← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Taqtiʼ

Taqtiʼ (ar. تقطيع – kesish) – aruzda yozilgan baytni ritmik boʻlaklarga, ruknga teng qismlarga boʻlish, misralardagi maʼlum tartibda joylashgan mutaharrik va sokin harflarni guruhlash. T. qilish orqali baytning bahri aniqlanadi. Hozirgi aruzshunoslikda misralarni choʻziq va qisqa hijolarga ajratish orqali guruhlash usuli keng tarqalgan. Baytdagi har bir misraning bir ruknga teng qismi, yaʼni T.si alohida nom bilan yuritiladi: birinchi misraning birinchi T.si sadr, oxirgi T.si aruz (yoki ajuz), ikkinchi misraning birinchi T.si ibtido, oxirgi T.si zarb, sadr va ajuz, ibtido va zarblar orasidagi T.lar hashv deb ataladi. Mas., Navoiyning quyidagi baytida T.lar mazkur koʻrinishda joylashgan:

sadr hashv hashv ajuz

Xilʼatin to / aylamish jo / non qizil, so / rigʻ, yashil,

– V – – / – V – – / – V – – / – V –

foilotun foilotun foilotun foilun

ibtido hashv hashv zarb

Shuʼlai o / him chiqar har / yon qizil, so / rigʻ, yashil.

– V – – / – V – – / – V – – / – V –

foilotun foilotun foilotun foilun

Bayt T.larga ajratilgach, undagi ruknlar soni, zihofga uchragan yoki uchramaganiga qarab, turlicha nomlanadi. Yuqoridagi bayt foilotun ruknining sakkiz marta takrorlanishi va misralar soʻngida ruknning hazf zihofiga uchrashi koʻrinishida shakllangan, shundan kelib chiqib, bayt vazni ramali musammani mahzuf deb nomlanadi. Agar baytda rukn olti marta takrorlansa, undagi hashvlar soni ikkita boʻladi, toʻrt marta takrorlansa, baytda hashv ishtirok etmaydi. Mas., Navoiyning quyidagi baytida rukn olti marta takrorlangan:

sadr hashv ajuz

Bizing shaydo / koʻngul becho / ra boʻlmish,

V – – – / V – – – / V – –

mafoiylun mafoiylun faulun

ibtido hashv zarb

Malolat dash / tida ovo / ra boʻlmish.

V – – – / V – – – / V – –

mafoiylun mafoiylun faulun

Baytda mafoiylun rukni olti marta takrorlanmoqda va misra oxiridagi rukn hazf zihofiga uchragan. Shundan kelib chiqib, bayt vazni hazaji musaddasi mahzuf deb nomlanadi.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish