← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Tarkibband

Tarkibband (ar.تركيب – tuzilish, fors. بند – bogʻlash) – mumtoz adabiyotdagi oʻziga xos kompozitsion qurilishga ega yirik hajmli lirik janr. T.ning har bir bandi gʻazal tipida qofiyalanuvchi bir necha baytdan tarkiblanib, oxirida masnaviy tipida qofiyalanuvchi bayt keltiriladi. Qurilishidagi bu jihatlari bilan T. tarjibandga oʻxshash, faqat unda bandlar oxiridagi bayt tarjeʼ emas, har bir band oxirida butunlay yangi bayt keltiriladi. T.ning bandlari gʻazalni eslatadi, faqat unda taxallus keltirilmaydi. T. bandlaridagi baytlar soni qatʼiy belgilangan emas, lekin har bir T.da bandlardagi baytlar soni bir xil boʻlishi lozim (mas., Hofiz Xorazmiy devoniga kiritilgan T. har biri 8 tadan baytni oʻz ichiga olgan 4 ta banddan tashkil topgan). T.dagi bandlar gʻoya va mavzu jihatidan bir-biriga uzviy bogʻliq boʻlib, bitta mavzuning izchil rivojlantirilishi asar yaxlitligini taʼminlaydi: qoʻyilgan mavzu talqini banddan-bandga yorqinlashib boradi, gʻazal koʻrinishidagi har bir band mavzuning qaysidir qirrasini atroflicha yoritishga xizmat qiladi. Shu jihatlari bilan T. jiddiy falsafiy masalalarni lirik mushohada etish uchun qulay shakl boʻlib, unga Hofiz Xorazmiy, Navoiy, Fuzuliy kabi mutafakkir shoirlar ayricha eʼtibor qilganlari shundandir.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish