Stopa (yunon tilidan ruschaga kalka: oyoq, tovon) – antik sheʼr tizimidagi ritmik birlik, choʻziq va qisqa hijolarning muayyan tartibdagi guruhi, ularning takrorlanishi hisobiga maʼlum oʻlchovli ritm yuzaga keladi. Terminning paydo boʻlishi qadimda sheʼr ritmi oyoqni koʻtarib-tushirish orqali belgilab (doirada usul belgilangani kabi) borilgani bilan bogʻliq: qisqa hijoda oyoq (tovon) yerdan uzilib, choʻziq hijoda yerga urilgan. Termin rus sillabo-tonik sheʼriyati tomonidan oʻzlashtirilgan boʻlib, unda S. urgʻuli va urgʻusiz hijolarning muayyan tartibdagi guruhini bildiradi. Bu sheʼr tizimida beshta stopa (rukn) boʻlib, ular: xorey (–V), yamb (V –), daktil (– V V), anapest (V V–) va amfibraxiy (V – V) tarzida antik sheʼr tizimidan oʻzlashtirilgan terminlar bilan yuritilgan (urgʻusiz: V, urgʻuli: –). Mohiyatiga koʻra, S. aruz tizimidagi rukn (q.) bilan oʻxshashdir.
Стопа (юнон тилидан русчага калька: оёқ, товон) – антик шеър тизимидаги ритмик бирлик, чўзиқ ва қисқа ҳижоларнинг муайян тартибдаги гуруҳи, уларнинг такрорланиши ҳисобига маълум ўлчовли ритм юзага келади. Терминнинг пайдо бўлиши қадимда шеър ритми оёқни кўтариб-тушириш орқали белгилаб (доирада усул белгилангани каби) борилгани билан боғлиқ: қисқа ҳижода оёқ (товон) ердан узилиб, чўзиқ ҳижода ерга урилган. Термин рус силлабо-тоник шеърияти томонидан ўзлаштирилган бўлиб, унда С. урғули ва урғусиз ҳижоларнинг муайян тартибдаги гуруҳини билдиради. Бу шеър тизимида бешта стопа (рукн) бўлиб, улар: хорей (–V), ямб (V –), дактиль (– V V), анапест (V V–) ва амфибрахий (V – V) тарзида антик шеър тизимидан ўзлаштирилган терминлар билан юритилган (урғусиз: V, урғули: –). Моҳиятига кўра, С. аруз тизимидаги рукн (қ.) билан ўхшашдир.
Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.