← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Tashxis

Tashxis (ar. تشخيص– shaxslantirish) – mumtoz adabiyotdagi sheʼriy sanʼat, shaxsga xos xususiyatlarning hayvonlar, qushlar, jonsiz narsa-predmetlarga nisbat berilishi. Yaʼni T.da insonlarga xos boʻlgan his-tuygʻu, xatti-harakatlar boshqa mavjudotlarga yoki jonsiz narsalarga koʻchiriladi. Biroq bu koʻchirish mexanik tarzda yoki shunchaki oʻylab topilgan boʻlmay, muayyan mantiqiy asosga egadir. Boshqacha aytsak, koʻchirilayotgan insonga xos xususiyatlar bilan hayvonlar, qushlar, oʻsimliklar yoki boshqa jonsiz narsalarning ayrim jihatlari orasida oʻxshashlik, mushtarakliklar kuzatiladi. Mas., “yomgʻir yogʻishi” insonning koʻzyosh qilishiga monand, shuning uchun ham metaforik asosda “bulutlar koʻzyosh toʻkdi” deyish maʼlum mantiqiy asosga ega boʻladi. Jaloliddini Rumiyning quyidagi ruboiysida T. sanʼati mahorat bilan qoʻllangan:

Ruxsoringdan rangin oʻgʻirlabdi gul,

Yoʻltoʻsardek dorga osilmish kokil.

Qancha nola qildi foyda boʻlmadi,

Faraxbaxsh boʻyingdan jon oldi bulbul.

Ruboiydagi gulning yor ruxsoridan rang oʻgʻirlashi, kokilning dorga osilishi, bulbulning nola qilishiyu jon olishi – bular bari insonga xos xususiyatlarning gul, kokil va bulbulga koʻchirilishi natijasida voqe boʻlgan T.dir. Bunda gul rangi bilan yor ruxsorining rangi, kokilning osilib turishi bilan dorda yoʻltoʻsarning osilib turishi, bulbulning sayrashi bilan insonning nola qilishi oʻrtasida oʻxshashlik borligi T. ning yuzaga kelishiga mantiqiy asos boʻlgan.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish