← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Tarseʼ

Tarseʼ (ar. ترصيع – durni, gavharni ipga tizmoq) – mumtoz adabiyotdagi sheʼriy sanʼat, baytning birinchi misrasidagi barcha soʻzlarning keyingi misradagi muqobillariga qofiyadosh va vaznda teng boʻlishi. Biroq T.ning asosiy sharti qofiyadoshlik boʻlib, “Agar qofiya tufayli vaznda ixtilof boʻlsa ham, zarari yoʻqdir” (A.Husayniy). Yaʼni birinchi misradagi soʻzlar ikkinchi misradagi muqobillari bilan qofiyadosh boʻlsa, vaznda tenglik buzilgan holda ham, T. sanʼati yuzaga kelaveradi. Ayni paytda, misralardagi muqobil soʻzlarning ham qofiyadosh, ham vazndosh boʻlishi T.ning mukammal koʻrinishi hisoblanadi. Sheʼrga oʻzgacha musiqiylik baxsh etishi sabab sheʼriyatimizda T. ancha faol qoʻllangan, uning goʻzal namunalarini turli janrlarga mansub sheʼrlarda koʻplab uchratish mumkin. Faqat qofiyalanish tartibi oʻziga xos boʻlgani uchun gʻazaldagi T., odatda, matlaʼda yuzaga kelishini unutmaslik lozim. Buning sababi shuki, T. bayt misralaridagi barcha soʻzlarning oʻzaro qofiyadosh boʻlishini taqozo etadi. Gʻazalda esa matlaʼdan keyingi baytlarning birinchi misralari ochiq qolgani holda, ikkinchi misralarining matlaʼga qofiyadosh boʻlishi talab etiladi, shuningdek, aksar hollarda gʻazal radifli boʻladi – bularning bari matlaʼdan boshqa baytlarda T.ning yuzaga kelishiga xalaqit beradi. Ikkinchi tomondan, matlaʼning T. asosiga qurilishi husni matlaʼ (q.) sanʼati talablariga mos boʻlib, ilk baytning oʻquvchi yodida muhrlanib qolishiga xizmat qiladi, shu tariqa T. sanʼatini qoʻllashda gʻazal janri xususiyatlaridan kelib chiquvchi cheklov oxir-oqibat uning foydasiga ishlaydi. Mas., Navoiyning quyidagi matlaʼsida T. sanʼati qoʻllangan:

Ne xush kelgayki, kelgay nozaninim,

Ne xush boʻlgʻayki, boʻlgʻay hamnishinim.

T. sanʼatining qoʻllanishi, ayniqsa, bir baytdangina tashkil topuvchi fardlarda muhim, chunki hikmatli fikrning oʻziga xos ohang bilan jarang topishi uning oʻquvchi yodida saqlanishida, ommalashib ketishida katta ahamiyat kasb etadi. Mas., Navoiyning:

Muruvvat barcha bermakdur, yemak yoʻq,

Futuvvat barcha qilmakdur, demak yoʻq, –

fardi misralaridagi qofiyalanayotgan soʻzlar raviyda ham, harakatu sukun (unli va undoshlar)da ham bir-biriga muvofiq, u T.ning eng mukammal koʻrinishiga misol boʻla oladi.

Masnaviy shaklida yozilgan dostonlar tarkibidagi T. sanʼati qoʻllangan baytlar matnda ritmik oʻziga xosligi, musiqiyligi bilan alohida ajralib turadi. Shu bois ham bunday baytlar koʻproq voqealar shiddati ortgan, qahramon ruhiyatida dramatizm kuchli namoyon boʻlgan oʻrinlarda, muallif avval bildirgan fikrlarini umumlashtirib ifodalamoqchi boʻlgan hollarda uchraydi. Mas., “Layli va Majnun”da farzandini ishq balosidan xalos etish niyatidagi ota Qaysni Kaʼbaga olib boradi: u oʻgʻlining xudoga ishqdan xalos etishni soʻrab munojot qilishini istaydi. Lekin Qays oʻzini ishqdan ayro tasavvur qilolmaydi, Navoiy qahramonining bu holatini uning munojotidagi quyidagi baytlarda ifoda etadi:

Koʻnglumga fazo harimi ishq et,

Jonimgʻa gʻizo nasimi ishq et!

Ishq isidin et damimni mushkin,

Ishq oʻtidin et yuzumni rangin!

Layli ishqin tanimda jon qil,

Layli shavqin ragimda qon qil!

Dardini najotim et, ilohi,

Yodini hayotim et, ilohi!

Kun yuzini aylading mushakkal,

Tun koʻzini aylading mukahhal.

Keltirilgan baytlardagi ayrim juftliklar (koʻngil-jon, is-oʻt, dam-yuz, tan-rag)da raviyning yoʻqligi mumtoz qofiya qoidalariga muvofiq boʻlmasa-da, ulardagi qoʻshimchalar hisobiga yuzaga kelayotgan ohangdoshlik baytlarda T. sanʼati mavjud deyishga imkon beradi. Shuningdek, baytlardagi barcha soʻzlarda vazndoshlik kuzatilgani uchun, ularni muvozana (q.) sanʼatiga ham misol qilish mumkin.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish