← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Voqeaband lirika

Voqeaband lirika – lirik kechinmani voqeaning ixcham tasviri asosida ifodalovchi sheʼrlar, zamonaviy sheʼriyatda keng tarqalgan janr. V.l.da voqeani tasvirlash maqsad emas, balki bir vosita, lirik kechinmani ifodalash vositasidir. Shunga koʻra, V.l.da voqea toʻlaqonli tasvirlanmaydi, balki punktirlar bilan chiziladi: uning eng muhim detallarini olish, eng qizgʻin, kulminatsion nuqtalariga urgʻu berish bilan kifoyalaniladi. Tasvir koʻlami, bir tomondan, oʻsha voqea taʼsirida yuzaga kelgan his-tuygʻuni ifodalash, ikkinchi tomondan, oʻquvchining uni tasavvur qila olishi, lirik kechinmaga turtki boʻlgan asosni his qila olishi uchun yetarli boʻlishi bilan belgilanadi. Mas., X.Davronning “1941 yil. 22 iyun. Peshin” sheʼri:

Ularni qoʻyishdi jar yoqasida...

Otasin qoʻlini ushlagan goʻdak

Chor atrofga qarab shoʻx, olazarak,

Soʻradi: “Oʻq tegsa ogʻrirmi, dada?”

Uning ovozini bosdi guldirak...

Bahorda jarlikni qoplar oʻt-oʻlan,

Oʻtlar uzra suzib oʻtar oq bulut

Va shunda giyohlar achchiq dard bilan

Shivirlar-shivirlar: “Ogʻrirkan, dada!”

Bu nola hech qachon boʻlmaydi unut...

Shoir urushga munosabatini ifoda etish uchun konkret voqeani oladi, lekin uni izchil tasvirlamaydi, uning eng muhim nuqtasini jonlantirish bilan cheklanadi: koʻzlagan maqsadi uchun shuning oʻzi yetarli. Bu jihati bilan sheʼr rangtasvir polotnosiga monand, unda voqeaning muayyan lahzasi qotirib qoʻyilgan. Xuddi rangtasvir asarini tomosha qilayotgan kishi kabi, oʻquvchi oʻsha lahzagacha va undan soʻng boʻlgan holatni tasavvurda jonlantira oladi (dushmanning qoʻqqisdan hujum qilishi, ota-bolaning bu paytdagi holati, ularning boshqalar bilan birga qoʻlga olinishi va h.). Agar bular bari batafsil tasvirlanganida, lirik emas, balki voqeaband epik asar yaratilgan boʻlur edi. Shu jihatdan V.l. bilan sheʼriy yoʻlda yozilgan epik asarni farqlash zarur. Mas., A.Oripovning “Sharq hikoyasi”, “Hangoma” sheʼrlari V.l. namunasi emas, balki sheʼriy yoʻlda yozilgan kichik hikoyatlar, yaʼni mohiyatan epik xarakterdagi asarlardir.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish