← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Taʼrix

Taʼrix – yoki TARIX (ar. تاريح – oʻtmish) – muhim tarixiy sanalar (ulugʻ kishilarning tavallud va vafot yillari, muhim ijtimoiy-siyosiy voqealarning yuz berish, asarning yozilish, binoning qurilish vaqti va sh.k.)ni abjad hisobi (q.) yordamida qayd etish. Sharq mumtoz sheʼriyatida T., odatda, sheʼriy yoʻl bilan, koʻproq, bayt ichida qayd qilingan. Bayt tarkibida kerakli sanaga ishora qilayotgan harf, soʻz yoki soʻz birikmasi “T. moddasi” deb yuritiladi. Mumtoz adabiyotshunoslikka oid manbalarda T. goh badiiy sanʼat, goh esa janr sifatida koʻrsatib kelinadiki, bu xil turlichalik muayyan asosga ega. Chunki T. mumtoz janrlar (doston, qasida, marsiya, ruboiy, qitʼa va b.) tarkibidagi baytlarda berilishi ham, maʼlum bir sanani qayd etish uchun alohida bayt (mas., biror bino peshtoqiga bitish uchun) sifatida maxsus yozilishi ham mumkin. Ikkinchi tomondan, ayrim T.lardan koʻzlangan muddao muayyan sanani qayd etish bilan cheklansa, boshqalarida buni sanʼatkorona mahorat bilan amalga oshirishga intilish kuzatiladi. Mas., “Yusuf va Zulayxo”dagi:

Zod edi tarix taqi heyu dol,

Muddati hijratdin oʻtib mohi sol, –

baytida T. harflarni oddiygina qayd etish bilan cheklanadi. Bunda zod (800), he (8) va dol (4) harflari ifodalovchi raqamlar yigʻindisidan doston hijriy 812 yilda yozilgani ayon boʻladi. Albatta, bu baytdagi T.ni sanʼat atalsa, biroz zoʻrakilik boʻladi. Lekin T.ning shunday namunalari borki, ularni sanʼat hisoblash joiz. Mas., Navoiy zolim amaldorlardan biri, Mozandaronda qatl etilib, kallasi Hirotga olib kelingan Muhammad Amin vafoti T.ini quyidagicha ifodalaydi:

Zolimero kushta soʻyi shahr ovardand sar,

Onchi ovardand qatlashro hamon taʼrix bud.

Tarjimasi: Zolimni oʻldirib, boshini shaharga olib keldilar, nimaiki olib kelgan boʻlsalar, oʻsha uning tarixidir. Baytda voqea tarixiga “shaharga zolimning boshini olib keldilar” jumlasi orqali ishora qilinmoqda. Bundan murod esa “zolim” (ظالم)ning boshi, yaʼni “ze” (ظ) harfidir. U abjad hisobi boʻyicha 900 ga teng. Demak, Muhammad Aminning qatl etilishi hijriy 900, milodiy 1495 yilga toʻgʻri keladi. T.ni bu kabi sanʼatkorlik bilan ifodalash uchun katta mahorat talab etiladi. Zero, bu oʻrinda shoir bayt tarkibiga kiritayotgan soʻz yoki jumla mazmunga mos boʻlishi bilan birga, abjad hisobi boʻyicha kerakli raqamga teng kelishi ham zarur. Shuningdek, bu yoʻsin bitilgan T.larda ishora qilinayotgan raqamni aniqlash uchun oʻquvchidan, xuddi muammoda yashiringan soʻzni topishdagi kabi, oʻtkir zehn, topqirlik talab etiladi.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish