← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Vofir

Vofir (ar. وافر – moʻl) – aruz bahrlaridan biri, harakati, yaʼni qisqa unlilari koʻp boʻlgani uchun shunday nom berilgan. Mafoilatun aslining (v – v v –) takroridan hosil boʻladi. V. arab sheʼriyatiga xos bahr boʻlib, oʻzbek va fors sheʼriyatida qoʻllanmagan. Faqat Navoiy oʻzining “Mezon ul-avzon” asarida V. bahrining ikki vazniga, Bobur esa “Muxtasar”da yigirma bir vazniga toʻxtalib, ularga maxsus baytlar bitganlar va misol sifatida keltirganlar. Xususan, “Muxtasar”da:

Kel ey qaro koʻz, manga guzar et,

Budur sanga soʻz, manga nazar et, –

bayti vofiri murabbaʼi solim (v – v v – \ v – v v –) vazniga misol qilib keltirilgan.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish