← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Talmeh

Talmeh (ar. تلميح– chaqmoq chaqishi, koʻz qirini tashlash, nazar solmoq) – mumtoz adabiyotdagi sheʼriy sanʼat, sheʼrda mashhur tarixiy voqea, shaxslar, badiiy asarlarga ishora qilish. T. shoirni koʻzda tutilgan fikrni batafsil aytish, holatni batafsil tasvirlash zaruratidan xalos etib, koʻzlangan samaraga oʻsha fikr yoki holatga mos keladigan boshqa biror hayotiy yoki badiiy faktga ishora qilish bilanoq erishish imkonini beradi. Natijada oz soʻz bilan koʻp maʼno ifoda qilish (q. iyjoz) mumkin boʻladi, zero, T. qoʻllangan bayt mazmuni ishora qilinayotgan tarixiy voqea yoki badiiy asar mazmuni bilan boyiydi. T.dagi ishora tarixiy voqea yoki badiiy asar nomini keltirish, ular bilan bogʻliq biror lafzni tilga olish orqali ochiq yoki yashirin tarzda amalga oshirilishi mumkin. Shu jihatdan Mashrabning:

Shayx Sanʼondin boʻlub toʻrt yuz murid sohibkamol,

Koʻrdi tarsozodani, xoʻkbonu tarso qildi ishq, –

bayti bilan Nodiraning:

Zohido, ishqu muhabbat ahlini maʼzur tut,

Yor koʻyida na boʻldi shayx Sanʼon oqibat, –

baytini qiyoslash mumkin. Ikkala baytda ham mashhur “Shayx Sanʼon qissasi”ga ishora qilingan. Baytlardagi maʼnoni teran anglash uchun, avvalo, oʻquvchining qissa voqealaridan, Shayx Sanʼon taqdiridan xabardor boʻlishi talab etiladi. Keltirilgan baytlarning birinchisida ishora ikkinchi baytdagiga nisbatan batafsil ifodalangan: unda mazkur qissani yodga soluvchi “Shayx Sanʼon”, “toʻrt yuz murid”, “tarsozoda”, “xoʻkbonu tarso” kabi bir necha tushunchalar boʻlib, qissaga ishora ham, undan murod ham ochiq ifodalangan. Shunday boʻlsa ham, shoirning ishq qudrati va qudratli ishqqa mubtalo boʻlgan oshiq ahvoli haqidagi fikr-tasavvurlarini toʻla anglash uchun Shayx Sanʼon holatini yodga olish, qissa ruhini bayt ruhiga koʻchirish lozim boʻladi. Ikkinchi baytdagi ishora esa u qadar ochiq emas: shoir shayx Sanʼonga nima boʻlganini ochiq aytmaydi, “shayx Sanʼonning yor koʻyida nima boʻlganiga qara” deya eslatish bilan cheklanadi, birinchi baytdagi kabi qissa voqealarini eslatuvchi soʻzlarni ishlatmaydi, xullas, ishora va undan koʻzlangan muddao birmuncha yashirin qoladi. Shuning uchun ham A.Husayniy T.ni lugʻzga oʻxshatadi: “Bilgilkim, talmehning baʼzisi lugʻzga oʻxshar, ul jihatdinkim, andin maqsad zohiriy maʼoniy boʻlmay, imo yoʻli bila ado etilgan maʼno maqsad boʻlur”. Yaʼni T.da shoir asl maqsadini goʻyo ataylab yashirganday boʻladi va uni topish uchun xuddi topishmoqlardagi singari asl maqsadga yetaklovchi belgi-ishoralarni keltiradi, oʻquvchi esa shu belgilar bilan baytda aytilayotgan fikrlar oʻrtasidagi oʻxshashliklar asosida asl maqsadni anglab yetadi.

T.da ishora qilinayotgan tarixiy yoki badiiy faktning mashhur, yaʼni koʻpchilikka tanish boʻlishi koʻzda tutiladi, shu shartning bajarilishi T.ning tushunarli boʻlishi garovi hisoblanib, ishora qilinayotgan faktning mashhurlik darajasi nechogʻli yuqori boʻlsa, T. mohiyatini tushunuvchilar doirasi ham shuncha keng boʻladi va aksincha. Mas., E.Vohidovning:

Ming Samarqand, ming Buxoro hadya etgum hol uchun,

Lek nigorimda havas yoʻq mulku davlat, mol uchun, –

baytini oʻqiboq Hofiz Sheroziyning mashhur matlaʼsiga ishora qilinayotgani, shoir salafi bilan ijodiy musobaqaga kirishgani anglashiladi. Zero, bundagi oshiq muhabbati Hofiz talqinidagi oshiqnikidan kam emas – undan ming karra ortiq hadyaga tayyor; maʼshuqa esa mol-mulk havasidan forigʻ, yaʼni shu tomoni bilan u ham Hofiz talqinidagi maʼshuqadan baland turadi. Bu jihatdan qaralsa, badiiy asar yoki tarixiy voqeaga umumiy tarzda qilingan ishorani tushunuvchilar doirasi ulardagi konkret epizod, detallarga qilingan ishorani tushunuvchilar doirasiga qaraganda torayadi. Mas.: Mashrab va Nodira baytlaridagi kabi Navoiyning:

Koʻnglum oʻtidin ne tong gar topsa ruhsoring furugʻ,

Shoʻx tarso musxaf oʻrtar shayx Sanʼon oʻtigʻa, –

baytida ham “Shayx Sanʼon qissasi”ga ishora qilingan. Biroq avvalgi baytlarda ishora umuman asarga (yaʼni ishq qudrati shayxni dinidan-da kechtirganiga) qaratilgan boʻlsa, bunda qissadagi konkret epizod – tarso maʼshuqa shartiga binoan musxafning kuydirilishiga ishora qilinadi. Yaʼni bu baytdagi T. mohiyatini anglash uchun qissadan umuman xabardorlik kam, uni yaqindan bilish talab etiladi. Bundan tashqari, E.Vohidov baytida kuzatilgani kabi, T.da ishora qilinayotgan obyekt nomi atalmasdan, uning mazmuniga ishora qilingan hollarda ham tushunish qiyinlashadi. Mas., Mashrabning:

Rizo mulkidaman halqumni tutdim tigʻi Akbarga,

Bu yoʻlda siynai poki Zabehullogʻa sigʻmamdur, –

baytida Ibrohim alayhissalomning oʻgʻli Ismoilni qurbonlikka keltirishi bilan bogʻliq rivoyatga ishora qilinadi. Lekin baytda bu narsa oshkor aytilmaydi-da, shoir oʻz holatini rizolik bilan boʻgʻzini pichoqqa tutgan paygʻambarzodaga qiyosan ifoda etadi. Baytdagi T. mohiyatini anglash uchun oʻquvchidan, avvalo, ishora obyektini tanib olish, shundan keyingina lirik qahramon ruhiy holatini rivoyatga qiyosan tasavvur etish talab qilinadi. Xullas, sheʼrda tasvirlanayotgan holat, ifoda etilayotgan fikr bilan tarixiy yoki badiiy faktlar orasida mushtarak nuqtalar mavjudligi T. sanʼatining zamini boʻlib, u hamisha oʻxshatish asosida yuzaga keladi. Yaʼni T. matnning mazmun doirasini kengaytiradi, baytdagi va ishora qilingan faktlardagi fikr, holat, voqea va sh.k.ni analogiyalar asosida qiyoslash, muqobil qoʻyish, qarshilantirish orqali badiiyatni kuchaytiradi, adabiy asarlarning dialogik aloqasini taʼminlaydi va namoyon etadi.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish