← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Vazn

Vazn (ar. وزن – oʻlchov) – konkret sheʼrda yuzaga chiquvchi ritmik hodisa, metr, oʻlchov. Soʻzlashuv amaliyotida “aruz vazni”, “barmoq vazni” tarzida ishlatish kuzatiladiki, nazariy jihatdan bu toʻgʻri emas. Chunki, aslida, aruz ham, barmoq ham koʻplab vaznlarni oʻz ichiga olgan sheʼr tizimlaridir. V. sheʼr tizimi qonuniyatiga asoslangan holda aniq bir sheʼrning oʻlchovini bildiradi. Mas., aruz tizimi qisqa va choʻziq hijolarning muayyan tartibda takrorlanishiga asoslanadi, V. esa takrorlanishning konkret sheʼrdagi tartibini belgilayotgan oʻlchovni bildiradi. Agar “gʻazal ramali musaddasi solim vaznida yozilgan”, deyilsa, uning bir baytida 6 ta, har bir misrasida uchtadan rukn, har bir ruknda 4 tadan hijo borligi, hijolar “choʻziq-qisqa-choʻziq-choʻziq” tartibida guruhlangani anglashiladi. Yaʼni bu gʻazal ritmi shu oʻlchov asosida tartibga solingan, uning barcha misra va baytlari ritmik jihatdan shu oʻlchovga mosdir.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish