← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Xiazm

Xiazm (yun. chiasmos – yunon alifbosidagi X harfidan, yaʼni shu harf shaklida joylashgan) – teskari tartibdagi sintaktik parallelizm, misradagi soʻz (boʻlak)larni teskari tartibda takrorlashga asoslangan stilistik figura. X. mohiyatan mumtoz sheʼriyatdagi tardu aks (q.) sanʼatiga yaqin turadi. Aksariyat hollarda X. sheʼrning ketma-ket keluvchi misralarida namoyon boʻladi. Mas.:

Giloslar labingiz aksi boʻlgandek,

Labingiz aksidir bu bogʻda gilos (Gʻ.Gʻulom).

yoki:

Sozim – mening ovozim,

Ovozim – mening sozim (Gʻ.Gʻulom).

Shuningdek, X. baʼzan sheʼrning dastlabki misralaridan biridagi soʻz (boʻlak)larni teskari tartibda joylashtirgan holda takrorlash asosida ham yuzaga chiqishi mumkin. Mas.: M.Yusufning “Osmon choʻkib qoldi bu oqshom” satri bilan boshlanuvchi sheʼrida birinchi band “Yashash kerak, sevish shart emas” misrasi bilan yakunlansa, oxirgi band “Sevish kerak, yashash shart emas” misrasi bilan yakun topadi. Bunda X. sheʼr gʻoyasini yuzaga chiqaruvchi muhim kompozitsion unsur vazifasini oʻtaydi.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish