← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Tardu aks

Tardu aks (ar. طرد عكس – quvmoq; teskari qilmoq, teskari qilib takrorlash) – mumtoz adabiyotdagi sheʼriy sanʼat, bayt tarkibidagi ikki soʻz yoki birikmani avval maʼlum bir tartibda keltirib, soʻng ularning oʻrnini almashtirib takrorlash. Bu holning bir misra doirasida voqe boʻlishi mahraj (tugallanmagan) T.a. deyiladi. Mas.:

Zulfi savdosi, bu savdoyi boshinda koʻpturur,

Boʻlsa savdo ahli, tong yoʻq, ahli savdo birla doʻst (Navoiy).

T.a. ning bayt doirasida voqe boʻlgan koʻrinishi mukammalroq hisoblanadi, shuning uchun ham u komil (tugallangan) T.a. deb ataladi:

Ofatijon, desam, kulib: rohatijon oʻzim, dedi,

Rohatijonmisan, desam: ofatijon oʻzim, dedi (Chustiy).

Maʼno nuqtai nazaridan ham T.a.ning ikki koʻrinishi farqlanadi. Agar oʻrnini almashtirib takrorlaganda soʻz yoki birikma maʼnosi oʻzgarmasa, aksi mutahodiy deyiladi. Mas., E.Vohidovning quyidagi baytida “Zuhroyu Oy” birikmasini “ Oyu Zuhro” tarzida takrorlash bilan maʼno oʻzgarishsiz qoladi:

Men seni Zuhroyu Oy deb iltijo qildim va lek

Sen yiroqsan, garchi menga Oyu Zuhro bir qadam.

T.a.ning maʼno jihatidan farqlanuvchi ikkinchi koʻrinishi aksi mujriy deb nomlanib, bunda oʻrin almashishi natijasida yangi maʼno hosil boʻlishi nazarda tutiladi. Mas., E.Vohidovning quyidagi:

Intilar borliqni inson barkamol etmoq uchun,

Ne ajab, insonni borliq barkamol etgan emas, –

baytida “borliqni inson” birikmasining “insonni borliq” tarzida qaytarilishi natijasida ega-kesim munosabati oʻzgaradi va natijada yangi mazmun hosil boʻladi.

Shuningdek, T.a. sanʼatida baytda akslanib, oʻrni almashib kelayotgan soʻz yoki birikmalar soni birdan ortiq boʻlishi ham mumkin. Mas., Navoiyning:

Dema raʼno qad ila jilvasidin xolingni,

Jilva jonimga balo, ul qadi raʼno ofat, –

baytida “raʼno qad” birikmasi ichida ham, bu birikma bilan “jilva” soʻzi orasida ham oʻrin almashib takrorlanish kuzatiladi.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish