki, ijodiy individuallikka raxna soladi. Ikkinchi tomondan, ular 30-yillarning oʻrtalarida, marksizm-leninizm asoschilarining qariyb 50 – 100 yillar avvalgi sharoitda aytgan fikrlariga tayangan holda ishlab chiqilgan. Holbuki, oʻtgan davrlar mobaynida hayot XX asr shiddatiga mos muttasil oʻzgarishda boʻlgan. Albatta, bu ziddiyatli holatda S.r. nazariyasining ijod amaliyotidan orqada qolishi, uning dogmaga aylanishi tabiiy edi. Natijada nazariya bir tomon, adabiy jarayon bir tomonligicha qoldi. Hozirda sovet davri adabiyoti bilan sotsialistik realizm adabiyoti bitta narsa emasligi keng eʼtirof etiladi. Zero, chinakam sanʼatkorlar mafkura zugʻumi ostida ham dunyoni oʻzicha koʻrish, tasvirlash va baholashga intildilar. Aksincha, shu qoliplar asosida, shoʻro adibi oldiga qoʻyilgan talablarga ogʻishmay amal qilib yozilgan asarlarning aksariyati gʻoyaviy sxematizm qurboni boʻldi, metod zugʻumi sabab ijodiy imkoniyatlar roʻyobga chiqmadi. Oʻtgan asrning 60 – 70-yillaridan boshlab metodning dogmaga aylanib borayotgani ochiq koʻzga tashlana boshladi. Xuddi shu sharoitda nazariyada S.r.ni ochiq sistema sifatida talqin etish, boshqacha aytsak, uni isloh qilishga intilish ham kuchaydi. Biroq bu harakat metodni inqirozdan saqlab qolishga ojiz edi, chunki yakkahokim mafkura sharoiti metodning asosi (yaʼni markscha-lenincha falsafa) daxlsiz qolishini taqozo etardi. Hozirgi adabiyotshunoslikda S.r. metodi va adabiyotiga salbiy munosabat, uni “soxta metod” deb atash ustuvorroq. Albatta, bunga muayyan asos ham yoʻq emas. Ayni chogʻda, S.r. adabiyot tarixining maʼlum bosqichida tabiiy ravishda vujudga kelganini ham eʼtirof etish zarur. Faqat shu hodisani mutlaqlashtirib, uni badiiy ijoddagi yagona va eng toʻgʻri yoʻl deb tushunilgani, muayyan davr adabiyotiga xos xususiyatlar asosida goʻyo universal qoidalar ishlab chiqilgani va ijodkorlarning ularga rioya qilishi lozimligi deyarli maʼmuriy tarzda belgilab qoʻyilgani uni muqarrar tanazzulga olib keldi.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish