← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Taqsir

Taqsir (ar. تقصير – kamchilik koʻrsatish) – mumtoz adabiyotdagi sheʼriy sanʼat, faxriyaning aksi. Yaʼni faxriyada shoir oʻzini yuksak baholasa, T.da qusurlarini (osiy, omi, uquvsiz, devona va sh.k.) eʼtirof etgan holda oʻzini past oladi. Mas., Huvaydoning:

Devona Huvaydosan, pomoli xaloyiq boʻl,

Koʻp tepmaguncha bu loy, chinni boʻlori yoʻqtur, –

baytida T. sanʼati tamsil sanʼati bilan qorishiq holda yuzaga chiqadi: shoirning oʻzini “devona”, “pomoli xaloyiq” deyishi T. boʻlsa, ishlatilgan tamsil (loy koʻp tepkilanib chinni boʻlishi) kamtar, xokisor boʻlishning afzalligini taʼkidlashga xizmat qiladi.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish