← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Tashbehi mutlaq

Tashbehi mutlaq (ar. تشبيه مطلق – ochiq oʻxshatish) – tashbeh turlaridan biri. T.m. manbalarda tashbehi sarih deb ham yuritiladiki, aslida, shu nom mohiyatni aniqroq ifoda etadi. Zero, sarih soʻzi lugʻatda “ochiq, oshkor, ravshan, aniq” maʼnolarini ifodalaydi. T.m.da mushabbih va mushabbihun bih orasidagi munosabatni belgilovchi vositai tashbeh (kabi, singari, xuddi, yangligʻ, goʻyo, -dek, -day va b.)ning boʻlishi shart va xuddi shu hol ikki narsa-tushunchaning bir-biriga oʻxshatilayotganini aniq bildirib turadi. Mas., Lutfiyning:

Pistadek ogʻzinga shakar dedilar,

Gʻayb sirin ne muxtasar dedilar, –

baytida -dek qoʻshimchasi ogʻizning pistaga oʻxshatilayotganini oshkor bildirib turadi.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish