← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Xafif

Xafif (ar. خفيف – yengil) – aruz bahrlaridan biri, aytilishi va taqtiʼsi yengil boʻlgani uchun shunday nomlangan. Foilotun (– v – –) va mustafʼilun (– – v – ) asllarining ketma-ket takroridan hosil boʻladi. Oʻzbek sheʼriyatida faol qoʻllanadigan bahrlardan biri. Navoiyning “Mezon ul-avzon” asarida X. bahrining besh vazni, Boburning “Muxtasar”ida esa yigirma ikki vazni misollar bilan koʻrsatib berilgan. Sheʼriyatimizda mazkur bahrning olti ruknli sakkiz vaznidan keng foydalaniladi. X. bahri dastlab Atoyi va Lutfiy sheʼriyatida uchraydi. Bundan tashqari, Hofiz Xorazmiy sheʼrlarining kattagina qismi, Navoiyning “Sabʼai sayyor” dostoni va yana oltmish ikkita turli janrlardagi lirik sheʼrlari X. bahrida yozilgan. Chunonchi, “Sabʼai sayyor”dagi quyidagi bayt xafifi musaddasi solimi maxbuni maqtuʼ (–v – – \ v – v – \ – –) vaznida:

Bir necha zavraq asrabon tayyor,

Yangi oy zavraqi kibi sayyor.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish