← Dilmurod Quronov
|

A.Oripovning 60-yillar sheʼriyatida

Dilmurod Quronov

Maqola · 2002 · Tilshunoslik va adabiyotshunoslik masalalari. Andijon,2002

Shoʻroning totalitar siyosati jamiyatda shaxs maqomini susaytirishga, barchani birdek oʻylatishga qaratildi — oʻzgacha oʻylaydiganlarni moʻychinakdek terib tashladi. Oqibat shu boʻldiki, sheʼriyatdan uning javhari boʻlmish “men” siqib chiqarildi: shoirlarimiz shaklan “men” tilidan soʻzlasalar-da, haqiqatda “biz”ning his-kechinma, oʻy-fikrlarini ifodalay boshladi, — sheʼriyat tussizlandi. 60-yillarga kelib, birmuncha oʻzgargan sharoitda maydonga chiqqan avlod sheʼriyatda “men”ni tiriltirdi, sheʼriyatda jonlanish boshlandi. Aytish kerakki, bu “men” oʻzini endi-endi ijtimoiy qimmatga molik deya his eta boshlagan shaxsning sheʼriyatdagi inʼikosi boʻlib, tabiiyki, asosning kemtiklarini oʻzida mujassam etgandi. Zero, u totalitar jamiyatda bir muddat esib turgan erk epkini — “xrushchyov bahori”dan kuch olgan, yaʼni, ruh hamon qafasda-yu, qafas birmuncha kengayga¬¬ndi, xolos.

Mazkur kemtiklikni 60-yillar sheʼriyatida oʻtmish mavzusining ishlanishi misolida koʻrish mumkin. Xususan, oʻzbek shoʻro sheʼriyatining ilk boʻgʻin vakillari ijodidan farqli oʻlaroq, bu davrda yaratilgan tarixiy mavzudagi sheʼrlarda “faxr” tuygʻusi (“Oʻzbekiston” A.Oripov, “Oʻzbegim” E.Vohidov) namoyon boʻldiki, bu, shubhasiz, milliy oʻzlikni anglash tomon tashlangan qadam edi. Albatta, 60-yillar sharoitida oʻtmishga aloqadorlik bilan faxr etishning oʻzi katta voqea edi, biroq, bizningcha, milliy oʻzlikni anglash yoʻlida keyingi odim tashlanmadi. Nega? Bu savolga javob berish uchun, avvalo, “faxr” tuygʻusining genezisini aniqlab olish zarur. Biznigcha, “faxr” tuygʻusi oʻzini “tenglar ichra teng” his qilayotgan va buning oʻzgalar tomonidan-da tan olinishini istagan qalb izhori edi. Yaʼni, ularda tengsizlikni his etganlikdan keluvchi milliy gʻurur ogʻrigʻi bor, ayni paytda, ularda oʻtmish millat vakili nuqtai nazaridan emas, “bashar farzandi”, yana ham aniqroq aytsak, “shoʻro grajdani” mavqeidan idrok etildi. Fikrimizcha, ayni shu ichki ziddiyat 60-yillarda milliy oʻzlikni anglash yoʻlida bardavom boʻlishga imkon bermadi.

A.Oripovning qator sheʼrlarida ham shu ichki ziddiyat yaqqol kuzatiladi. Xususan, mashhur “Oʻzbekiston” sheʼrida Beruniy, Ulugʻbek, Navoiy singari bobolardan faxr etish bilan birga, Temur faoliyatiga munosabatda shoʻro taʼsiri seziladi: “Ikki asr yarim dunyoni zir qaqshatdi oqsoq jahongir” satrlaridan soʻng “Demam, bukun, u manim, manim” degan izhor keladi. Avvalo, “qaqshatdi” soʻzining tanlanishiyoq jahongirga biryoqlama shoʻrocha munosabat taʼsirida amalga oshgan. Ikkinchi tomondan, shoir jahongir nomini tilga olmagani ham shu xil munosabat natijasidir. Albatta, bu oʻrinda oʻsha davr sharoitida shoir shunga majbur edi, deya eʼtiroz qilish mumkin. Ehtimol, lekin bu xil eʼtiroz, biznigcha, bukunning urfidan boshqa narsa emas. Boshqa tomoni, shoir ijodida uning ilgari Temurga ayni shu xil munosabatda boʻlganini tasdiqlovchi qator misollar bor. Jumladan, “Temur paygʻambarlar qasosi uchun Yetmish ming insonning oldi boshini. Uni qargʻadilar xatosi uchun, Hamon otmoqdalar taʼna toshini”(“Xatolar”) satrlarida Temurni koʻproq xunrez sifatida tanish va tanitish amaliyotining taʼsiri kuzatiladi. Shu xil tanigani uchun ham shoir “Armaniston” sheʼrida bu xalq qismati haqida soʻzlarkan “Yoʻl usti senga ham qoʻngandi Temur” deya uzrxohlik qiladi. “Qarshi qoʻshigʻi” sheʼrida “Bu yerlarda ilk bora yangradi Temur sasi, Chingiziylar boshiga solib qoʻrquv vahmalar” tarzidagi Temurga ijobiy munosabat kuzatilsa, buning ortidanoq uni boshqa jahongirlar bilan umumlashtirgan holda “O, ulardan ne qoldi? Turfa rivoyat faqat... Birovi qurganini boshqasi qildi vayron” tarzidagi xulosa beriladi. Yaʼni, bu oʻrinda ham Temur shaxsiga shoʻrocha munosabat kuzatiladi: uning moʻgʻullar istibdodiga barham berilishidagi tarixiy rolini noiloj tilga olgan holda yaratuvchilik faoliyatini inkor qilish.

Oʻtmish haqida fikr yuritarkan, A.Oripovning lirik qahramoni “shu fursatda qalbimda xasrat bilan Oʻzbegim diyorining kechmishini oʻylayman” deydi. Bu xasrat yurtni vayron qilgan bosqinlaru oʻzaro urushlar, yurtning obodligi haqida qaygʻurmagan, “erga choʻp qadamagan amirlar” haqida oʻylaganida lirik qahramon koʻngliga inadi. Biroq bu xasratlar endi oʻtmish, chunki, u xalqning yaratuvchilik kuchiga ishonadi, boz ustiga:

Chunki dasturin berdi xalqimga buyuk zamon,

Buyuklikdan buyuklik tugʻilib kelgan doim.

Sen ham shu buyuk elda yashnay ber doim shodon,

Ey, sen azamat xalqim, ey, sen tugʻilgan joyim!

Sirasi, shoʻro adabiyotiga xos boʻlmish “oʻtmish - hozir”, “inqilobgacha - inqilobdan keyin” antitezasi A.Oripovning tarixiy mavzudagi deyarli barcha sheʼrlariga xosdir. Jumladan, “Oʻzbekiston” sheʼrida ham oʻtmishga bir qur xayolan ekskurs qilingach, yurtning najoti oktyabr inqilobida koʻriladi:

Xuddi shunga oʻxshash ruh “Armaniston” sheʼrida ham koʻriladi. Shoir arman elining oʻtmishdagi jafolari haqida soʻylarkan, oʻz yurti shoʻrishlari undan kam emasligini izhor qiladi: “Mening ham Vatanim janglar guvohi, Mening ham tuprogʻim toptalgandi xor”; nachora “Tarix deb atalgan qismat bu, axir” deya ovutmoqchi, ovunmoqchi boʻladi goʻyo. Shunisi borki, mazkur holat har ikki xalq uchun ham oʻtmishda, hozirda esa: “Yaxshiyam necha bir zamonlar oʻtib, Koʻrdik Vatanimiz ozod, muzaffar...”

Koʻramizki, 60-yillar mahsuli boʻlmish yuqoridagi sheʼrlarning barida inqilobdan soʻng yurt ozodlikka erishdi, obod boʻldi, ravnaq topdi degan fikr boʻrtib turadi. Albatta, bu oʻrinda “obod boʻldi”, “ravnaq topdi” degan qarashning muayyan real asosi borligini ham tan olish zarur. Biroq “yurt ozod boʻldi” degan qarashning asosi puchligini keyingi taraqqiyot yaqqol koʻrsatdi. Xoʻsh, unda bu xil qarash, bu xil kayfiyat nimaga asoslanadi? Bizningcha, bu xil yanglish tasavvurning yuzaga kelishi davrning ijtimoiy-psixologik muhiti bilan koʻp jihatdan bogʻliqdir. 60-yillarda butun illatlari Stalin shaxsiga agʻdarilgan sotsialistik tuzum oʻziga nisbatan ishonchni tiklab oldi, “reabilitatsiya” qilingan gʻoyaga odamlarda ishonch uygʻondi va jamiyatning aksariyati “80-yillarga borib kommunizmda yashaymiz” degan choʻpchakka yana dildan ishondi. 60-yillar adabiy avlodi, jumladan, A.Oripovning shaxs va ijodkor sifatida shakllanish davri shu choʻpchak toʻqila boshlagan paytga toʻgʻri keldiki, u bunga yoshlikka xos joʻshqinlik bilan ishondi. Shoirning shu davrda yozilgan sheʼrlaridan birida “kommunizm ishi bugun men uchun Barcha shaxsiy ishdan koʻra shaxsiyroq” deya hayqirishi yoxud oʻsha mashhur “Oʻzbekiston” sheʼrida yurtining iqbolini “kommunistik kengliklar osha ayon koʻra olgani”ni aytishi ham shundan. Sunʼiy nafas olib turgan ishonchning oʻlimi, tarixiy mavzudagi sheʼrlarda milliy oʻzlikni anglashga intilishning kuchayishi esa keyingi oʻn yillik chekiga tushdi.

“Ilk avval koʻzimni ishq bilan ochdim...”

Suhbatlar, nutqlar, soʻz boshilar, taqrizlar

Suhbatlar, nutqlar, soʻz boshilar, taqrizlar

Dilmurod Quronov