← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Taqlid

Taqlid (ar. تقليد – ergashtirish, oʻxshatish) – adabiyotda oʻzigacha mavjud boʻlgan asar xususiyatlarini qayta yaratish, ijod amaliyotida u yoki bu sanʼatkorga ergashish tarzida namoyon boʻluvchi hodisa. Adabiyotshunoslikda T. va taqlidchilikka nisbatan koʻproq salbiy munosabat kuzatilsa-da, bular adabiy jarayonda tabiiy ravishda mavjud hodisa boʻlib, turli omillar (vorisiylik qonuniyati, adabiy-estetik qarashlar mushtarakligi, ijodiy oʻrganish) natijasi oʻlaroq yuzaga keladi. Vorisiylik qonuniyati asosidagi T. adabiyot taraqqiyotining anʼana taʼsiri ustuvor boʻlgan bosqichlarida (traditsionalizm bosqichi, Gʻarb adabiyotida XVIII asrgacha) keng kuzatiladi: bunda anʼanaviy tarzda etalon deb qabul qilingan asarlarga T. qilish odatiy holgina emas, maʼlum darajada ijodkorga qoʻyiluvchi talablardan biri (q. klassitsizm) boʻlib, maʼlum syujetlar, obrazlarga qayta-qayta murojaat qilinishi odatiy edi. Xuddi shunga oʻxshash hol Sharq adabiyotida ham kuzatiladi (mas., xamsachilik anʼanasi, gʻazalchilikdagi poetik obraz, lirik holatlar va b.). Biroq buni T. obyektiga, garchi uning koʻplab xususiyatlari saqlab qolinsa-da, koʻr-koʻrona ergashish deb tushunmaslik kerak, zero, u avvaldan mavjud obraz, syujet motivlarining anʼana doirasida yangilangan badiiy talqinini taqozo etadi. Badiiy ijodda individuallikning ahamiyati ortib borishi barobaridadada T. qilinayotgan asar bilan uning asosida yaratilgan asar orasidagi farq ochiq koʻzga tashlanmaydigan, mos ravishda T.ga munosabat ham salbiylashib borishi kuzatiladi. Mas., hozirgi oʻzbek nasrida kuzatiluvchi Gʻarb modern adabiyotiga ergashish hollariga aksariyat mutaxassislar xushlamayroq qaraydilar. Holbuki, bu T. adabiy-estetik qarashlar mushtarakligi mahsuli boʻlib, Gʻarb adabiyotida qariyb bir asrdan ziyod muqaddam boshlangan izlanishlar bizda endi-endi kuzatilmoqda, zero, shunday adabiy-estetik qarashlarning shakllanishiga zamin boʻla oladigan, shunday asarlarga ehtiyoj tugʻdiradigan sharoit bizda birmuncha kechroq yetildi. Yaʼni bunda T. unsurlari boʻlgan choqda ham koʻr-koʻrona emas, aksincha, ijodiy oʻzlashtirish boʻlib, yosh adiblarning milliy hayotimizni gʻarblik hamkasblari tajribasini ijodiy oʻzlashtirgan holda idrok etishga intilishidir. Shu bilan birga, bu hodisaga umumiy baho boʻlib, uning ichida salbiy bahoga loyiq, koʻr-koʻrona T. unsurlari mutlaqo yoʻq degani emas. Har qanday ijodkor faoliyatining ilk bosqichi T.dan xoli emas, buning omili oʻrganish istagidir. Hatto ulkan isteʼdodlar ham ijodining avvalida salaflaridan oʻrganadi, ularning tajribalarini oʻziga singdirib, ongiyu qalbida qayta ishlab, oʻzinikiga aylantirishi va shu asno oʻz ijodiy individualligini shakllantirishi uchun maʼlum vaqt kerak. Mas., ulugʻ adibimiz A.Qahhor hikoyalarida Chexov, Gogol asarlariga, ilk romani “Sarob”da J.Londonga; A.Oripovning ilk ijodida esa Pushkin, Lermontov, Gʻ.Gʻulomlarga T. unsurlari sezilib turadi. Muhimi, ularning oʻrganish bosqichidayoq ijodiy yondashuv, oʻz yoʻlini topish va oʻz soʻzini aytishga intilish kuzatiladiki, shu narsa ularning salaflardan samarali saboq olishi va keyincha betakror individuallik kasb etishlariga asos boʻldi. Sirasi, isteʼdod kuchi oʻrganish bosqichini ijodiy yondashgan holda va nechogʻli tez, samarali bosib oʻta olishda namoyon boʻladiki, saboqni quruq “yod olgan”lar yuksak choʻqqilarni aslo zabt etolmaydi. Ijodiy yondashuvdan mosuvo T. esa aslo isteʼdoddan emas, grafomanlik (q.) dardiga yoʻliqqanlikdan, epigonlikdangina (q.) darak beradi.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish