← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Tamsil

Tamsil (ar. تمثيل– misol keltirish, dalillash) – mumtoz adabiyotdagi sheʼriy sanʼat, sheʼrda ifoda etilgan fikrni hayotiy misollar yordamida dalillash, tasdiqlash, izohlash. Mohiyatan, T. irsolu masal (q.) sanʼatiga oʻxshash, faqat undan farqli oʻlaroq, fikr tasdigʻi uchun misol hayotning oʻzidan olinadi. Yaʼni agar irsolu masalda fikr tasdigʻi uchun xalqning ming yilliklar davomidagi hayotiy tajribasini oʻzida mujassam etgan maqollarga tayanilsa, T.da, koʻproq, shaxsiy tajriba, hayotiy kuzatishlarga asoslaniladi. T. oʻxshatish asosida voqe boʻladi, chunki aytilayotgan fikr (yoki tasvirlanayotgan holat) va uning tasdigʻi (yoki illyustratsiyasi) uchun keltirilayotgan hayotiy misol mohiyatida oʻxshashlik bor. Biroq oʻxshatishdan farqli ravishda, T.da oʻxshatish vositalaridan foydalanilmaydi, fikr (yoki holat) parallel beriladi-da, ular orasidagi oʻxshashlik, bogʻliqlik, aloqadorlikni anglab olish oʻquvchining oʻziga havola etiladi. Mas., Alisher Navoiyning quyidagi mashhur qitʼasida fikrni dalillash uchun mohirona T. qilingan:

Nokasu nojins avlodin kishi boʻlsin debon,

Chekma mehnatkim, latif oʻlmas kasofat olami.

Kim, kuchuk birla xoʻtukka necha qilsang tarbiyat,

It boʻlur, dogʻi eshak, boʻlmaslar aslo odami.

Qitʼaning birinchi baytida shoir tarbiyada nasl hal qiluvchi ahamiyatga ega, shuning uchun “nokasu nojins”lar avlodini odam qilaman deb urinish befoyda, degan asosiy fikrini aytadi, soʻng uni asoslash uchun kuchuk bilan xoʻtikni qancha tarbiyalasang ham, odam boʻlib qolmaydi, tarzidagi hayotiy misolni keltiradi.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish