← Dilmurod Quronov
|

Hamid Olimjonni bilamizmi?

Dilmurod Quronov

Maqola · 2002 · «Mutolaa va idrok mashqlari» toʻplamidan

Tarix – insonni shaxs sifatida shakllantiruvchi muhim omillardan biri. Tarixni oʻrgangan sari, kechmish voqea-hodisalar mohiyatini anglagan sari kishining dunyoga nazari teranlashib, atrofida yuz berayotgan hodisalar mohiyatiga yaqinlashib boradi. Tabiiyki, bunday odam kimningdir yetovida yurishi mumkin emas, chunki u oʻz qarashiga, oʻzining anglangan ijtimoiy maqomi va mavqeiga ega boʻladi. Uning jismi erkin boʻlmasligi mumkin, lekin ruhi har vaqt erkin boʻladi. Shundan boʻlsa ehtimol, fotihlarning deyarli barchasi oʻzlari zabt etgan yurtlarda xalq xotirasidan oʻtmishni oʻchirishga intilgan. Biroq ular ayni maqsadga ayrim yurtlarda anchayin oson erishgan boʻlsalar, boshqalarida istalgan natijaga erisholmaganlar. Negaki, xalqning tarixi nechogʻli boy boʻlsa, uning millat xotirasidan oʻchishi-da shunchalik qiyin kechadi. Zero, asrlar davomida «suyak surib» avloddan avlodga oʻtib kelayotgan boy tarixiy xotira mudrashi mumkin – mutlaqo oʻchib ketishi dushvor.

Oʻzini fotih emas, aksincha, «ozod qiluvchi» degan daʼvo bilan chiqqan Shoʻro ham siyosatda fotihlardan gula koʻtargan edi. Shoʻro oʻtmishni qora rangda koʻrsatish, shu asosda oʻz siyosatining mutlaq toʻgʻriligiga ishontirish yoʻlidan bordi va 15 yillar ichida bu maqsadiga qisman erishdi. Negaki, bu vaqt mobaynida shoʻro sharoitida tarbiyalangan, «shoʻrochasiga» koʻradigan yangi avlod yetishdi. Otalar va bolalar orasidagi ziddiyat kuchaydi, eng yomoni, jamiyat taraqqiyotining hosilasi va rivojlanishning muhim omillaridan boʻlmish mazkur tabiiy ziddiyat sifat jihatidan oʻzgarib, koʻproq mafkuraviy asosdagi ziddiyat maqomini ola boshladi. Yangi avlod nigohini faqat kelajakka qaratish, oʻtmishni tamomila nigilistik inkor qildirishga intilish shoʻroning ongdagi buzgʻunchiligi ediki, bu – totalitar jamiyatni barpo etishning zarur sharti. Zero, «yerdagi jannat»ni qurish xayoliga andarmon «manqurt»lar jamiyatidagina shaxs tushunchasini yemirish, barchani birdek oʻylaydigan «vintcha»larga aylantirish mumkin boʻladi. Ongdagi buzgʻunchilik natijasi oʻlaroq, 20 – 30-yillarda oʻzining jamiyatdagi oʻrni va maqomini belgilashga faol kirishgan yosh boʻgʻin bashariyat tarixini oktyabr toʻntarishidan hisoblashga moyillashgan, Shoʻroning oʻz mudhish maqsadiga yetishi aniqday boʻlib qolgan edi... Shukrki, millatimizning tarixi mingyilliklar bilan oʻlchanadi: boy tarixiy xotira mudradi – oʻchib ketmadi, uning uygʻonishi, oʻziga kelishi uchun esa kichkina bir turtki kifoya...

Ikkinchi jahon urushi davrida, fashistlar Germaniyasi qizil imperiya ostonasiga kelib qolgan pallada bu ofatni millionlab jonlarni qurbon qilishning oʻzi bilangina daf etish dushvorligi ayon boʻlib qoldi. Zero, qullik asoratiga tushib qolmaslik, qullikdan hazar qila bilish uchun jonning oʻzi kifoya emas, ruh ham kerak! Ruhki, oʻzining kimligini bilgan, teran tomirlardan oziqlangan holda «oliy irq» daʼvosiga qarshi tura oladigan ruh kerak edi. Doʻppi tor kelgan ayni shu pallada shoʻro hukumati adabiyot va sanʼatning tarixga murojaatiga ragʻbat bildirdi: shoʻro adabiyoti va sanʼatida oʻnlab tarixiy asarlar dunyoga keldiki, ular xalqqa ruhiy madad boʻldi, gʻalabaga ishonchini mustahkamladi, kurashga ruhlantirdi. Oradan maʼlum vaqt oʻtgach esa muzaffar shoʻroning adabiy siyosatiga shoshilinch tahrirlar kiritildi: bu asarlar sassizgina eʼtibordan qoldirildi, sahnalardan olindi, kinolentalar arxivlarning uzoqroq tokchalariga tiqildi. Ularni imkon qadar eslamay qoʻyildi, eslaganda ham umumiy sanoqda aytib oʻtish bilan cheklanila boshlandi... Qiziq holat, sirli holat... Biz bu xil adabiy siyosatning mohiyatini anglash uchun oʻsha davrda yaratilgan H.Olimjonning «Muqanna» dramasini koʻzdan kechirishni niyat qildik...

Keyingi yillarda H.Olimjon shaxsi, ijodiy merosiga munosabat biroz sovibroq qolgani sir emas. Sababi, biz uzoq yillar davomida H.Olimjon timsolida shoʻro tuzumining maddohinigina koʻrib oʻrgandik. Aniqrogʻi, bizga shunday uqdirildi: shoirning dilbar sheʼrlarini bir yon qoʻyib, ayni shu qiyofani gavdalantiradigan asarlari oʻrgatildi, zoʻr berib tashviq qilindi. Holbuki, H.Olimjon XX asr oʻzbek milliy madaniy zaminida yetishgan eng yorqin isteʼdodlardan biri edi. Afsuski, bu isteʼdod koʻproq nokerak narsalarga sarf boʻldi... Nachora, aslida bu ham shoirning qismati: murgʻak yoshidanoq shoʻro taʼsirida shakllangan, oʻziga singdirgani yolgʻon haqiqatlarga chin haqiqat deya yurakdan ishongan va oʻsmirlarga xos oʻjar fidoyilik bilan davrining ziddiyatli gʻoyaviy kurashlar maydoniga kirgan faol shaxs hayoti, ijodi, faoliyati tendensioz boʻlmasligi mahol edi. Zero, isteʼdodning chinakam sanʼat asariga doʻnishi uchun ijodkor hayotni goʻyo «chetdan» estetik mushohada (esteticheskoye sozersaniye) qila olishi, boshqacha aytsak, ruhan «uzlat» holatida boʻlishi darkor. Qaynoq faoliyat kishisi boʻlmish H.Olimjonda bunday imkoniyat kam boʻlgan, natijada aksar asarlari shu xil holat mahsuli emas, koʻproq ijtimoiy faoliyatining inʼikosi tarzida dunyoga kelgan. Ehtimol, ne-ne aqllarni loyqalagan gʻoyaviy kurashlar surʼatining susayishiyu hayotiy tajribaning ortishi barobari ulkan isteʼdodini toʻla namoyon qilish imkoniyati ham ortgan boʻlarmidi, afsuski, qismat H. Olimjonga bunday imkoniyat qoldirmadi. Taqdirning oʻyinini qarangki, shoʻro zamonida «baxt va shodlik kuychisi» deya alqangan shoir keyincha «shoʻro zamonida baxt va shodlik kuychisi» boʻlgani uchun-da eʼtibordan qoldi...

Yoʻq, taqdirdan nolib boʻlmaydi, unga tan bermoqdan oʻzga chora yoʻq. Sirasi, taqdir H.Olimjonga qisqa ijodiy umri davomida bir bora ruhan «uzlat» holatida boʻlish uchun katta imkoniyat yaratdi ham. Biz shoirning tarixga murojaat etib, «Muqanna»ga qoʻl urganini nazarda tutmoqdamiz. Albatta, bunga eʼtiroz boʻlishi mumkin: «Muqanna»ning yaratilishida ham «ijtimoiy zakaz» bor edi-ku?!» Ha, biroq, bizningcha, «Muqanna»ni shoirning urush davridagi boshqa asarlari sirasidagina koʻrish xato boʻlur edi. Zero, mavzuning oʻtmishdan olinganiyoq ijod jarayoniga muayyan oʻzgarishlar kiritadi. Birinchisi: agar bunga qadar H.Olimjon oʻzi ichida qaynab yotgani hayot haqida undan uzilolmagan holda yozgan boʻlsa, «Muqanna»dagi tasvir predmeti – oʻtmishdan avtomatik tarzda uzilgan, yaʼni, oʻtmish uning uchun birinchi galda estetik mushohada obyekti. Ikkinchisi: biz odatlangan «tarixga murojaat qildi» degan jumla aslida mohiyatga unchalik mos kelmaydi. Negaki, tarix jonsiz faktlar majmuigina emas. Shaxs ongi tarix bilan toʻqinganda oʻsha faktlar jonlanadi. Shunisi ham borki, bir tomondan, faktlar shaxs orqali, yaʼni, uning kayfiyati, holati, qarashlariga bogʻliq va ularga mos holda jonlanadi; ikkinchi tomondan, jonlangan tarix shaxsning holati, kayfiyati, qarashlariga zarur tahrirlar kiritadi. Demak, shaxsning tarixga «murojaat»i mohiyatan ikkiyoqlama jarayon – muloqot ekan. Shaxs ongida jonlangan faktlar faollashgach, uning oʻzini ruhiy faollikka – oʻxshashlik asosida (metaforik tarzda) zamonasini mushohada qilishga undaydi, oʻz davrini teranroq anglashiga asos boʻladi. Bizningcha, «Muqanna»ni yozish davomida H.Olimjon ruhiyatida ham xuddi shunday jarayon kechganki, endigi muddaomiz buni imkonimiz doirasida asoslash boʻladi.

Maʼlumki, dramatik asarda muallif shaxsi bilvosita namoyon boʻladi – personajlarga, dramatik holatlarga singdirib yuboriladi. Shu jihatdan qaralsa, «Muqanna»da, ayniqsa, uning dastlabki sahnalarida muallif shaxsi, fikrimizcha, Guloyin obrazida oʻz aksini topadi. Asarning ilk koʻrinishida Guloyin haqida ota-onasining qisqagina gap almashishidan uning bahorni, gullarni, umuman, goʻzallikni sevuvchi hassos qalb egasi ekani anglashiladi. Guloyin sahnada ilk bor «soatlab dala aylangach», endi «gulga botib kelayotgan» holda paydo boʻladi. Onasi Gulobod nazdida qizi – baxtiyor, xushvaqt; negaki, goʻzallikka oshufta koʻngil uchun boshqacha boʻlishi ham mumkin emasdek. Biroq ona-bola orasidagi dialog bu tasavvurni yoʻqqa chiqaradi:

Gulobod

Yolgʻizim,

Lola kabi ochilibsan oʻzing ham.

Guloyin

Lola kabi yuzim qizil, ichim gʻam.

Shu oʻrinda ikkita muhim nuqtaga eʼtiborni tortgimiz keladi: birinchisi – Guloyin oʻzi istagan narsaga erishgandek-u, undan qoniqmaydi, koʻngli taskin topgan emas; ikkinchisi – atrofidagilar, hatto tuqqan onasi uning ichidagidan bexabar, uni baxtli deb tasavvur etishadi. Ona qizini baxtiyor koʻrishni, loaqal shunday inonchida qolishni istaydi, oʻzini ham qizini shunga ishontirgisi keladi:

Gulobod

Nega darkor, qizim, axir, shu gaplar,

Xursandsan-ku, qoʻllaringda chechaklar.

Guloyin

Chechak bilan xursand boʻlsa gar odam,

Yer yuzida boʻlmas edi qaygʻu-gʻam.

Hamma unda yolgʻiz bir gul terardi,

Na xohishi, na ozori, na dardi...

Sirtdan qaraganda baxtli koʻringan Guloyinning ichi toʻla gʻam, koʻnglida «xohish, ozor, dard» borligi bejiz emas. Bu, bizningcha, «shodlik va baxt kuychisi» sifatida tanilgan H.Olimjonning, tarix bilan toʻqinganida u orqali zamonasini va zamonadagi oʻzini «chetdan» mushohada qilayotgan shoirning «Muqanna»ni yaratish jarayonidagi holati. Aytmoqchimizki, «Muqanna»ga qadar kechgan hayoti, oʻzi shohidi yoki ishtirokchisi boʻlgan voqealarni tarix koʻzgusiga solib koʻrayotgan, uning tosh-tarozusida tortib koʻrayotgan ijodkor holati, ruhiyati Guloyinda ifoda topgandek koʻrinadi. Shu ehtimolni nazarga olaylik-da, asarning keyingi satrlarini oʻzgacharoq, yaʼni, shunga muvofiq tarzda talqin qilib koʻraylik. Guloyin yuqoridagi fikrini davom ettirib aytadi:

Mana bahor, butun atrof lola, gul,

Hamma odam terganda ham yotar moʻl.

Gul ochilgan qoyalarning boshida,

Lolalar bor buloqlarning toshida.

Ammo hech kim shodu xurram emas-ku?

(Lolani koʻrsatib)

Baxtiyorlik alomati emas bu,

Bahor oʻzi yaxshi narsa, shubhasiz...

Otash

Iching toʻla maʼno sening, dono qiz.

Keltirilgan parchada ham diqqatga molik ikkita nuqta mavjud: biri muallif remarkasi boʻlsa, ikkinchisi Otashning replikasi. Bizningcha, bu oʻrinda har ikkisi ham muallif koʻzlagan tublik maʼnoga ishora sifatida muhim. Endi shu ishoralarga tayanib parchani qayta boshdan koʻrib chiqaylik. Fikrimizcha, parchada tublik maʼnoni tutib turgan quyidagi tayanch nuqtalar mavjud:

Mana bahor...

... hech kim shodu xurram emas...

Bahor oʻzi yaxshi narsa shubhasiz...

Parchani 20 – 30-yillar adabiyoti kontekstida olib qaraylik. Xususan, Choʻlponning «Bahorni sogʻindim» sheʼrida «ijtimoiy bahor» sogʻinchi ifodalangan ediki, undan keyingi avlod vakili boʻlmish H.Olimjon «ijtimoiy bahor»-ni oʻzgacha tushungani shubhasiz. Endi ayni shu odam teranroq mushohada qiladi-da: «Mana bahor...(biz oʻzimiz orzulagan narsaga erishdik – D.Q.) ammo hech kim shodu xurram emas», nega shunday deya oʻyga toladi. Yoʻq, hali u tuzumni, sotsialistik gʻoyani inkor etayotganicha yoʻq: «Bahor oʻzi yaxshi narsa, shubhasiz...» deya ishonadi, faqat uning mavjud amaliyotidan qoniqmaydi. Nega? Buni tushunishga muallif remarkasi yordam beradi:

(Lolani koʻrsatib)

Baxtiyorlik alomati emas bu

Bahor oʻzi yaxshi narsa, shubhasiz...

Koʻramizki, parchadagi satrlar oʻzaro zidlik hosil qiladi: «bahor oʻzi yaxshi narsa», lekin «lola baxtiyorlik alomati emas». Parcha soʻngidagi koʻpnuqta ham, Otashning qiziga qarata «iching toʻla maʼno sening» degani ham satrlar orasidan oʻqish lozimligiga ishora qiladi. Oʻqishga urinib koʻramiz: bu oʻrinda «lola» – ramz, jamiyatni, jamiyat aʼzolari ongini chulgʻagan qizillik ramzi. Birgina lolaning oʻzi bahor boʻlmaganidek, «qizillik»ning oʻzi H.Olimjon orzulagan narsa emas. Yaʼni, Guloyinning ayni paytdagi holatida sotsialistik inqilob gʻoyasiga yurakdan ishongan, endilikda uning natijalaridan qoniqmay turgan muallif ruhiyati suratlanadi.

Eʼtiborli jihati shuki, Guloyin ruhiyatini chulgʻagan mavjud holatdan qoniqmaslik tuygʻusi uning yurt oʻtmishi haqidagi oʻylovlari hosilasidir:

Yurtimizda hatto yaqin zamonda

Koʻp bayramlar boʻlar ekan bahorda.

Juda xurram oʻtar ekan u damlar.

Oʻynar ekan, kular ekan odamlar.

Qani oʻsha bayramlardan bir nishon?

Koʻrib turganimizdek, Guloyinning oʻtmish haqidagi oʻylari uni beixtiyor zamonasiga qaytaradi – qiyoslashga, fikrlashga undaydi; ikkinchi tomondan, qizning gaplarida barq urib turgan oʻtmish sogʻinchi zamonasidan qoniqmaslik natijasidirki, bu tuygʻu oʻtmishning qiz tasavvurida ayni shu tarzda (idillicheski) «jonlanishi»ni taʼminlaydi. Sirasi, bu umuman inson ruhiyati, tafakkur tarziga xos hodisadir. Zero, inson oʻtmish haqida «shunchaki», abstrakt fikrlay olmaydi: u oʻtmishni zamona orqali koʻradi, zamonani oʻtmish orqali baholaydi.

Oʻtmish sogʻinchi insonni faollikka, birinchi galda, ruhiy faollikka undaydi. Guloyin ayni damda ruhiy faollikda yashayotgan shaxs, shu bois ham u: «Dalalarda lola terib yurarkan, Koʻp ajoyib fikrlarga tushdim man», – deya eʼtirof etadi. Uning aqliy-ruhiy faolligi muayyan xulosalarga olib kelganki, onasiga:

Oʻzing aytgan ertaklarni esladim...

(Pauza)

Ertak boshqa, hayot boshqa... qoldim jim, – deydi. Bizningcha, keltirilgan parcha Guloyin bilan «Bolalik kunlarimda, Uyqusiz tunlarimda, Koʻp ertak eshitgandim, Soʻylab berardi buvim» degan mashhur satrlar muallifi H.Olimjon orasidagi ruhiy yaqinlikni ochiqroq namoyon etadi. Oʻsmir yoshidayoq kurash maydoniga kirgan H. Olimjon «romantik» edi, zero, u buvisi aytgan ertaklar olamidan «bolshevistik ertaklar» olamiga koʻchib ulgurgandi, xolos. Endi – maʼlum vaqt hayot qozonida qaynab, zamonasini va oʻzini chetdan mushohada qilish imkoniga ega boʻlgach amin boʻlayotirki, «ertak boshqa, hayot boshqa» ekan. Bu atrofida sodir boʻlayotgan ijtimoiy hodisalar bolsheviklarning vaʼdayu daʼvolariga muvofiq kelmayotganini, til boshqayu dil boshqaligini koʻrgan, anglagan odam xulosasi, hukmidir. Modomiki, «Muqanna»ni yozish jarayonida muallif shunday ruhiy holatda ekan, asar personajlarining oʻz zamonasi haqidagi fikrlarini ayni choqda H.Olimjonning oʻz davri haqidagi fikrlari deb tushunishga haqlidekmiz. Zero, personajlarning tarixiy nuqtai nazardan asarda tasvirlangan davrga taalluqli gaplari metaforik tarzda asar yozilgan davrga taalluqli boʻla oladi, bunga adabiyot tarixidan koʻplab misollar keltirish mumkin. Oʻzimizni shunga ishontirgan holda asarni oʻqishda davom qilamiz:

Guloyin

...Hozir agar sen boʻlmasang musulmon,

Dushman bermas yemoq uchun parcha non.

(Gullarni koʻrsatib)

Bu koʻrganing lola emas, yolgʻiz qul.

Otash

Biz qul edik, hozir butun oʻlka qul.

Hozir gap shul: kim musulmon, kim kofir.

Oʻylaymizki, asar personajlarining yurtdagi mavjud ahvol haqidagi fikrlari muallif mansub voqelikka nechogʻli mosligini ilgʻab olish qiyin emas. Avvalo, arab fotihlari singari bolsheviklar ham yurtga yangi mafkura olib keldilar, barchani unga topintirishga intildilar va ichki siyosatda «yo biz bilan, yo bizga dushman» aqidasiga tayandilar. Shu siyosatning natijasi oʻlaroq qoq boʻlingan yurtning bolsheviklar tomonida turgan, shu siyosat tegirmoniga suv boʻlib quyilgan «Oʻlim yovga» singari sheʼriy aybnomalar yozgan H.Olimjon endi oʻsha siyosatni ham, undagi oʻz ishtirokini ham oʻzgacha tushunadi, oʻzgacha baholaydi. Xoʻsh, qanday tushunadiyu qanday baholaydi? Bizningcha, muallifning tubdan oʻzgargan qarashlari Otashning «Biz qul edik, endi butun oʻlka qul» degan gapida oʻz ifodasini topadi. Maʼlumki, bolsheviklar «eziluvchilarni ozod qilish» daʼvosi bilan maydonga chiqdi, ezilganlarni goʻyo ozod qildi-yu, butun oʻlkani «qizil imperiya» mustamlakasi – quliga aylantirdi. Hayotiy tajribasi ortgan, uni oʻtmish tajribasi bilan boyitgan H.Olimjon oʻzi uchun muhim bir haqiqatni kashf etdi: ozod boʻlmagan yurtda shaxs ozod boʻlolmaydi, shaxs ozod boʻlmagan yurt ozod boʻlolmaydi. Shu maʼnoda Guloyinning: «(Gullarni koʻrsatib) Bu koʻrganing lola emas, yolgʻiz qul» deyishi ham bejiz emas. Yuqoridagi parchaga diqqat qilinsa, Guloyinning oxirgi gapi oldingilariga unchalik bogʻliq emasdek koʻrinadi. Boz ustiga, sirtdan qaraganda gapning ichki mantiqiy-mazmuniy bogʻlanishi ham durust emas: «lola – qul». Shunday esa-da, muallif uni remarka yordamida alohida ajratadi, taʼkidlaydi goʻyo. Shuni eʼtiborga olsak, «lola»ning bu oʻrinda ham ramziy maʼnoda qoʻllangani va shu maʼno muallif uchun muhimroq ekani haqiqatga yaqinroq. Bizningcha, ramzni dramatik holatning umumiy ruhida tushunsak, hatto shoʻro tomonida turganlar («lolalar» – «qizillar») ham mohiyatan quldir degan maʼno anglashiladi. Guloyinning davri haqidagi iztirob toʻla mulohazalarini yakunlovchi tubandagi soʻzlari shu fikrni kuchlab tushadi:

Erkak-ayol oʻz yurtida musofir.

Mana senga kerak boʻlsa gulbahor,

Bahor emas, ustimizga yogʻar qor.

Guloyin tilidan yurtida musofir maqomida yashayotgan, vataniga egalik huquqidan tamomila mahrum odamlarni qul deb atarkan, muallif oʻzini, zamondoshlarini ham nazarda tutadi. Tan olish kerakki, zamonasi va zamonasidagi oʻzini idrok qilishga intilayotgan H.Olimjon bahoda oxirigacha xolis boʻlishga, oʻyidagilarni toʻla iqror qilishga oʻzida jurʼat topadi. Shu bois ham shoʻroning eng otashin sheʼriy targʻibotchilaridan boʻlmish H.Olimjon oʻzi yonib kuylagan «bahor» aslida bahor emasligini tan oladi, modomiki «ustimizga qor yogʻar»kan – qish davom etayotir deya ogohlantirmoqchiday boʻladi. Bulardan koʻrinadiki, u shoʻro siyosatining munofiqona tabiatini ham, «eziluvchilarni ozod qilish» gʻoyasidagi mantiqiy zaiflikni ham chuqur anglab yetadi, buni oʻquvchisiga yetkazishga intiladi.

Guloyin – avvalgi eʼtiqodidan koʻngli tamomila sovigan, izlanishdagi shaxs va shu jihati bilan muallif ruhiyatiga yaqin. Qiz eʼtirof etadiki: «Otash desang, koʻnglim tushar bir gʻashga». Oʻzi topingan eʼtiqodni taftish etib qoniqmagan qahramonning bu iqrorida muallif ruhiyati oʻzining yorqin ifodasini topadi. Tabiiyki, kishining eʼtiqodidan kechishi muayyan ruhiy iztiroblar bilan esh boʻladi, zero, eʼtiqod shippak emaski, eskisini tashlab yangisini kiyib ketaversang. Eʼtiqodida aldangan shaxs qarshisida «nega men bu eʼtiqodni qabul qildimu endi undan kechayotirman? nega unga shunchalar ishongandim? shuncha vaqt unga topinib keldim?» qabilidagi oʻrtovchi savollar koʻndalang boʻlishi tayin. Shu singari savollar H.Olimjonni ham oʻrtagan boʻlishi, ularga javob izlashi tabiiy edi. Muallifning ayni shu izlanishlari natijasi, bizningcha, tubandagi parchada aks etadi:

Otash

Biz hali ham topinamiz otashga.

Sen-chi, qizim?

Guloyin

Nima qila olar edim men oʻzim?

Qancha baland uchsa hamki chumchuq qush

Uyasida oʻrganganni oʻqirmish.

Yosh chogʻimdan oʻtga tomon sen tortding,

Sen otashga topinmoqni oʻrgatding.

Nima qilay. Men nimani bilardim?

Yosh bolani yoʻlga boshlar avval kim?

Ota-ona. Shundaymasmi? Oʻzing ayt!

Otash

Yoshlik oʻzi boʻlar ekan qiziq payt,

Bola yolgʻiz oʻrganishni bilarkan.

Ha, H.Olimjon – ulkan isteʼdod sohibi, parvozi nechogʻli baland boʻlmasin, «uyasida koʻrganini oʻqidi». Sirasi, bolalik chogʻlaridan shoʻro taʼsirida, shoʻro muhiti va gʻoyaviy kurashlar maydonida shakllangan shoirda oʻzgacha eʼtiqod boʻlishi ham mahol edi. Endi – ortiga oʻgirilib, kechagi kunlarini obdon mulohaza qilgach – muallif Otashning «bola yolgʻiz oʻrganishni bilarkan» degan gaplari orqali oʻzining eʼtiqodi anglanmagan, koʻr-koʻrona, oddiygina taqliddan iborat boʻlganini eʼtirof etadi. Guloyinning «Shuncha yillar otashgohga topindim va bilmadim ilohim kim, tangrim kim?» degan gapida esa bu eʼtirof yanada qatʼiyroq, ochiqroq ifoda etiladi. Guloyin, muallif singari, ayrilishda turgan, ongli ravishda oʻz yoʻlini tanlash ehtiyojini tuygan odam. Mavjud yoʻllardan bittasigina qizning koʻngliga yaqin, erkka tashna qalb shungagina moyil:

Ixtiyorni bersang agar menga san,

Ozodlikka topinardim yolgʻiz man.

Guloyinning bu xitobida erksizlikdan zada boʻlgan, yurti va oʻzining qulligini tamom anglagan muallifning qalb isyoni zuhur qiladi. Xolislik haqqi tan olish kerakki, yigit yoshidayoq (asar 1942 – 43 yillarda yozilgan) ruhiyatida, dunyoqarashida bu qadar keskin burilish yasash uchun teran aqlidrokning oʻzi kamlik qiladi – ulkan jasorat ham kerak. H.Olimjon shunday jasorat topa bildi: oʻzini aldab ovutish va xotirjam yashash yoʻlini emas, oʻzini beshafqat taftish etish orqali haqiqatga yaqinlashish yoʻlini tanladi. Bu esa uning chinakam isteʼdod – qoliplarga sigʻmaydigan isteʼdod egasi, tom maʼnodagi SANʼATKOR va SHAXS ekanidan dalolatdir. Goho oʻylab qolasan kishi: agar shu satrlar muallifi bir yil keyin foje oʻlim topmaganida qatagʻonning keyingi toʻlqinidan omon qolarmidi?! Darvoqe, oʻtmish haqida shart maylida fikrlash noravo – uni bor holicha qabul qilgan toʻgʻriroq.

«Muqanna»ning badiiy voqeligi, unda gavdalanuvchi hayotiy holatlar koʻpincha asar yaratilgan davr voqeligini yodga soladi. Bu bejiz emas, albatta. Yuqorida aytdikki, tarixiy mavzuga qoʻl urgan ijodkor zamonasini oʻtmish orqali idrok etadi. Biroq – bu tanganing bir tomoni, xolos; ikkinchi tomoni shuki, ijodkor oʻtmishni zamonasi orqali idrok etadi, oʻtmish zamona prizmasi orqali gavdalanadi. Modomiki, badiiy obrazning materiali reallik va ijodkor shaxsiyati ekan, bundan oʻzgacha boʻlishi ham mumkin emas. Bundan oʻzgacha yoʻl, aytaylik, tayyor gʻoyaviy qoliplar asosidagi talqin ijod emas. Demak, chinakam ijodiy-ruhiy jarayon mahsuli boʻlmish tarixiy mavzudagi asarda obrazning metaforiklik xususiyati yuksak darajada namoyon boʻlishi qonuniyat maqomidadir. Zero, bu narsa avvalboshdan, yaʼni, ijodiy niyatdayoq taʼmin etilgan boʻladi. Tabiiyki, zamona prizmasi orqali gavdalangan oʻtmish asarni oʻqish (tomosha qilish) jarayonida oʻquvchi (tomoshabin)ni yana zamonasiga qaytaradi: oʻquvchi (tomoshabin) ongida «oʻtmish – hozir» paralleli muntazam mavjud boʻladi. Demak, tarixiy asar voqeligining asar yozilgan davr voqeligini yodga solib turishi ham qonuniyat maqomidagi hodisa ekan.

Shu jihatdan qarasak, Otash arab fotihlarining yurtga kirib kelishi haqida aytgan gaplar:

Bu yerlarga ular yangi kelganda,

Zoʻr qarshilik koʻrgan ekan Paykandda.

Bosqinchiga qarshi chiqib butun xalq,

Barchasini qilgan ekan qonga gʻarq.

Mingan oti tizza boʻyi qon kechib,

Soʻng Qutoyba kelgan ekan qon ichib.

Saroylarni olovlarga u tutgan,

Qilich tutgan har bir jonni quritgan... – oʻsha davr oʻquvchisi (tomoshabini) tasavvurida oʻziga yaqin oʻtmishni, Rossiyaning Turkistonni zabt etish tarixini jonlantirishi tabiiy koʻrinadi. Zero, qadim oʻtmishdagiga monand, muallif va oʻquvchiga yaqin oʻtmishda ham yurtimiz ikkita qonli bosqin koʻrgan: chor va shoʻro bosqinini. Boz ustiga, bularning birinchisini davr oʻquvchilarining yoshi ulugʻlari bolalik xotiralarida saqlagan, yoshroqlari esa ulardan eshitib bilgan; shoʻro bosqini, xususan, Kuybishev va Frunzening qonli xatti-harakatlari yetkazgan jarohatlardan esa hali qon silqib turgan payt edi unda.

Bolalik xotiralarida Jizzax qoʻzgʻoloni va uning dahshatli oqibatlari muhrlangan H.Olimjon yigit yoshida «quloqlashtirish» kampaniyasini, mudhish 30-yillar qatagʻonini koʻrganida bu hodisalar orasida mantiqiy aloqa borligini his etadi. Tarixni mushohada qilib, uning tajribalarini oʻzlashtirgach esa qoʻrquv va qoʻrqitishga tayangan shoʻro siyosati mohiyat eʼtibori bilan mustamlakachilik siyosati ekanligiga imon keltiradi. Shu bois ham, bizningcha, «Muqanna»da personajlar arab fotihlari yuritayotgan siyosatni muhokama etuvchi sahnalar yaratilgan. Bu, bir tomondan, muallif oʻz zamonasi haqida yuritayotgan mushohadalarning metaforik ifodasi boʻlsa, ikkinchi tomondan, oʻquvchining zamonasi haqida oʻxshashlik asosida fikrlashiga turtkidir. Masalan, xalifalikdan kelgan Paykandni yer bilan yakson qilish haqidagi farmonning maqsad-mohiyatini qizi Guloyinga tushuntirarkan, Otash aytadi:

Sen bilmaysan, bunda katta hikmat bor.

Xalq yangidan qoʻzgʻalmoqda. Dushmanlar

Koʻrsatmoqchi shuning uchun bir hunar:

Odamlarning yuragini olmoqchi,

Boʻgʻizlarga yana changal solmoqchi...

Tabiiyki, yurtimizdagi istiqlolchilik harakati, Turkiston muxtoriyatining qonga botirilgani, istiqlol kurashchilarining badnom etilganiyu 30-yillar adogʻiga yetmasdanoq bitta-bitta «terib tashlangani»dan xabardor davr kitobxoni Otashning gaplarini faqat arab fotihlarigagina tegishli deb bilmaydi. Boz ustiga, shoʻro «choʻpchak»lariga inonib yashayotgan yosh boʻgʻin vakillarining ham koʻz oldilarida gavdalangan oʻtmish taʼsirida Guloyin misoli «ertak boshqa – hayot boshqa» qabilidagi xulosaga kelib qolishlari ham ehtimoldan yiroq emas. Yoki shoʻro oʻzining mudhish siyosati bilan «odamlarning yuragini olib» boʻlgan, «boʻgʻizlariga changal solib» turgan bir paytda:

Yer yuzidan bir shaharni yoʻqotmoq

Bilan ular xalqning koʻzin qoʻrqitmoq

Fikridalar. Mudhish bir ish. Ham isyon

Qoʻzgʻalmasmish shunday qilsa begumon... – degan satrlar qoʻrquv saltanati fuqarolariga arab fotihlari yuritgan siyosat bilan shoʻro siyosati mohiyatan bir narsa ekanini anglatmasligi mumkinmi?! Bizningcha, yoʻq. Zero, asarni oʻqish (tomosha qilish) davomida xoh ongli va xoh anglanmagan tarzda shu xil fikr tugʻilishi haqiqatga yaqinroq. Albatta, anglanmagan tarzda deganimiz shoʻro taʼsirida shakllangan, uni bashariyat tarixidagi eng adolatli tuzum deya inonib yashayotgan avlodga mansub oʻquvchi (tomoshabin)ga taalluqli. Ertami-kech uning-da hayotiy tajribasi ortib, voqelikni oʻzgacha mushohada qila boshlar – bunda «Muqanna»ning hissasi, shubhasiz, boʻladi. Shu oʻrinda Choʻlpon «Kecha va kunduz»ga epigraf qilib olgan M.Gorkiy soʻzlarini eslatgim keladi: «Maʼrifat chogʻishtirib koʻrish bilan hosil boʻladi, bizning yoshlar esa oʻz koʻrganlarini hech nima bilan chogʻishtirolmaydilar, ular kechmishni bilmaydilar va shuning uchun hozirgi zamonning nimaligini yetarli darajada ochiq anglayolmaydilar». Oʻylashimizcha, «Muqanna»ga qoʻl urgan H.Olimjonning ijodiy niyati romanga qoʻl urgan Choʻlpon ijodiy niyatiga monand edi. Yaʼni, oʻzi kechmishni bilish orqali zamonasi mohiyatini «yetarli darajada ochiq anglagan» H.Olimjon oʻtmishni gavdalantirish vositasida oʻquvchiga (xususan, yoshlarga) «chogʻishtirish orqali maʼrifat hosil qilish», «hozirgi zamonning nimaligini» anglash imkonini yaratadi.

«Muqanna»ning ikkinchi koʻrinishi bugungi oʻquvchiga birmuncha erish tuyulsa, undan daxriylik nafasini sezib oʻngʻaysizlansa, ehtimol. Biroq biz masalaning bu jihatini bir yon qoʻyib, undagi sahnalarga badiiy obraz – muallifning voqelikni anglash va anglatish vositasi sifatidagina qaramoqchimiz. Mahalliy zodagon Feroʻz tomonidan qurdirilgan masjidning ochilish marosimida arab ruhoniysi Jaloyir Otashning oilasini, xususan, Guloyinni islomga daʼvat qiladi. Guloyin oʻzidan nimaga eʼtiqod qilish talab etilayotganini bilgisi, anglagisi keladi. Bunga javoban Jaloyir «Qurʼon soʻzin turkcha aytish mumkinmas» deya eʼtiroz qilganida, Guloyin aytadiki:

Esa bizni qiynamoqni qilgʻil bas.

Tushunmagan yoʻlga bizni boshlaysan,

Jabrlaysan, bagʻrimizni yoshlaysan.

Qiynash nega odamlarning vijdonin?

Daryo-daryo toʻkish nechun el qonin?..

Bu – oʻz ruhiyatiga yot, oʻzi koʻp-da tushunmagan shoʻro mafkurasini zugʻum ostida qabul qilayotgan, bu yoʻlda necha minglab qurbonlar bergan xalq vakili, faqat bir tarzda oʻylashga majburligidan «vijdoni qiynalayotgan» muallif xitobidir aslida... Noiloj qolgan Jaloyir Qurʼon soʻzlarini turkcha aytib tushuntirgach, Guloyinda bir qadar ikkilanish koʻriladi: «Qayga boray, rahbar qilay men kimni?» Qiz «Nima qilay?» deya ota-onasiga murojaat etganida Otashning bergan javobi diqqatga molik:

Imon keltir, oʻz vijdoning boʻlsin sof,

Xursand boʻlsin shu Jaloyir noinsof.

Imon keltir, ehtiyot boʻl, sen shoshma,

Oʻzing sevgan hurriyatdan adashma.

Koʻramizki, Otash hamon oʻz eʼtiqodida sobit, faqat Jaloyirdan qutulish uchungina qizini imon keltirishga undarkan, oʻzi sevgan hurriyatdan adashmasligini soʻraydi. Biroq tashviqotning gipnotik taʼsiridagi Guloyinda ikkilanish shu darajadaki, u endi imon keltirish arafasida... Albatta, Jaloyirning koʻproq Guloyinni tashviq etishi bejiz emas: har qanday mafkura, avvalo, yoshlar ongiyu qalbini egallashga intiladi, bu – uning uchun yashab qolish, yashovchan boʻlish shartidir. Ayni paytda, shu nuqtada Jaloyir mustamlakachilik siyosatining asosi boʻlmish «boʻlib tashla-da hukmronlik qil» aqidasicha ish tutayotgani, avlodlarni mafkuraviy asosda bir-biridan ajratayotgani ham ravshan. Tabiiyki, H.Olimjon bu sahnani yaratishda ham oʻzining hayotiy tajribasiga tayangan, oʻz davri voqeligidan andoza olgan. Zero, millatni «ezuvchi va eziluvchi»larga ajratish hisobiga hokimiyatni qoʻlga olgan shoʻro bu davrga kelib jamiyatni «bizniki – bizniki emas» tarzidagi toifalarga ajratdi, goʻyo xalqning istiqboldagi saodati deya «yot unsur»larni qirgʻinbarot qildi – haqiqatda esa oʻz mavqeini mustahkamlashga intildi va bunga erishdi. Ish shu darajaga yetdiki, ota bilan bola, aka bilan uka, er bilan xotin boshqa-boshqa jabhalarda turib qoldi. Otalaridan tonganini mitinglarda baralla eʼlon qilgan farzandlarni, bir-birini dushman tutgan jigarlarni, gʻoyaviy asosdagina barbod boʻlgan guldek oilalarni koʻrgan H.Olimjon bu ayanch hodisaning ildiziga nazar soladi, unda mustamlakachilik siyosatining mashʼum maqsadlari yotganiga amin boʻladi...

Shoʻro mafkurasining omma ongiga singishi – anglanganlikdan emas, koʻproq uni tashuvchilarning mutaassiblarcha eʼtiqodi, shu eʼtiqodini oʻzgalarga yuqtira olganlarida boʻlsa, ehtimol. Sirasi, shoʻro adabiyoti oʻzi durust anglab yetmagan eʼtiqodni beadad ishonchi bilangina tashviq etolgan «fanat»larning koʻplab timsollarini yaratgan: Furmanovning Chapayevi, Sholoxovning Davidovi va ularning oʻzbek, qirgʻiz, qozoq... egizlari. Jaloyir timsolida ham shu nav tashviqotchini koʻramiz. Guloyindagi ikkilanishni sezgan Jaloyir tashviqni yanada kuchaytiradi: Alloh olamni olti kunda yaratganini yonib bayon qiladi, arablar unga joʻr boʻlib quvvatlab turishadi. Tabiiyki, Jaloyirdagi beadad ishonch oʻz ishini qiladi, Guloyin ruhan sinish darajasiga yetadi: «Nima qildim, endi boshim ham qotdi?» Va ayni shu damda sahnaga Muqanna chiqadi, uning:

Tushunmadim, menga anglat ulugʻ zot,

U qaysi kun qullikni qildi ijod? –

degan savol bilan yakunlanuvchi oʻtli xitobi yangraydi. Jaloyir – joʻngina mutaassib, uning nazdida faqat bitta haq va toʻkis gʻoya mavjud. Bunday odam mafkuraviy bahs yuritishga qodir emas, shu bois ham u Muqanna bilan bahslashmaydi, ovozini oʻchirishga harakat qiladi, xolos. Bizningcha, mazkur epizod ortiga ham zamona soya tashlab turganini sezib olish qiyin emas. Zero, Muqanna singari H.Olimjon ham «hurriyat», «erk», «tenglik», «birodarlik» kabi shiorlarni bayroq qilib koʻtargan shoʻroning amaldagi siyosati mohiyatini anglagach, «U qaysi kun qullikni qildi ijod?» deya qalbida isyon koʻtarishi, oʻquvchisini-da uygʻotishga intilishi tabiiy. Muqannaning Jaloyirga aytgan mustamlaka siyosatiga aybnoma sifatida yangrovchi quyidagi soʻzlari ham, bizningcha, bu fikrimizni, quvvatlaydi:

Yuz yillarkim soʻzlaysan loillohdan.

Juda oddiy bir narsaga hayronman:

Nima uchun yurt chiqmaydi olovdan?

Nima uchun el qutulmas talovdan?

Nima uchun elni bosgan hasharot?

Din, hiroj deb oʻz-oʻziga qoʻydi ot?

Nega qildi elni buncha gadoy, xor?

Nega boʻldi hamma senga otboqar?

Qiz onadan, xotin erdan ajraldi,

Kosib uydan, dehqon yerdan ajraldi?

Nima uchun?

Koʻramizki, Muqanna arab fotihlari yuritayotgan siyosat bilan islom aqidalari mos emasligini, Alloh nomi bilan qilinayotgan ishlar aksar uning buyurganlariga zidligini taʼkidlaydi. Umid qilamizki, zukko oʻquvchi «nima uchun» bilan boshlanuvchi har bir satr ortida akslanuvchi muallif zamonasi, unga yaqin oʻtmishni sharhsiz ham fahmlab oladi. Boz ustiga, ushbu satrlarni oʻqiganda u beixtiyor Choʻlponning mashhur «Buzilgan oʻlkaga» sheʼrini eslaydi, uning dardiyu ohangini his qiladi. Tabiiy bir savol tugʻiladi: xoʻsh, nima uchun H.Olimjon – yaqindagina «adabiyotimizdagi millatchilik koʻrinishlari»ga qarshi kurashgan, «Buzilgan oʻlkaga»ga qarshi oʻlaroq «Tuzalgan oʻlkaga»ni yozgan avlod vakili – «Muqanna»da Choʻlpon ohanglarini tikladi? Tasodifmi, milliy-adabiy anʼanalarning gʻayrishuuriy taʼsirimi? Bizningcha, bugina emas. Modomiki, H.Olimjon «Muqanna»-ni yaratish onlarida Choʻlponga ruhan yaqinligini yashirmay ifoda etibdi, demak, bundan aniq bir maqsadni koʻzlagan – oʻquvchisini-da shu ruhga oshno etishni niyat qilgan...

Xalqining, shu xalq vakili sifatida oʻzining qulligini anglagan inson vujudida milliy gʻurur junbishga kelishi, qalbida alamli iztirob qoʻzgʻashi tabiiy. Bunaqa paytda kishi mustamlakachilarning, mustamlakachi xalq vakillarining oʻz xalqiga, oʻziga qanday munosabatda ekanini mushohada etishga moyil boʻladi va, aytish kerakki, iztiroblari yanada kuchayadi. Choʻlpon, Fitrat, A.Qodiriy... lar asarlarida kuzatilgan bu nav kayfiyat «Muqanna» ustida ishlayotgan palla H.Olimjonga ham yot emas edi. Muqanna tilidan aytilgan tubandagi soʻzlar, bizningcha, fikrimizni dalillay oladi:

Dushmanlaring, ojiz boʻlsang sen agar,

Mehmon boʻlib kelib sening uyingga,

Koʻkragingga tepib kirar toʻyingga.

Haqoratga koʻmar seni u toza...

Ravshanki, bu soʻzlar yurtga endi bosib kelishi mumkin boʻlganlar (deylik, nemis fashistlari) haqida boʻlolmaydi, ular koʻproq yurtga rostmana egalik qilib turganlar haqidadir. Bu – millatining oʻzligiga tajovuz boshlangani, milliy qadriyatlarining toptalayotganiga amin boʻlgan muallifning qalb isyoni, «yoʻlini qilib» urgan bongidir. Arab sarkardasi Battolning Guloyinga qarata aytgan «Sen asirsan, qaydan senga baxt boʻlsin, Shodlikka ham kerak axir – uy, vatan» degan haqoratli taʼnasi (oʻzingda mavjud kamchilikni yuzga solib qilingan haqoratdan ogʻirroq haqorat boʻlishi mumkinmi?!) ham, avvalo, yurtida sigʻindi, vatanida bevatan boʻlgan muallifning oʻziga, yurtdoshlariga qaratilgan. Qurol kuchi bilan oʻzga bir xalqni boʻysundirgan Battol «Qilich bilan kirdim men bu tuproqqa, Yana qilich chiqaradi qirgʻoqqa» deya ishonadi, bu ishonch uni havolantirgan, oʻzidan ketkazgan. Shuning natijasi oʻlaroq Battol oʻzini bu oʻlkada istagan narsasini qilishga haqli deb biladi. Yolgʻiz kuchga ishongan, ungagina topingan bu odam, tabiiyki, yurtning asl egalariga bepisand munosabatda boʻladi:

Shuni bilki, xalq misoli bir poda,

Xohi otda, xohi boʻlsang piyoda

Hayday olish kelsa agar qoʻlingdan,

Poda yurar sen boshlagan yoʻlingdan...

Albatta, bu haqoratomuz gaplar oʻqilganda va yo sahnadan yangraganda oʻquvchining, tomoshabinning milliy gʻururiga tegishi, «nahotki poda boʻlsak?» tarzidagi oʻyga toldirishi tabiiy. Muallifni ham shu oʻy qiynaganki, buning ziddi sifatida «tiz choʻkib yashagandan tik turib oʻlmoq»ni afzal bilgan qahramonlarni, shu xulosa boʻrtib turadigan sahnalarni yaratadi. Xususan, Guloyin oʻlar chogʻi «Bir necha kun havas bilan yashadim, Hatto erkin nafas bilan yashadim» derkan, faqat shu erkinlikdagi «bir necha kun»nigina yashash deb biladi. Zero, uning uchun qullikda kechgan umr – hayot emas. Soʻzning, sanʼatning sohir kuchi taʼsirida hayot bilan vidolashayotgan qizning: «Armonim shu: koʻrolmadim elni shod, Koʻrolmadim vatanni yovdan ozod» degan armoni oʻquvchiga, tomoshabinga meros boʻlib qoladi...

Yuqorida aytganimizdek, «Muqanna»da bevosita oʻzi yaratilgan payt – urush davrining ijtimoiy-siyosiy holatiga qaratilgan aktual mazmun yuzadayoq qalqib turadi. Bu haqda koʻp fikr bildirilgani, ikkinchi tomoni, maqsadimizga kirmagani bois bunga toʻxtalmadik. Aksincha, biz uni fikran olib tashlab, asarning chuqurroq qatlamlariga nazar solishga, shu orqali muallifining ijod onlaridagi ruhiyatini tasavvur qilishga, oʻy-fikrlarini uqish, his-tuygʻularini koʻngildan kechirib koʻrishga intildik. Maʼlumki, konkret ijodkor tomonidan yaratilgan asarlarning bari bir tekis yaxshi, bari ham sanʼat hodisasi boʻlolmaydi. Faqat yaratilishiga shaxsiy yoki rostmana shaxsiylangan ijtimoiy dardning hosilasi boʻlmish maʼnaviy-ruhiy ehtiyoj turtki boʻlgan, chinakam ijodiy-ruhiy faoliyat mahsuli oʻlaroq dunyoga kelgan asarlargina sanʼat hodisasi sanalishi mumkin. Bunday asarlarning har biri – ijodkorning idealga (Haqqa, haqiqatga) yaqinlashuvidagi tugal bir bosqich. Demakki, «Muqanna»ni yozgan H.Olimjon «Muqanna»gacha boʻlgan H.Olimjon emas. Zero, oʻtmish orqali zamonasi va zamonasidagi oʻzini anglagan H.Olimjon qarashlarini yangidan tizim sifatida butunlab olgan, endi shunga mos maqom tutishi mumkin boʻlgan shaxsdir. Yaʼni, endi u «baxt va shodlik kuychisi» boʻlolmaydi, aksincha, uzoq va oʻziga yaqin oʻtmishdan kelayotgan erk kuyiga qoʻshilib xirgoyi qilishi tabiiyroq. «Muqanna» bilan H.Olimjon millatning asl farzandlari kuylagan erk kuyiga joʻr boʻla oldiki, toʻla asos bilan «Men elimning yuragida yashayman, Erk deganning tilagida yashayman» deyishga haqli edi.

2001 yil

Dilmurod Quronov