← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Tansiq us-sifot

Tansiq us-sifot (ar. الصفات تنسيق – sifatlar tizmasi, ketma-ket, izma-iz sifat keltirish) – mumtoz adabiyotdagi sheʼriy sanʼat, narsa-tushuncha yoki shaxs taʼrifida bir necha sifatlashlarni ketma-ket sanash. Izma-iz keltirilayotgan sifatlar yordamida shoir oʻsha tushuncha yoki shaxsni vasf etish, tasvirlash yoki salbiy jihatlarini eslatishni maqsad qilib qoʻyadi. Mas., Furqatning:

Uzoring bargi guldin nozigu, xushrang, xushboʻyroq,

Bu yangligʻ tozau tar gulki, yo rab, qay chamandandur, –

baytida sifatlarni ketma-ket sanashdan murod tavsiflanayotgan narsaning belgida ortiqligini taʼkidlab, mubolagʻali taʼrifu tavsifni yuzaga keltirishdir. T.s. sanʼati bir bayt doirasida ham, butun boshli sheʼr (ruboiy, gʻazal, qasida kabilar) doirasida ham yuzaga kelishi mumkin.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish