← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Tanka

Tanka (yaponcha “qisqa qoʻshiq”) – yapon sheʼriyatidagi koʻhna lirik janrlardan biri, turgʻun sheʼriy shakl. T. besh misradan tarkib topadi, uning birinchi va uchinchi misralari besh boʻgʻinli, qolgan uchta misrasi esa yetti boʻgʻinli oʻlchovga ega (5+7+5+7+7), misralarning qofiyalanishi talab qilinmaydi. Manbalarda bizgacha yetib kelgan eng qadimgi T.lar VIII asrda yozib olingan. Janrning gurkirab rivojlanishi X – XIII asrlarga toʻgʻri keladi, buning omillari sifatida yapon hukmdorlari saroylarida muntazam oʻtkazib turilgan mushoiralar, tankanavislar musobaqalari, T.lardan mamlakat miqyosida maxsus toʻplamlar tuzib borilgani koʻrsatiladi. Tematik jihatdan T.lar chegaralanmagan boʻlsa ham, anʼanaga koʻra ularda koʻproq sevgi-muhabbat, hijron, safar, yil fasllari kabi mavzular qalamga olingan. Keyincha shakl tomonlariga eʼtiborning kuchayishi janr taraqqiyotida turgʻunlikka sabab boʻldi. XIX asr oxiri – XX asr boshlarida ijtimoiy mavzularda yaratilgan T.lar janr taraqqiyotida yangi sahifa ochdi. T. janrining boshqa xalqlar sheʼriyatiga jadal kirib kela boshlashi ham shu davrga toʻgʻri keladi.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish