← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Tarixiy-funksional oʻrganish

Tarixiy-funksional oʻrganish – badiiy adabiyotning ijtimoiy taqdirini, badiiy asarning oʻquvchi omma ongidagi yashash tarixi, turli tarixiy bosqichlardagi talqinlarini oʻrganish. Bu xil yondashuv badiiy adabiyotga kommunikatsiya jarayoni sifatida qarashni taqozo etadi. Modomiki, kommunikatsiya amalga oshgan shart-sharoitlar oʻzgarib turar ekan, T.-f.oʻ. badiiy asarning ilgari amalga oshirilgan talqinlarini oʻsha davr kontekstida tadqiq qilishni taqozo etadi. Shuning uchun ham muayyan asarning ilgari (adabiy tanqid, olimlar, oʻquvchi omma, rejissyorlar, aktyorlar, kitob bezakchilari va sh.k. tomonidan) amalga oshirilgan talqinlari T.-f.oʻ. uchun material boʻlib xizmat qiladi. T.-f.oʻ. adabiy merosni toʻgʻri baholash, ularning hozirgi kundagi ahamiyatini ochib berish, oʻtmishda yaratilgan asarlarning ilmiy jihatdan toʻgʻri, adekvat talqin etilishida muhim ahamiyatga egadir. Ayon boʻladiki, ilgari yaratilgan asarlarning hozirgi hayotini oʻrganish T.-f.oʻ.ning muhim va asosiy masalasidir. Adabiyot tarixi konkret asarga oʻquvchi ommaning qiziqish darajasi, talqinlari, unga berilayotgan baholar oʻzgarib turishiga koʻplab misollarni beradi. Zero, adabiy asar mazmuni koʻpqatlamli boʻlib, muayyan davr shart-sharoitlari (badiiy diddagi oʻzgarishlar, shu davrda tugʻilgan maʼnaviy-ruhiy ehtiyojlar) bilan bogʻliq holda ulardan biri aktuallashaverdi. Yaʼni badiiy asarning turli davrlarda turlicha tushunilishi va baholanishi qonuniyat maqomidadir. Mas., A.Qodiriy “Oʻtgan kunlar” romanida oʻz davri ijtimoiy muammolari (millat fojialarining ildizi, milliy ozodlik masalalari)ga munosabat bildirib, davri uchun benihoya muhim gʻoyalarni singdirishga intilgan edi. 60-yillarda asar mazmunining bu qirrasi tushib qoladi-da, uning boshqa qatlami (ota-ona orzusi, sevgi va vafo) aktuallashdi, u koʻproq “ishqiy maishiy, sarguzasht” asar sifatida tushuniladi. 80-yillar oxirida, jamiyatda istiqlol va erk sogʻinchi kuchaygan bir sharoitda, ijtimoiy-tarixiy sharoit asar yaratilgan davrdagiga mohiyatan yaqin edi, bu esa yana asar yaratilgan davrdagi aktual mazmunni oldingi planga chiqardi. Hozirgi kunda esa oʻquvchini romandagi umuminsoniy muammolar talqini – yozuvchining inson erki, qadri va shaʼni, adolat va razolat, diyonat va xiyonat, shaxs va jamiyat, shaxsiy manfaat bilan oʻzga shaxslar manfaati munosabati kabi qator murakkab masalalar haqidagi mulohazalari koʻproq qiziqtiradi. Istiqlol sharoitida oʻtmish adabiy merosini qayta baholash zarurati yuzaga keldiki, bu narsa adabiyotimizni oʻrganishda tarixiy-funksional yondashuvni dolzarb etib qoʻydi. Shu bois ham oʻtgan asr oxirlaridan boshlab oʻzbek adabiyotini T.-f.oʻ. borasida dadil qadamlar qoʻyildi. Jumladan, A.Rasulov, S.Sodiq, R.Qoʻchqor, B.Karimov kabi olimlarning A.Qodiriy va A.Qahhor asarlarini tarixiy-funksional aspektda oʻrganishga bagʻishlangan tadqiqotlari bu boradagi jiddiy yutuqlardan sanalishi mumkin.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish