← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Tashbehi musalsal

Tashbehi musalsal (ar. تشبيه مسلسل – ketma-ket oʻxshatish) – tashbeh turlaridan biri, bir narsani bir necha narsaga ketma-ket oʻxshatish. Yaʼni bunda shoir bir narsa (mushabbih)ni bir paytning oʻzida ketma-ket bir necha narsa (mushabbihun bih)ga oʻxshatadi. Mas., Sayfi Saroiyning:

Soʻzung durru javohirdur koʻngullar ganjina loyiq,

Na loyiq? Loyiqi xisrav. Na xisrav? Xisravi kishvar, –

baytida soʻz avval durga, keyin javohirga, Atoyining:

Ey lablari shahdu shakaru Misr naboti,

Yusuf kibi shirin harakatu sakanoti, –

baytida yor lablari asal (shahd), shakar va Misr novvotiga ketma-ket oʻxshatilmoqda. T.m. koʻpincha tajohul ul-orif sanʼati bilan qorishiq holda uchraydi, zero, mazkur sanʼat aksar hollarda T.m. asosida yuzaga chiqadi. Buni, mas., Atoyining quyidagi baytida koʻrish mumkin:

Sochmu yo sunbulmu yo ganj ustida yotur ilon,

Yo kelibdur Rum eliga Chinu Mochin lashkari?

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish