← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Vulgar sotsiologizm

Vulgar sotsiologizm – XX asrning 20 – 30-yillari shoʻro adabiyotshunosligida kuzatilgan qarashlar tizimi, adabiyotga yondashuv tamoyili. V.s. markscha “bazis-ustqurma” aqidasini, adabiyot va sanʼat ijtimoiy-iqtisodiy bazisning ustqurmasi, ular mafkura sohasi sifatida sinfiy tabiatga ega degan qarashni mutlaqlashtirish natijasi oʻlaroq yuzaga kelgan. V.s. namoyandalari fikricha, adabiyot va sanʼat mavjud ijtimoiy munosabatlarga, badiiy ijod esa ijodkorning sinfiy mansubligiga bevosita bogʻliq boʻlib, xuddi shu narsa adabiy asarning mazmun-mundarijasini belgilaydi. Natijada badiiy adabiyot bilan ijtimoiy fanlarning mazmun-mundarijasi, maqsadi va vazifalari orasida hech bir farq koʻrilmaydi, badiiy adabiyot ijtimoiy hayotning badiiy illyustratsiyasiga aylantirib qoʻyiladi. V.s.ning nazariy asoslari V.Friche, V.F.Pereverzev, V.A.Keltuyala singari adabiyotshunoslarning asarlarida, shuningdek, proletkultchilar hamda LEFchilarning nazariy qarashlarida oʻz aksini topgan. Shoʻro adabiyotshunosligida V.s. keskin tanqid qilingan, 30-yillar matbuotida bu masalada murosasiz bahslar boʻlib oʻtgan. Jumladan, H.Olimjonning “Oʻqish va oʻrganish qiyinchiliklari toʻgʻrisida”, “Marksizm niqobi ostidagi menshevizm” nomli maqolalarida ham V.s., uning nazariyotchisi Pereverzev va uning izdoshlari keskin tanqid qilingan. Shunga qaramay, shoʻro adabiyotshunosligi oʻz faoliyatida V.s. taʼsiridan butkul qutula olmadi, chunki shoʻro adabiyotshunosligida yetakchilik qilgan sotsiologik metod bilan V.s. chegarasi juda nozik, u tomon ogʻib ketish hech gap emas.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish