← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Xarakter

Xarakter (yun. charakter – iz, belgi, farqlovchi xususiyat) – badiiy xarakter; muayyan davr va muhit kishilariga xos eng muhim umumiy xususiyatlar bilan alohida shaxsga xos individual xususiyatlarni oʻzida uygʻun mujassam etgan inson obrazi. Badiiy X. oʻzida obyektiv va subyektiv jihatlarni birlashtiradi. Inson hayotining ijtimoiy-psixologik realligi (bu oʻrinda, X.ning real asosi, yaʼni uning hayotiy kuzatishlar yoki muayyan prototip asosida yaratilgani nazarda tutiladi) badiiy X.ning obyektiv tomoni boʻlsa, uning ijodkor tomonidan hissiy idrok etilishi va gʻoyaviy-hissiy baholanishi subyektiv tomonidir. Badiiy X.ning subyektiv jihati, bir tomondan, uning ijodkor tomonidan yaratilgan yangi mavjudlik, badiiyat hodisasi boʻlishini; ikkinchi tomondan, uning konseptual funksiyaga xoslanishini taʼmin etadi. Boshqacha aytsak, adabiyotning badiiy konseptual funksiyasi X. orqali amalga oshadi, yaʼni jamiyatning joriy holati X.(lar) vositasida badiiy tadqiq etiladi va yaxlit badiiy konsepsiya ishlab chiqiladi. Aytish kerakki, X.ning bu qadar katta ahamiyat kasb etishi, koʻproq, adabiyot taraqqiyotining soʻnggi davrlarida kuzatiladi. Xususan, antik adabiyotda badiiy konsepsiyani ifodalashda X. emas, tasvirlangan voqeaning oʻzi hal qiluvchi rol oʻynagan. Negaki, antik ijodkorlar uchun X.ning muayyan turgʻun tiplari (zolim, mushfiq va b.) mavjud boʻlib, ular asar syujetida shu tipga mos harakatlantirilgan. Uygʻonish davriga kelib esa qahramon bu turgʻun xususiyatlarni oʻzgartirish, turli niqoblarda harakat qilish imkoniga ega boʻlgan, yaʼni antik adabiyotga nisbatan bunda X. individual chizgilar ham kasb etgan. Xullas, jamiyatda shaxs maqomining oʻzgarib borishi barobaridadada badiiy X.da individuallik salmogʻi ortib, inson X.i unga tabiatan ato etilgan turgʻun xususiyatlar jamigina emas, ayni chogʻda, davr va muhitning mahsuli ekani ham anglanib borgan va shu tariqa realizm bosqichiga yaqinlashgan sari adabiyotda badiiy X.ning roli va ahamiyati ham ortgan. Realizm adabiyotida badiiy X. hayotni koʻlamli va teran badiiy idrok etish uchun keng imkoniyatlar yaratadi. Zero, badiiy X.larning shakllanishi va rivojlanishi, hayotiy amallari, oʻzaro kurashlari, ruhiyati va sh.k.larni tasvirlash orqali voqelikni atroflicha chuqur badiiy idrok etish, unga gʻoyaviy-hissiy baho berish – badiiy konsepsiyani shakllantirish va ifodalash mumkin boʻladi.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish