Verlibr (fr. vers – sheʼr, libre – ozod, erkin) – muayyan oʻlchov asosidagi vazn va qatʼiy qofiyalanish tartibiga ega boʻlmagan sheʼr. V. nasrdan faqat muayyan nutqiy boʻlak (misra)larga boʻlingani bilan farqlanib, boʻlinish yozuvda har bir misrani alohida satrga yozish, talaffuzda esa intonatsiya (ritmik pauza va ritmik aksentlar) hisobiga taʼkidlanadi. Yevropa xalqlari sheʼriyatiga V. oʻrta asrlardagi liturgik sheʼriyat, diniy marosimlarda ijro etilgan qoʻshiqlar orqali yaxshi tanish boʻlgan. V.ning dunyoviy adabiyotga kirib kelishi nemis romantizmi bilan, faollashuvi esa fransuz simvolist shoirlari ijodi bilan bogʻliq. XX asrda V. jahon sheʼriyatida, jumladan, oʻzbek sheʼriyatida ham keng ommalashdi (q. sarbast).
Верлибр (фр. vers – шеър, libre – озод, эркин) – муайян ўлчов асосидаги вазн ва қатъий қофияланиш тартибига эга бўлмаган шеър. В. насрдан фақат муайян нутқий бўлак (мисра)ларга бўлингани билан фарқланиб, бўлиниш ёзувда ҳар бир мисрани алоҳида сатрга ёзиш, талаффузда эса интонация (ритмик пауза ва ритмик акцентлар) ҳисобига таъкидланади. Европа халқлари шеъриятига В. ўрта асрлардаги литургик шеърият, диний маросимларда ижро этилган қўшиқлар орқали яхши таниш бўлган. В.нинг дунёвий адабиётга кириб келиши немис романтизми билан, фаоллашуви эса француз символист шоирлари ижоди билан боғлиқ. ХХ асрда В. жаҳон шеъриятида, жумладан, ўзбек шеъриятида ҳам кенг оммалашди (қ. сарбаст).
Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.