← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Sotsiologik metod

Sotsiologik metod – badiiy adabiyotni, adabiy hodisa va faktlarni ijtimoiy hayot bilan uzviy aloqada oʻrganishga asoslanuvchi tadqiqot metodi. Adabiyot va sanʼatga ijtimoiy hodisa sifatida qarash qadimdan mavjud (mas., Aflotun. “Davlat”) boʻlsa-da, ularning ijtimoiy tabiatini ilmiy asosda oʻrganish XIX asr oʻrtalaridan boshlandi. Adabiyotga sotsiologik yondashuv tamoyillari ilk bor madaniy-tarixiy maktab faoliyatida koʻzga tashlanadi. Jumladan, shu maktabning yirik namoyandasi I.Ten adabiy asarda maʼlum bir tarixiy davrdagi “xalq ruhi” aks etadi deb biladi, bu ruh esa millatning ayni shu davrdagi tafakkur darajasi, turmush tarzi, urf-odatlari va sh.k.lar bilan chambarchas bogʻliq. Tenga koʻra, adabiy asar tabiati “irq” (millatga xos tugʻma sajiya), “muhit” (tabiat, iqlim, ijtimoiy sharoit) va “davr” (erishilgan madaniy daraja va anʼana) xususiyatlari bilan belgilanadi. Shuning uchun ham adabiy asarni alohida olib emas, balki shu omillarni hisobga olgan holda tahlil va talqin qilish zarurki, shunday yondashuvgina ilmiy jihatdan asosli xulosalar chiqarishga imkon beradi. Shundan boʻlsa kerak, XIX asr oʻrtalaridan boshlab adabiyotshunoslikda sotsiologik yondashuvning salmogʻi muttasil ortib bordi; sotsiologik yondashuv marksistik adabiyotshunoslikning, xususan, shoʻro adabiyotshunosligining ham asosini tashkil qildi. Darhaqiqat, S.m. adabiyotshunoslikning qator masalalarini oʻrganishda muhim oʻrin tutadi. Mas., badiiy voqelik bilan reallik munosabatlari, uning tarixan haqqoniylik darajasi, hayot haqiqati bilan badiiy haqiqat munosabati kabi masalalarni oʻrganishda S.m.gina qoʻl kelishi mumkin. Unga tayanib, asarning gʻoyaviy-mafkuraviy tomonlari, qahramonlarning xarakter xususiyatlari, asardagi konfliktlar tabiati, obrazlar tizimi va h. badiiy unsurlarning ijtimoiy ildizlarini ochish mumkin. Hayot haqiqatining badiiy haqiqatga aylanish jarayoni, xarakter va prototip, tarixiy shaxs obrazi va real tarixiy shaxs munosabati kabi ijod jarayoni bilan bogʻliq muammolarni oʻrganishda ham sotsiologik yondashuv asos vazifasini oʻtaydi. S.m.ning adabiyotshunoslikda muhim ahamiyatga molikligi shubhasiz, biroq uni mutlaqlashtirish yaramaydi. Aksincha, unga mavjud tadqiq metodlaridan biri sifatida qarash, muayyan masalani oʻrganish uchun zarur oʻrinlarda va boshqa metodlar bilan birlikda qoʻllash samaraliroq natija beradi. Zero, adabiyot faqat ijtimoiy omillargagina bogʻliq emas, adabiyotshunoslikning predmeti, uni qiziqtirgan masalalar gʻoyat serqirradir. Buni eʼtiborga olmaslik esa adabiyot uchun zararli oqibatlarga olib kelishi mumkinki, bunga yorqin misollarni shoʻro adabiyotshunosligidan istagancha topishimiz mumkin boʻladi. Mas., shoʻro adabiyotshunosligidagi vulgar sotsiologizm koʻrinishlari S.m. mavqeini mutlaqlashtirish natijasi edi. Badiiy asarlar, adabiy hodisalar tahlilida S.m. buzib qoʻllangan, ularni shu asosda baholagan tanqidiy maqolalar keyincha koʻplab ijodkorlarni qatagʻon qilish uchun dastakka aylandi, oʻquvchi ommani oʻsha ijodkorlarni “xalq dushmani”, asarlarini “zararli” deb tushunishga tayyorladi. Aytish kerakki, shoʻro davrida ayricha ahamiyat berilgan S.m. hozirda ancha eʼtibordan qolgan, koʻpincha unga salbiy munosabat kuzatiladi. Biroq bunga qoʻshilib boʻlmaydi, chunki gap metodda emas, hamma gap uning qanday va qay maqsadda qoʻllanishidadir. Demak, undan voz kechish toʻgʻri emas, zero, adabiyotshunoslikdagi talay masalalarni tadqiq etishda S.m.ning muhimligi inkor qilib boʻlmaydigan haqiqatdir.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish