← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Stilizatsiya

Stilizatsiya (yun. stylos – mumlangan taxtachaga yozish uchun ishlatilgan tayoqcha; uslub) – muayyan badiiy-estetik maqsadlarni koʻzlab, oʻzga bir ijodkor, davr, adabiy yoʻnalish va sh.k.larga xos uslubiy xususiyatlarni qayta tiklashga asoslangan usul. Manbalarda biron bir ijtimoiy guruhga mansub shaxs tilining oʻziga xos jihatlarini qayta yaratish ham S.ning bir koʻrinishi deb taʼriflanadi. Biroq buni personaj nutqini individuallashtirishdan farqlash lozim: S. haqida rivoya personaj-hikoyachi tilidan olib borilgan va oʻsha hikoyachi nutqiga xos uslub qayta tiklangan hollarda gapirish toʻgʻriroq boʻladi. Mas., Gʻ.Gʻulomning “Shum bola” qissasida rivoya personaj tilidan olib borilgan va unga xos uslubiy xususiyatlar qayta yaratilgan. Yoki X.Sultonovning “Koʻngil ozodadur” qissasida XIX asr adabiy tili, xususan, Gulxaniy uslubiga xos jihatlar qayta yaratiladi. Yozma adabiyotda folklorga xos uslubni qayta yaratish ham S.ning ancha keng tarqalgan koʻrinishidir. Bunga xalq yoʻlida yozilgan sheʼrlar (I.Mirzo. “Fargʻonacha”; E.Shukur. “Mengim momoning yoʻqlovi”), adabiy ertaklarni (Gʻ.Gʻulom. “Hasan Kayfiy”, “Afandi oʻlmaydigan boʻldi”) misol qilish mumkin. U.Azimning “Baxshiyona” turkumi, X.Davronning “Baxshi oʻgʻillari haqida rivoyat”, Faxriyorning “Baxshining sevgisi” asarlari xalq dostonlariga S. qilish asosida yaratilgan. Shuningdek, S. parodiyaning oʻzak xususiyati sanaladi, unda obyektga xos uslubiy xususiyatlar saqlangani holda, bu ish hajviy-kulgili tarzda amalga oshiriladi.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish