← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Tanqidiy realizm

Tanqidiy realizm – XIX asrning oʻrtalarida maydonga kelgan adabiy yoʻnalish, ijodiy metod (q. realizm). Termin ilk bor M.Gorkiy tomonidan qoʻllangan va shoʻro davri adabiyotshunosligida faol isteʼmolda boʻlgan. Darhaqiqat, XIX asr oʻrtalaridan adabiy jarayonda yetakchilik maqomini egallay boshlagan realistik adabiyotning koʻplab namunalarida mavjud tuzum teran badiiy tahlil etilib, uning insoniylikka zid mohiyati ochib beriladi (mas., O.Balzak, F.Dostoyevskiy, L.Tolstoy va b.). Yaʼni realist sanʼatkorlar oʻz ideallaridan kelib chiqib, koʻpincha, voqelikka tanqidiy munosabatda boʻladilar va uni gʻoyaviy-hissiy inkor qiladilar. Holbuki, birinchidan, davr adabiyotida voqelikni inkor emas, tasdiq etuvchi asarlar ham boʻlgan, demak, ushbu atama davr adabiyotidagi hodisani toʻliq qamray olmaydi; ikkinchidan, konkret badiiy asardagi gʻoyaviy-hissiy inkor kunning dolzarb ijtimoiy-siyosiy ehtiyojlari bilangina bogʻliq mazmun qatlami, xolos, unda boqiy umuminsoniy qadriyatlar va mangu muammolar talqinidan kelib chiquvchi umumbashariy mazmun qatlami ham bor, demak, butun boshli adabiy-badiiy hodisa mohiyatini inkor ruhi bilangina belgilash unchalik toʻgʻri boʻlmaydi. Hozirgi adabiyotshunoslikda T.r. termini anʼanaviy ravishda qoʻllanib turgan boʻlsa-da, uning faolligi sezilarli darajada pasaygan.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish