← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Vulgarizm

Vulgarizm (lot. vulgaris – qoʻpol, dagʻal) – nafosat talabi bilan badiiy adabiyotda ishlatish rasm boʻlmagan qoʻpol soʻz va birikmalar. Personajlar nutqini individuallashtirish, ularga emotsional-hissiy munosabatni ifodalash, konkret epizoddagi ruhiy holatini koʻrsatish kabi maqsadlarda ishlatiladi. Mas., “Oʻtgan kunlar”da Otabek “Ich muni, ich, jalab!” deya zaharlangan atalani Zaynabga otadi. Ushbu oʻrinda ishlatilgan V. na Otabekning tabiatiga, na nafosat talablariga muvofiq, lekin personajning ayni damdagi ruhiy holatini boʻrttirib tasvirlash maqsadida juda oʻrinli ishlatilgan. Koʻpincha V.lar matnda keltirilmaydi, ularning oʻrni koʻp nuqta bilan toʻldiriladi. Bu hol, avvalo, nafosat talabi bilan, ikkinchidan, V.larning oʻz ichida darajalanishi, ulardan ayrimlarining badiiy matnda qoʻllanishini hech bir gʻoyaviy-badiiy maqsad oqlay olmasligi bilan izohlanadi. Zero, hayotda uchragani holda, bunday V.lar milliy maʼnaviyatimizga, milliy axloq normalariga tamomila ziddir. Mas., Togʻay Murodning “Ot kishnagan oqshom” qissasida shunday epizod bor:

“– Oʻchir-ye ...

– Katta, enamni soʻkmang. U bechora ichkarida nevarasiga qarab oʻtiribdi. Sizga bundayin beposhna gaplar ep boʻlmaydi.

– Oʻchir deyman-ye ...

– Esa, men ham sizning ...”

Oʻtgan asrning 20 – 30-yillarida ommalashgan invektiva (q.) ruhidagi sheʼrlarda V.lardan muxoliflarga oʻta salbiy munosabatni ifodalash uchun ham keng foydalanilgan. Mas., Gʻ.Gʻulom sheʼridan olingan quyidagi:

Kim u –

Buyuk uzilish –

Irkit qoʻllarda

Qay lagerda qavm?

Oʻrtoq,

Oʻyla, koʻr,

Mana u dushman –

Nomard oʻlumtik

Koʻk koʻylak bilan oʻz ichimizda, –

parchada gʻoyaviy dushmanlarga munosabatni ifodalash uchun “irkit”, “oʻlumtik” kabi V.lar qoʻllangan. Bulardan tashqari, ayrim manbalarda personajlar nutqidagi uslubiy jihatdan oʻta gʻaliz jumlalar, talaffuzi buzilgan soʻzlar ham V. sanaladi.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish