← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Tarjiband

Tarjiband (ar. ترجيع – takrorlash, aylantirmoq, fors. بند– bogʻlash) – mumtoz adabiyotdagi oʻziga xos kompozitsion qurilishga ega yirik hajmli lirik janr. T. bir necha baytdan tashkil topib, uning har bir bandi gʻazal tipida qofiyalanuvchi (a-a, b-a, v-a, g-a...) bir necha baytdan tarkiblanadi, har bir band oxirida esa masnaviy tipida qofiyalangan bir bayt aynan takrorlanadi. T.lar, odatda, har biri 8 – 11 baytdan tarkiblanuvchi 7 – 8 banddan tashkil topadi, biroq bu borada qatʼiy meyorlar belgilangan emas. T.lar, koʻproq, falsafiy-axloqiy mavzuda yoziladi, sheʼr davomida qoʻyilgan mavzu keng va atroflicha yoritiladi. Mavzu birligi, yaʼni sheʼr davomida bitta mavzuning izchil rivojlantirilishi, bandlarning barini bogʻlovchi tarjeʼning mavjudligi T.ning yaxlitligini taʼminlaydi. Bandlarni oʻzaro bogʻlagani uchun takrorlanuvchi bayt – tarjeʼ vosila bayt (bogʻlovchi bayt) deb ataladi, unga T.ning eng muhim kompozitsion unsuri sifatida qaraladi, janrning nomlanishi ham shu bilan izohlanadi. Takrorlanayotgan baytning yana bir vazifasi lirik qahramon kechinmalarini taʼkidlash, oʻquvchi diqqatini asosiy fikrga (q. leytmotiv) qayta-qayta jalb qilishdan iborat. Mazkur xususiyatlari bilan T. jiddiy falsafiy-axloqiy masalalarni lirik mushohada qilishga keng imkon beradi, shu bois Hofiz Xorazmiy, Navoiy, Fuzuliy, Yusuf Amiriy, Ravnaq, Miriy, Munis, Ogahiy, Uvaysiy, Nodira, Tabibiy kabi mumtoz shoirlar ijodida keng oʻrin tutadi.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish