← Dilmurod Quronov
|

Zamonga oʻtmishdan bir nigoh

Maqola Aʼzamjon Hamroqulov bilan hammualliflikda yozilgan

Dilmurod Quronov

Maqola · 2004 · Sharq yulduzi, 2004, №2 · «Mutolaa va idrok mashqlari» toʻplamidan

Maʼlumki, urushning dastlabki oylaridayoq Oybek «Mahmud Torobiy» dramatik dostonini yozgan, shu asar asosidagi libretto nisbatan tez fursatda sahnalashtirilgan edi. Shunga qaramay, Oybek bu mavzuga yana qaytadi: Hamza teatri uchun «Gʻalvirchi» nomli pyesani, rus adibi A.Deych bilan hamkorlikda «Shit naroda» pyesasini yoza boshlagan. Adabiy davralarda adib Torobiy mavzusida yirikroq asar, ehtimolki, roman yozishni niyat qilgan degan gaplar ham eshitilib turadi. Sirasi, bu fikrda jon borga oʻxshaydi. Negaki, tugallanmay qolgan har ikki pyesa, ularning turli rejalari, ssenariylari kuzatilsa, mavzuning badiiy talqinida epik koʻlamning tobora kengayib borganiga amin boʻlamiz. Qoʻlyozmalarga bir qur qiyosiy nazar solinsayoq, mavzu talqinida ijodkorning tinimsiz izlanishda ekani koʻrinadi: asarga yangi syujet motivlari, dramatik holatlar, personajlar qoʻshib boriladi; ayrim nuqtalar boʻrttirilsa, boshqalari birmuncha susaytiriladi. Yaʼni, material bilan jonli muloqot davom etadi: goʻyo Oybek hamon tasvir obyekti mohiyatiga chuqurlashib borayotgandek, material ijodkorga, ijodkor materialga singib ketayotgandek tuyuladi. Xoʻsh, Torobiy mavzusi nimasi bilan Oybekni bunchalar maftun etdi? Nima uchun adib bu mavzuga qayta-qayta murojaat qiladi? Muddao yetakchi teatrimiz uchun asarning nasriy variantini yozishgina edimi?..

Bizningcha, Oybek Torobiy timsolini Hamza teatri sahnasida jonlantirishni niyat qilganidangina emas, koʻproq, qoniqmaganlikdan yana mavzuga qaytadi. Yaʼni, fikrimizcha, adib dramatik dostondan ham, librettodan ham yetarli qoniqish tuymagan, tuya olmay qolgan. Nega?

Keyinroq, 1945 yil kuzida, Oʻzbekiston yozuvchilar soyuzida M.Shayxzodaning «Jaloliddin Manguberdi» tragediyasi boʻyicha oʻtkazilgan munozarada soʻzlagan nutqida Oybek libretto yozilgan paytni eslab: «... sharoit, hatto tasvirlangan voqealar tarixiy faktlarga muvofiq kelmasa-da, xalqni Vatan uchun fidokorona kurashga ruhlantiruvchi asarlar yozishni talab qilardi. 1941 yil oxirida, gitler qoʻshinlari Moskva yoniga kelib qolgan bir paytda, kishilarimiz yuragiga yangi kuch, gʻalabaga ishonch bagʻishlaydigan asar kerak edi», – degan edi. Darhaqiqat, libretto – urush davrining «ijtimoiy buyurtma»siga (aytish zarurki, bu «ijtimoiy buyurtma» adibning qalb amriga toʻla muvofiq kelardi) «labbay» tarzida yozilgan asar.

A.Potebnya fikricha, agar ijodkor muayyan bir fikrni ifodalash, isbotlash yoki singdirish uchun hayotdan misol olsa-yu, shu aniq maqsadga intilsa, u – olim, voiz, valiy, aslo sanʼatkor emas. Agar u, misolni olgach, uni tasvirlashning oʻzidan zavq olsa, shu zavq kuchi bilan unga hayotiylik, aniqlik baxsh etolsa, oʻsha misol maqsad qilinganidan-da koʻproq (hatto, maqsad qilinmagan) narsalardan soʻylashi muqarrar.1 Shunga oʻxshash, Oybek avvaldan belgilangan maqsad bilan librettoga qoʻl urganki, tarixiy material uning uchun bir vosita edi, xolos. Shu bois ham asarda publitsistik ruh ustuvor, tarixiy material tamomila maqsadga boʻysundirilgan – asar bir zarbda yozib tugatilgan, maqsadga erishilgan. Biroq asar ustidagi ish jarayonida tarixiy material jonlanib ulgurgan, u bilan ijodkor orasida dialogik munosabat (M.Baxtin) vujudga kelgan, demakki, endi material ijodkor izmidagi vositagina boʻlmay qoldi – adib uni tasvirlashning oʻzidanoq zavq tuya boshladi. Ayni shu narsa Oybekni yana mavzuga qaytaradi, aniqrogʻi, mavzudan chiqishiga izn bermaydi – tarixiy materialga chuqurroq shoʻngʻish, uni chinakam estetik mushohada qilishga undaydi. Taʼkidlash joizki, shu xil zavqning mavjudligi – ijoddan qoniqish hosil qilishning asosi, muhim shartidir.

Ilgari ham aytganimizdek, ijodkor oʻtmishni zamonasi orqali idrok etadi, oʻtmish zamona prizmasi orqali gavdalanadi. Boshqacha aytsak, ijodkor tarixiy voqelikni zamonasidan andoza olgan holdagina badiiy gavdalantirishi mumkin. Negaki, u oʻtmishda yashab koʻrgan emas, uning hayot haqidagi, inson, insonlararo munosabatlar (kengroq olsak, umuman, ijtimoiy munosabatlar) haqidagi tasavvurlari zamonasida shakllangan. Yaʼni, faktlar oʻtmishdan olingani holda xarakterlar talqini, hayotiy holatlar tasvirida ijodkor oʻzining hayotiy tajribasiga tayanadi. Demak, ijodkor tasvirda zamonasidan nechogʻli uzoqlab ketmasin, badiiy talqinda undan tamoman uzilib ketishi mumkin emas. Shunga koʻra, tarixiy mavzudagi asar ayni paytda zamonaviy asardir. Bu fikrimizni oʻzgacharoq yoʻsinda asoslashga harakat qilamiz. Maʼlumki, adabiyotshunosligimizda «mavzu asarda tasvirlangan hayot materiali bilan unda qoʻyilgan muammolar jamini tashkil qiladi» tarzidagi fikr ustuvorroq. Holbuki, mavzu va problema bir-biriga uzviy bogʻliq, biroq boshqa-boshqa tushunchalar. Shu bois ham adabiyotshunoslikda asarda qoʻyilgan muammolarni problema, qalamga olingan hayot materialini mavzu deb ajratish anʼanasi ham mavjud va bu, bizningcha, toʻgʻriroq ham. Tabiiyki, ijod jarayoni nuqtai nazaridan problema birlamchi: sanʼatkor oʻz hayot yoʻlida muayyan muammolarga duch keladi, ularni oʻzi uchun hal qilishdek oʻtkir ehtiyojni tuyadi. Sirasi, ayni shu ehtiyoj badiiy ijodga turtki beruvchi birlamchi omildirki, badiiy asar «ehtiyoj farzandi» (A.Oripov) deyilishi bejiz emas. Problema mavzuni belgilaydi, negaki, ijodkor oʻzini qiynagan muammolarni badiiy idrok etishga eng qulay imkoniyat bera oladigan hayot materialini qalamga oladi. Tarixiy mavzudagi asarning zamonaviyligi ham ayni shu narsa bilan – problemaning har vaqt zamonaviy (yoki zamon tushunchasidan yuqori – mangu muammo) boʻlishi bilan belgilanadi. Jumladan, Oybek oʻzining urushga, fashist bosqinchilariga munosabatini ifodalash uchun juda qulay materialni – Torobiy boshchiligidagi moʻgʻul bosqinchilariga qarshi kurash voqealarini tanladi. Maqsad aniq belgilangan edi, biroq, yuqorida aytdikki, dramatik dostonni yozish jarayonida muallif bilan tarixiy material orasida dialogik munosabat vujudga keldi – material maqsad qilinganidan koʻproq narsalarni soʻylay boshladi. Deylik, Oybek realist sanʼatkor sifatida asarda qoʻzgʻolon sabablarini, xalqda bosqinchilarga nafrat uygʻotgan omillarni koʻrsatishi lozim edi. Koʻrsatdi. Tabiiyki, asarda jonlantirilgan omillar, aslida, adibning oʻz zamonasida u yoki bu tarzda koʻrgan, guvohi boʻlgan hayotiy holatlarning oʻtmishga proyeksiyasi edi. Jonlangan tarix endi adibga oʻzini qiynab kelayotgan muammolarni badiiy idrok etish, zamonasini anglash va unga munosabat bildirish imkonini taqdim qilayotir. Shu bois ham Oybek konkret maqsadga qaratilgan dramatik dostonni yozishning oʻzi bilan qanoat qilolmay qoladi – yana va yana mavzuga qaytadi. Sirasi, biz bu oʻrinda Oybek isteʼdodi tabiatiga xos holatni ham koʻrishimiz mumkin. Maʼlumki, Oybek oʻzida hassos lirik va teran epik tafakkur sohibini mujassam etgan sanʼatkor edi. Uning ijodiy tadrijida dilbar sheʼrlaru dostonlardan romanga oʻtilgani, konkret materialni (mas.: Navoiy mavzusi) avvaliga lirik mushohada etib, soʻng epik talqinga kirishgani buning yorqin dililidir.

Epik koʻlamning kengaygani «Gʻalvirchi»ning ilk sahnalarini dramatik doston va librettoning ilk koʻrinishlariga qiyoslagandayoq yaqqol koʻzga tashlanadi. Dramatik doston bilan librettoning ilk koʻrinishlari bir-biriga deyarli oʻxshash: har ikkisida ham bahor fasli, buloq boshiga kelgan qizlarning ishq-muhabbat haqida soʻzlashishlari, Jamila bilan Yodgorning uchrashuvi...– xullas, nisbatan osoyishta qishloq hayoti tasviridan boshlanadi. Bundan farq qilaroq, «Gʻalvirchi»ning ilk sahnasi Torobiyning: «Ajab zamon! Oʻylasang tars yorilib ketasan. Oʻylamaslikka iloj yoʻq: fikr kelaveradi, qaynayveradi. Har bir oʻtgan kun yurakning bir parchasini ogʻulab ketadi...» qabilidagi mushohadalaridan boshlanganki, qahramonning zamon, hayot, inson va uning taqdiri haqidagi oʻylari oʻquvchi(tomoshabin)ni gʻoyaviy-hissiy jihatdan asarni qabul qilishga tayyorlanishga undovchi darak, oldindagi jiddiy tahlildan oʻquvchi(tomoshabin)ga berilgan avans goʻyo.

Qoʻzgʻolonga turtki bergan voqea libretto va dostonda deyarli oʻxshash: birinchisida moʻgʻullar qishloq ahlidan oʻlgan ulugʻlarining qabriga qoʻshib koʻmish uchun yosh qizlarni talab qilishsa, ikkinchisida Chigʻatoy uchun «savgʻo» («besh-oʻn hunarmand» va yana «xonga bir necha qiz, Suluv boʻlsin, yolgʻiz suluv») talab qiladilar. Har ikki asarda ham nisbatan osoyishta qishloq hayoti tasvirining ayni sahnalarga almashinishi keskin kontrastlilikni yuzaga keltiradiki, bu narsa ularning publitsistik ruhi, appelyativ maqsad (yaʼni, oʻquvchiga taʼsir oʻtkazish) yetakchiligi bilan izohlanadi. Yaʼni, bu oʻrinda oʻquvchi(tomoshabin)ning jonlangan oʻtmish bilan zamonasi orasida analogiyalar topishi, moʻgʻullarga nisbatan nafratini osoyishta hayotiga rahna solgan fashistlarga koʻchirishi koʻzda tutiladi. Toʻgʻri, bungacha har ikki asarda ham moʻgʻul istilosi oqibatlari personaj tilidan (birida darvesh, ikkinchisida gado), uning foje taqdirini soʻylashi orqali koʻrsatiladi. Biroq dramatik syujet bundan ortigʻiga yoʻl bermaydi – voqealarning shiddatli rivoji zarur. Jumladan, sahnalashtirilgan librettoda Jamila Torobiyning qizi qilib (bu oʻzgarish soʻnggi variantda kiritilgan) berilganki, bu ham dramatik konfliktni keskinlashtirish, voqealar shiddatini kuchaytirishga xizmat qiladi. Boshqa bir tomoni, ehtimol, ilk sahnalardagi qarshilantirishning oʻzi qoʻzgʻolon boshlanishini asoslashga kamdek koʻringandirki, bunga Torobiyning shaxsiy motivi ham qoʻshiladi.

«Gʻalvirchi»da, yuqorida aytgilganidek, nisbatan osoyishta qishloq hayoti ham, ikki yoshning muhabbati ham tushirib qoldiriladi, toʻgʻridan toʻgʻri asosiy masalaga – mustamlaka sharoitidagi xalqning zabun ahvolini koʻrsatishga oʻtiladi. Torobiy ustaxonasiga kelgan Oʻrmon, keyinroq kelib qoʻshilgan Marjonlar bilan suhbatlasharkan, oʻquvchi(tomoshabin) koʻz oldida istilo dahshatlari ham, mustamlaka xorliklari ham namoyon boʻladi. Va shu asno ustaxonaga Otash chol kirib keladi: uning oʻgʻlini «oqar suvda choʻmilgani» uchun hibsga olganlar. Shuning muhokamasi boʻlib turgan mahal oʻz nazdida «qut xabar» bilan moʻgʻullar xizmatidagi mansabdor qaytib keladi-da, Otashga oʻgʻlining ozod qilinishi evaziga nabirasi Bodomni hokimga tortiq qilishni taklif etadi. Mansabdor nazdida xayriyat boʻlmish bu taklif Otash uchun – haqorat, cholning vijdoni qaynaydi: «Qani insof, qani adolat? Oʻzoq yillari ikki oʻgʻlim qoʻydek boʻgʻizlandi. Bir zargar inim tiriklayin Oʻqtoy xonning yurtiga qul qilinib haydaldi, u ham oʻlgandan battarroq boʻldi. U vaqtlar boshqa vaqt edi. Biz yov edik, talon-bosqinchilik zamoni edi, it egasini tanimas, har kim boshiga kelgan nomaʼqulchilikni qilar edi. Shaharlar kuydi, qishloqlar yakson boʻldi, dalada ekinlar tuproqqa qorishdi. Endi-chi? Biz Chigʻatoyxonning raiyatimiz, xonimizga hafta oʻtmay, har xil soliqlarni toʻlab turibmiz. Endi bu qolibdimi? Otasining yoʻq gunohi badaliga uning qizini – nabiramni qoʻlingizga tutqizaymi?»

Yuqorida aytdikki, ijodkor oʻtmishni oʻz hayotiy tajribasiga tayanib jonlantiradi, tarixiy mavzudagi asar problemasi har vaqt zamonaviy, deb. Shundan kelib chiqqan holda Otashning gaplariga razm solinsa, bular, aslida, Oybekni qiynagan savollar ekanini anglash qiyin emas. Otashning eʼtiroficha, «talon-bosqinchilik zamoni» oʻtib, xalq «Chigʻatoyxon raiyati» boʻlgach ham zulm, zoʻravonlik tugamagan. Agar bu holni Oybek zamoniga koʻchirsak, inqilob va grajdanlar urushi davridagi qirgʻin-barotlar tugagach ham hamon zulm, zoʻravonlik hukm surayotgan 30-yillar nazarda tutilgani anglashiladi. Ayniqsa, «otasining yoʻq gunohi» badaliga qizini olib ketishlari istasak-istamasak yana mashʼum qatagʻon siyosatini yodga soladi. Axir, Oybek oʻylab topilgan ayblovlar bilan juvonmarg qilingan otalarning koʻpini shaxsan tanigan, bolaligi qamoq va surgunda kechayotgan «xalq dushmanlari»ning sagʻirlarini bilgan; «otasining yoʻq gunohi» uchun zugʻumlar koʻrgan Zarifaxonim bilan bir umr yostiqdosh boʻlgan. Bularning barini koʻrgan, qatagʻon zaxmini qalbi va vujudidan oʻtkazib koʻrgan Oybekning zamonasiga qarata «Qani insof, qani adolat?» deyishi tabiiydek koʻrinadi bizga. Albatta, «otasining yoʻq gunohi» qabilidagi talqin oʻsha davr uchun ulkan jasorat edi. Biroq, bizningcha, Oybek ijod onlarida asarning shu holicha eʼlon qilinishi yoki sahnalashtirilishi mumkinligi haqida oʻylamaydi ham – u oʻzini qiynagan muammolarni idrok qilish, dardini qogʻozga toʻkish bilangina mashgʻul – chinakam ijod qoʻynida.

Qoʻzgʻolonga turtki bergan voqea «Gʻalvirchi»da oʻzgacharoq talqin qilinadi dedik. Toʻgʻri, sirtdan qaraganda har uchala asarda ham voqeaning mohiyati oʻxshashdek. Farq shuki, dostonda qizlarning olib ketilishi xonning koʻngil xushi uchungina, librettoda moʻgʻullarning johilona dafn marosimlari uchun, «Gʻalvirchi»da esa «otasining yoʻq gunohi» bahona hokimga tortiq qilish uchun. Yuzaki qaraganda arzimasdek koʻringan bu farq talqinda jiddiy oʻzgarishlarni keltirib chiqaradi. Avvalgi har ikki asarda moʻgʻullar oʻn chogʻli qizlarni olib ketadilarki, bu oʻrinda kulfat koʻpchilik boshiga yogʻilganini taʼkidlash muhim, zero, ayni shu narsa «ijtimoiy buyurtma»dan kelib chiquvchi muallif maqsadiga mos. Keyingisida esa ofat birgina Otash xonadoniga yogʻiladiki, muallifni qiynagan muammolarni badiiy idrok etishga shunisi qulayroq:

«Mansabdor. Qiz uchun ertaga kelamiz!

Mahmud. Koʻramiz

Mansabdor. Sening ishing emas!

Mahmud. Yurt ishi – hammamizning ishimiz. Otash otaning boshiga tushga qora kun ertaga mening yo boshqa kambagʻalning boshiga tushuvi aniq.(Xalqqa murojaat qilaroq, qoʻl koʻtarib) Yaktan boʻllaring, haq – bizniki».

Sir emaski, qatagʻon siyosatining amalga oshishida «tomoshabin» boʻlib turishgagina yaragan xalqning-da xizmati bor. Mashʼum 30-yillarda soxta, koʻpincha hatto kurakda turmaydigan ayblovlar bilan ne-ne odamlarning yostigʻi quritilmadi. Xalqimizning sara farzandlari ommaning «betaraf kuzatuvchi» boʻlib turishi orqasida bitta-bitta terib ketildi. Oʻzganing boshiga tushgan kulfatning guvohi boʻlganlarning aksariyati, ochiq-oshkor nohaqlikdan vijdoni oʻrtasa-da, nari borsa ichida achinib qoʻydi, shuning ortidanoq yoqasiga tuflab «alhazar! oʻzidan kelib oʻzidan ketsin» deya qoʻrquv-la niyat qiloldi, xolos... Oybek bularning barini koʻrgan, bundan iztirob chekkan. Va koʻrganlariga zid oʻlaroq, asarda u qanday boʻlishi kerakligini koʻrsatmoqchi boʻladi goʻyo: Otashning boshiga tushgan kulfatni aritish uchun xalq qoʻzgʻaladi. Zero, Oybek ham Otash singari «Eldan kuchli nima bor jahonda? Xon ham, hokim ham, bek ham el oldida chumchuqday boʻlib qoladi, agar el raso yovqurlik qilsa...» deb ishonadi. Bejiz elning qudrati «raso yovqurlik qilsa» shartiga bogʻlanmaydi – ayni shart Oybek zamonida bajarilmagan, fojialarning bir ildizini adib shunda koʻradi. Elning bu mashʼum davrdagi holi Bodom tilidan bayon qilinadi: «Unday boʻlsa, ulus nega buncha xoʻrlikka chidab yotadi? Ulugʻlar el ogʻzidan oshini yulib oladi, kissasidan tangasini qoqadi, uradi, oʻldiradi, osadi... Yana hamma oʻz boshiga, oʻz oʻtiga oʻzi qovrilib yuraveradi...»

Shu oʻrinda yana bir farqli nuqtaga eʼtiborni tortgimiz keladi: doston va librettoda qizlarni bevosita moʻgʻullar olib ketsalar, «Gʻalvirchi»da bunga moʻgʻullar xizmatidagi mahalliy mansabdor chogʻlanadi. Qizigʻi shundaki, pyesaning qator oʻrinlarida ayni shu masalaga urgʻu berib oʻtilgan. Ilk bor Otash oʻgʻlining hibs qilinganini aytganida, Marjon shoshib savol beradi: «Moʻgʻullarmi, oʻzimiznikilarmi?» Otash esa bunga javoban kuyinib aytadiki: «Oʻzimiznikilar... E... hammasi bir goʻr emasmi?...» Maʼlumki, mustamlaka sharoitida xalq ichida zolimlarni «oʻzimiznikilar – oʻzgalar» tarzida ajratish bor narsa. Ayni shu xil boʻlinishning (yaʼni, nafsi uchun xalqining dushmanlariga xizmat qiluvchilarning) mavjudligi mustamlakani bardavom etuvchi muhim omillardan ekani ham ayon. Shuni oʻtkir his qilganidan boʻlsa, ehtimol, xalqqa oʻzinikidan kelgan zulm ogʻirroq botadi: nima boʻlganda ham ularni oʻziniki deb biladi, axir, ularning-da bir kun kelib esini tanib olishiga, insofga kelishiga umid qiladi. Marjonning soʻrash paytidagi hayajoni («Moʻgʻullar boʻlsin-da!» degandek goʻyo), Otashning xafaligi ham shundan. Torobiyning oʻzi ham, garchi u sinfiy xushyorroq (bu haqda quyiroqda toʻxtalamiz) koʻrinsa-da, shu xil hisdan xoli emas:

«Mahmud. (mansabdorga tomon ikki qadam tashlab). Bek! Andak sabr qiling. Arzim bor... (Mansabdor ijirgʻanib, kibrli vaziyat oladi. Mahmud davom qiladi soʻzida). Bilasizmi, siz ham shu qishloqliksiz, hammamiz bir elat – bir urugʻdanmiz. Bu algʻov-dalgʻov zamonda siz koʻtarilib qoldingiz. Tole yor boʻlsin! Lekin ulus bilan, raiyat bilan yaxshi muomalada boʻlishingiz kerak.

Mansabdor. Mana hali aytdim-ku, men har vaqt yoso va shariat yoʻlida yuraman...»

Tabiiyki, bu epizod ham Oybek juda yaxshi bilgan 30 – 40-yillar voqeligidan andoza olib yaratilgan. Zero, Oybek «algʻov-dalgʻov zamonda koʻtarilib qolgan», ixtiyoriga berilgan vakolatdan oʻziniyu oʻzligini unutgan, «doʻppisini desa kallasini keltirishga» har vaqt hozir oʻnlab, yuzlab amaldorlarni koʻrgan, ulardan zada boʻlgan. Shu bois ham shoʻroning byurokratik tizimida yetishgan, maʼmuriy-qoʻmondonlikdan oʻzga boshqaruv usulini bilmagan oʻrta va quyi boʻgʻin amaldorlariga xos xususiyatlar Mansabdor qiyofasida oʻz aksini topadi. Jumladan, bu nav amaldorlarga xos hadeganda hukumatni pesha qilish, hukumat nomi bilan dagʻdagʻa qilish Mansabdorning xatti-harakatlarida ham kuzatiladi. U gʻurur bilan aytadiki: «...biz hoqon ibn hoqon Chigʻatoyxon hazratlarining malaylarimiz. Biz ulugʻ Chingiz qurgan azamat davlatda adolat, osoyishtalik, farovonlik oʻrnatib, saltanatning ravnaqiga jonbozlik qilamiz». Beixtiyor hoqonlar ismi oʻrniga «Lenin», «Stalin» soʻzlarini qoʻyib, hayratdan yoqa ushlaysan kishi.2 Qarang, Mansabdor oʻzining «ulugʻ Chingiz (Lenin) qurgan azamat davlat» ravnaqiga xizmat qilishi lozimligini, ayni paytda, «Chigʻatoyxon (Stalin) hazratlarining malayi» ekanligini eʼtirof etayotir. Ijod onlarida tarix taqdim etayotgan soʻz aytish imkoniyatining benihoya kengligi, oʻtmish bilan zamonasi orasidagi mushtarakliklarni kashf etgan Oybek hayrati biznikidan chandon ortiq boʻlgan esa, ehtimol. Albatta, bu xil mushtarakliklar asarda anglangan holda koʻrsatilishi ham, gʻayrishuuriy tarzda yuzaga chiqib qolishi ham mumkin. Biroq, agar badiiy asar ehtiyoj mahsuli oʻlaroq yaratiladi desak, u holda anglanganlik momenti koʻproq ekanini tan olishimizga toʻgʻri keladi. Toʻgʻri, Oybek ayni shu xil fikrni ifodalashni koʻzda tutmagan, hatto, ijod onlariga qadar bu fikr xayoliga kelmagan boʻlishi ham mumkin. Biroq, modomiki u tarixiy material vositasida zamonasini, undagi oʻzini qiynagan muammolarni badiiy idrok etayotgan ekan, bu jarayonda yangi fikrlar, qarashlarning tugʻilishi, eskilarining tahrir qilinishi tabiiy. Zero, epik xarakterdagi badiiy ijod voqelikni badiiy idrok etish orqali u haqdagi yaxlit konsepsiyani shakllantirish va ifodalash jarayonidir.

Yuqoridagiga oʻxshash, moʻgʻullarning yurtimizda olib borgan mustamlakachilik siyosati tasviri bilan shoʻro hukumatining 30-yillardagi ichki siyosati oʻrtasida ham mushtarakliklar koʻzga tashlanadi. Jumladan, Buxoro hokimi Mahmud Yalavoch Torobiy boshchiligidagi qoʻzgʻolonning avj olib ketishida mahalliy amaldorlarning oʻzlarini ayblab deydiki: «Ayb oʻzlaringizda. Yarani kesib tashlamagansizlar. Mahmud qoʻlingizga tushdimi, ustalik bilan uni jahannamga yuborish kerak edi. Boshliqsiz qolgan xalq bir podaga oʻxshab, oʻz-oʻzidan tarqalib ketar edi. Siz siyosatning bu chuqur dasturini qoʻllay bilmagansiz...» Maʼlumki, Yalavoch aytayotgan «siyosatning chuqur dasturi»ni qatagʻonni amalga oshirgan shoʻro siyosatchilari toʻkis qoʻllaganlar: xalqning yetuk vakillarini mahv etishdan murod uni istagan tomonga boshlash mumkin boʻlgan podaga aylantirish, qiyomatgacha oʻz izmida ushlab turishdan boshqa emas edi. Yalavoch taʼkidlaydiki, «siyosatning chuqur dasturi»ni amalga oshirishga hali ham kech emas. Shu bois ham majlisda qator tadbirlar ishlab chiqiladi. Jumladan, Yalavoch Shayxulislomga «elga vaʼz-nasihat qiling, Torobiy – dajjol, iblis lain deng. Unga murid boʻlganlarni kofirlikka chiqaring...» deya topshiriq beradi. Tabiiyki, agar Mahmudni – dajjol, unga ergashganlarni kofir deb eʼlon qilinsa, avomning aksariyatida unga boʻlgan ishonch, ixlos soʻnadi, hech yoʻq shubha, ikkilanish paydo boʻladi. Maʼlumki, shoʻro siyosatchilari ham shunga oʻxshash yoʻl tutganlar. Ular yopishtirgan «xalq dushmani», «chet el josusi» kabi qator tamgʻalar, matbuotdagi chiqishlar, maxsus uyushtirilgan mitinglarda soʻzlangan «otashin» nutqlar ommaga taʼsirsiz qolmagani shubhasiz. Koʻpchilikning bu xil nayrangalarga uchgani, soxta ayblovlarga dildan ishonganlari bois qatagʻonni maʼqullaganlari ham sir emas. Yalavoch qoʻllagan tadbirlardan yana biri shuki, u Torobiy lageriga oʻzining odamlarini – xufyalarni qoʻygan, maqtanib aytadiki: «bizning koʻzlarimiz u yerda ovini qidirib yuradi». Tabiiyki, bundan ham xufiyalik, chaqimchilik avj olgan, uchinchi odam qoʻshilgan joyda ogʻiz ochishga choʻchib qolingan davr, muhit sasi3 keladi. Nihoyat, belgilangan tadbirlarning oxirgisi – eng dahshatlisi Torobiyning singlisidan foydalanish boʻladiki, aka-singil orasiga nifoq solinadi. Gʻoyaviy asosda qardoshlik rishtalarini uzib, jigarlarni-da ajratib yuborishga intilish amaliyoti esa, maʼlumki, qatagʻon davrida keng kuzatilgan hodisa edi... Albatta, umuman mustamlakachilik siyosatiga xos universal xususiyatlar mavjudligi ham bor gap. Shunday boʻlsa-da, Oybek asardagi detallar, holatlarni oʻzi bilgan, koʻrgan ijtimoiy muhitdan olganiga koʻproq ishongimiz keladi. Negaki, yuqorida koʻrganimizdek, pyesaning koʻp nuqtalari bizga istasak-istamasak yurtimizning yaqin oʻtmishidagi hodisalarni eslataveradi.

Yuqorida aytdikki, Otashning oʻgʻlini «oqar suvda choʻmilgani uchun» hibsga oldilar. Otash bu xabarni yetkazgan choqdagi Oʻrmonning reaksiyasi eʼtiborga loyiq: «Bu qanday chirkin qonun! «Oqar suvda choʻmilma!» Dining, yoʻl-yoʻrigʻing bilan yer qaʼriga kir, ah, moʻgʻul!» Har qanday mustamlakachi singari, moʻgʻullar ham oʻzlari zabt etgan yurtlarda oʻzlarining tartib qoidalarini oʻrnatmoqchi boʻladilar. Tabiiyki, bu tartiblarni qabul qilish mustamlaka xalqi uchun eng ogʻiri, sababi, uning ajdodlaridan qolgan oʻz anʼanalari, udumlari mavjud. Madaniyati, eʼtiqodi, turmush tarzi kabi muhim nuqtalarda bir-biridan tamom farqli ikki xalqning teng boʻlmagan munosabati assimilyatsiyaga (yaʼni, ulardan birining ikkinchisiga singib ketishi, ikkinchisiga oʻxshab qolishi) olib kelishi tayin. Bas, magʻlub xalqning yangi tartiblarga qarshiligi – anglangan yo anglanmagan tarzdagi oʻzining xalq sifatidagi oʻzligini saqlab qolishga intilishdirki, bu ham tabiiy, ham zaruriy va ham qonuniy hodisadir. Otash «otasining yoʻq gunohi uchun» deganida oʻzicha toʻla haq edi. Negaki, «oqar suvda choʻmilish» sahroyi moʻgʻullarga nechogʻli yot boʻlsa, ikki daryo oraligʻida yashagan xalqimiz uchun shunchalik tabiiy edi. Yaʼni Otashning oʻgʻli bor-yoʻgʻi ajdodlari ming yillar davomida qilib kelgan ishni qildi – shuning uchungina gunohkor sanaldi: Oʻrmonning yuqoridagicha keskin reaksiyasi shundan. Oybek qalb koʻzi tiyran, nigohini mohiyatga qaratgan mutafakkir ijodkor edi. Uning oʻtkir nigohi «yangi turmush qurish» shiori ostida millatning oʻzligiga tajovuz qilinayotganini ilgʻay oldi, tarix bilan muloqot uni shu qarashda mustaqim etdiki, «Gʻalvirchi»da ayni shu masalani boʻrttiribroq oʻrtaga qoʻydi.

Mustamlaka yurtda manfaati shaxsiyani har nedan ustun qoʻygani yoki milliy gʻururdan butkul mosuvo ekani bois oʻzgalarning tartibotini bir neʼmat sifatida qabul qiladigan, ularning kepatasiga osongina kiradiganlar ham har vaqt topilgan. Oybek shundaylardan birini Toʻsinboy timsolida gavdalantiradi. Otash Toʻsinboydan hokimlar qoshida oʻgʻlining gunohini soʻrab berishni oʻtinganida u: «Oʻgʻling ulugʻ Chingizxon yososini buzdi, yosoning amrini shariatdan ham yuqori, ezgu tutish kerak...» – deya rad etadi. Oybek oʻz zamonida yangi mafkurani singdirish yoʻlida milliy qadriyatlarning toptalayotganini, eng yomoni, unga sidqidildan berilib manqurtga aylanayotganlarni koʻradi, hodisadan jiddiy tashvishlanadi – unga nafratini ifodalaydi.

Mazkur masala Oybekni chuqur tashvishga solganini shundan ham bilsa boʻladiki, «Shit naroda» pyesasida bu muammo yanada boʻrttirib qoʻyiladi. Jumladan, Shamsiddin Mahbubiy bilan Chigʻatoyxon toʻqnashuvining asosida shu masala yotadi:

«Chagatay. Tы vidish ne to, chto nujno, musulmanin. V sbornike nashix zakonov Yase skazano: net pravdы inoy, krome pravdы mongolskoy. Mongolы odni vladыki mira. I net vыshe naroda mongolskogo.

Maxbubi. A u nas yest svoy zakon. Do togo, kak vы prishli k nam, mы jili po-svoyemu i znali svoyu pravdu i svoyu spravedlivost».4

Olimning mantiqli gaplariga munosib javob topolmagan, uning haqiqati oldida ojiz qolgan moʻgʻullarga birgina yoʻl qoladi – zindonband etish. Maxbubiyning gapi asosida «har bir xalqning oʻz haqiqati, oʻz adolati bor, bas, u shular asosida yashashga haqli» degan tabiiy bir mantiq yotadi. Albatta, mazkur sahnada «oliy irq» daʼvosidagi fashistlarga ishora qilingani shubhasiz.5 Ayni paytda, agar yuqoridagi mulohazalarimiz kontekstida qaralsa, yana Oybek yashagan ijtimoiy muhit bilan bogʻliqlik bor deyishga haqlidekmiz. Zero, «net pravdы inoy, krome pravdы mongolskoy» qabilidagi daʼvo «Pravda»da eʼlon qilingan haqiqatgina yagona va oliy haqiqat» deb bilgan tuzumga ham xos edi.

Toʻgʻri, asarning hamkorlikda yozilgani bu fikrga nisbatan andak shubha uygʻotishi, unga «Gʻalvirchi»ga kabi yondashmaslik lozim degan eʼtiroz tugʻdirishi tabiiy. Biroq shu yoʻsin oʻylashimizga izn beruvchi bir qator asoslarimiz ham yoʻq emas. Avvalo, Oybek hamkorlikka qadar bu mavzuda ikkita asar yaratgan va uchinchisi ustida ishlayotgan edi, bas, uning ijodiy tajribasi hamkorlikda yetakchi boʻlishi tabiiyroq. Ikkinchidan, A.Deychning taqdir taqozosi bilan bir muddat Toshkentda yashab turganining oʻzi ijodiy hamkorlikka omil boʻlolmaydi, buning uchun ikki adib orasida maʼnaviy-ruhiy, fikriy yaqinlik, qarashlar mushtarakligi ham zarur. Ikkala adib tomonidan pyesani yozish haqida shartnoma tuzishni soʻrab berilgan arizada, jumladan, shunday deyiladi: «... kogda slavnыe sыnы uzbekskogo naroda plechom k plechu s drugimi narodami Sovetskoy stranы srajayutsya protiv fashistskix varvarov, zadacha pisateley vsex vidov poeticheskogo orujiya vnushat svoyemu narodu chuvstva gordosti, dostoinstva i chesti». Arizada «oʻzbek xalqining qahramonona oʻtmishiga murojaaat qilib, shoʻro tomoshabinining qalbini toʻlqinlantira oladigan» (yaʼni, vazifani uddalashga imkon beradigan) obraz topilgani taʼkidlanadi. Eʼtibor qiling: mualliflar tarixga murojaat qilishdan murod xalqqa «gʻurur-iftixor, qadr-qimmat, or-nomus» tuygʻularini singdirishdan iboratligini taʼkidlaydilar. Bu tuygʻular esa, maʼlumki, milliy oʻzlikni tanish, tanitishning asosi. Asarning yozib tugallangan ilk koʻrinishi koʻzdan kechirilsa, haqiqatan ham shu maqsadning ustuvor ekaniga amin boʻlamiz.

Ilk sahnada Buxoro hokimining xazinachisi Kichik Qurbonning oʻz oʻgʻli – Samarqandda madrasa tahsilini olib endigina uyiga qaytgan Burgut bilan suhbati beriladi. Ota bilan oʻgʻil – boshqa-boshqa olam. Otasining moʻgʻullar xizmatida ekani, ularga qoʻshilib oʻz xalqiga zulm qilish hisobiga davlat orttirayotganidan oʻgʻil eziladi; ota esa buni oʻzining oqilligi, uddaburonligiga yoʻyib faxrlanadi. Xalqning ayanch ahvoli haqida gapirgan oʻgʻliga ota nasihat qiladiki, «har narsaga eʼtibor beraverish nojoiz, baʼzan atrofga koʻz yumish foydali». Oʻgʻil esa, aksincha, «qalb soʻqirligi koʻz soʻqirligidan battar» deb biladi. Ota oʻgʻlini Chigʻatoyni kutib olish taraddudidagi hokim saroyiga boshlab kelarkan, uni saroyga yaqinlashtirishni, oʻzlarining qatoriga qoʻshishni niyat qilgan. U oʻgʻlining gaplarini yoshlikka xos oʻtkinchi kayfiyatga yoʻyadi, uni «yoʻlga solib» olishiga ishonadi. Ota yanglish oʻylaydi: Yalavoch bilan suhbat davomida Burgutning dunyoqarashi toʻla shakllanib ulgurgan shaxs ekani koʻriladi. Tabiiyki, Yalavoch Burgutni «oʻz odami» deb biladi, shu bois uni xizmatga tayin etmoqchi, biroq u taklifni rad etadi:

Burkut. Ya ne gojus vam, nesravnennыy pravitel. Kniga i kalam, kusok sыra i svejaya voda – vse, chto mne nujno. Ya ne mogu slujit porabotitelyam naroda.

Maxmud (smeyetsya sochnыm, delannыm smexom). Xorosh djigit, nechego skazat. Nu, chto j, govori vsyu pravdu. Tы i menya nazыvayesh porabotitelem? Ved ya sluju mongolam.

Kichik Kurban. Molchi, sыn moy. Ne zabыvay, chto spravedlivыy Maxmud Yalavach...

Burkut (perebivaya). Spravedlivыy Maxmud Yalavach znayet, chto luchshe bыt pastuxom u svoyego naroda, chem pravitelem u chujogo...»

Eʼtibor berilsa, Burgut birinchi gapida «porabotitelyam naroda» (yaʼni, soʻzma soʻz «xalqni qul qiluvchilar», asar yozilgan davr kontekstida «ekspluatatorlar») deydi, goʻyo umuman ezuvchilar haqida gapiradi. Yalavoch yigitning nima demoqchiligini bildi, shu bois yasama kulgi bilan gapiradi. Hokimdagi oʻzgarishni sezgan ota vaziyatni yumshatishga intiladi, biroq Burgut uning gapini boʻlib, mustamlakachilarga xizmat qilishni oʻziga or deb bilishini ochiqroq anglatadi. Ravshanki, Burgutning bu xil qarashlari madrasa tahsili davomida shakllangan, demak, madrasada Mahbubiyga hammaslak, fikri ozod kishilar oz emas. Burgutning Mahbubiyga eʼtimodi balandligi, uni «buyuk inson», «nuri donish», «bashar vijdoni» deya ulugʻlashi bejiz emas. Darvoqe, Chigʻatoy huzurida Mahbubiy gʻoyibona shogirdining yuksak ixlosiga har jihatdan munosib tutadi oʻzini. Olimning tafakkur quvvati, mantiq kuchi oldida ojiz Chigʻatoy bandi qildirish bilan qoʻrqitmoqchi boʻlganida, u «sen mening jismimni kishanlay olasan, fikrimni (ruhimni) kishanlay olmaysan» deya javob beradi. Shubha yoʻqki, bu – xalqqa «gʻurur-iftixor, qadr-qimmat, or-nomus» tuygʻularini singdirishga xizmat qiladigan obrazlardan biri. Biroq u ijtimoiy buyurtmagagina xizmat qilib qolmaydi, negaki, u – inson shaʼni, erki, haq-huquqi daxlsiz yuksakligini taʼkidlovchi obraz. Bu esa totalitar tuzum ayni kuchga kirgan, shaxs erki va haq-huquqi toptalgan zamonda oʻquvchining oʻzini baholashi uchun bir mezon, ehtimolki, mualliflar sogʻingan ideal edi.

Tugatilmagan pyesaning qator oʻrinlari mualliflar zamonasida yuz bermish ijtimoiy hodisalarga munosabat masalasida yakdillar, deyishga imkon beradi. Masalan, Kichik Qurbon oʻgʻlini saroyga boshlab kelarkan, unga nasihat qilib, «haqiqat-ku» deya har xil gapni gapirmaslikni tayinlaydi: «Osteregaysya, moy sыn, lishnego slova v Buxare. Zdes stenы, dveri i potolki imeyut ushi. Ne raschitыvay na znatnost roda, na vыsokoye polojeniye otsa. Znayesh, kak govoritsya v narode: neschastnogo sobaka dostanet i na verblyude». Eʼtiborli jihati shundaki, 30-yillardagi «chaqimchilik» avj olgan muhit aks etganidan tashqari, parchada atayinlik (yaʼni, ongli ravishda zamonga munosabat bildirish) momenti ham yaqqol koʻzga tashlanadi. Avvalo, «kambagʻalni tuyaning ustida ham it qopar» maqoli «baxtsizni tuyaning ustida ham it qopar» tarzida berilganki, bu bilan qatagʻon yuhosi odamni kimligiga (egallagan mansabi, nasabi, koʻrsatgan xizmatlari, partiyaga mansubligi va h.k.) qaramasdan domiga tortgani taʼkidlanadi. Ikkinchidan, qatagʻon siyosatini oqlash uchun «sotsializmning qaror topishi barobari sinfiy kurash ham kuchayib boradi»6 degan daʼvo oldinga surilgandiki, «kambagʻal»ning «baxtsiz»ga almashtirilgani bu daʼvoni puchga chiqaradi. Zero, «baxtsiz» sifati sinf tanlamaydi, sinfiy mohiyatni taʼkidlash uchun maqolning aslicha qolgani maʼqul boʻlardi. Shunday ekan, bu oʻzgarish mualliflar fikri rasmiy nuqtai nazardan farqli ekanligi bois kiritilgan. Shunga oʻxshash, «chaqimchilik» avj olgan muhitga munosabat bildirishga «devorning qulogʻi bor»ligining oʻzi kam koʻringandirki, «devor, eshik va shiftlarning qulogʻi bor» deya kuchaytirib, taʼkidlab aytiladi. Bunday munosabat esa, oʻylashimizcha, koʻproq shu muhitdan yuragi zada odam ruhiyatiga koʻproq xosdir.

«Gʻalvirchi»da yaratilgan moʻgʻul xonlari obrazlari bilan shoʻro dohiylari orasida mushtaraklik kuzatilishi haqida yuqorida aytib oʻtdik. Shunga oʻxshash hol «Shit naroda» pyesasida ham boʻrtib koʻzga tashlanadi. Chigʻatoyning Buxorodagi ahvol haqida Ildiz noʻyon bilan suhbatiga diqqat qilinsa, bunga amin boʻlish mumkin:

«Chagatay. Tak. A mnogo li etix vragov zdes u menya?

Ildiz-Noyon. Tebe, sar narodov, ne strashnы nikakiye vragi. Silnы tvoi voyska, i nikto ne mojet odolet ix.

Chagatay. Tak. A mnogo li u menya zdes druzey?

Ildiz-Noyon. Druzey i tыsyachi malo, a vragov i odnogo mnogo.

Chagatay. Yesli yest odin vrag – otrubi yemu golovu. Yesli ix mnogo, to i derevyev mnogo dlya viselits».

Endi biz koʻrgan mushtarakliklarga kelsak. Birinchisi: noʻyonning Chigʻatoyga «sar narodov» («xalqlar shohi») deya murojaat qilishi Stalinga nisbatan koʻp ishlatilgan «otets narodov» («xalqlar otasi») iborasini yodga soladi. Ayni shu murojaatning obrazni anglashga yoʻnaltiruvchi signal vazifasini oʻtashi koʻzda tutilgan boʻlishi ham, ehtimol. Ikkinchisi: keyingi yillarda Stalinga xos boʻlgan «oʻz hayoti uchun mudom xavfsirash»dek ruhiy xastalik haqida juda koʻp yozilgani maʼlum. Ayrim mutaxassislar «xalqlar otasi»ning har yerdan dushman qidirishi, dushman deb bilganlarini ayovsiz qirgʻin qilishini shu xastalik bilan izohlaydilar ham. Bunday odamning hech kimga ishonmasligi, har kimda, avvalo, dushmanni koʻrishi ham tabiiy, albatta. Pyesadagi Chigʻatoy aytadiki: «Ya nikomu ne veryu. Vse lgut: bogatыe i bednыe, bek, vodovoz...» Bunday odamdan oʻz noibiga dushmanlarni bitta qoʻymay («Agar dushman bitta boʻlsa – kallasini ol. Agar ular koʻp boʻlsa, ularni osishga dor solish uchun daraxtlar ham bisyor») qirish haqida koʻrsatma berilishi hech ajablanarli emas. Mudhish qatagʻon sabablarini tahlil qilgan mualliflar yuqoridagicha tashxisni oʻshandayoq qoʻyib qoʻygan boʻlsalar, ne ajab?! Nihoyat, uchinchisi: urush arafasida «sovet qoʻshinlarining yengilmasligi-yu hech bir dushman unga choʻt emasligi» haqida choʻpchak toʻqilgan, hammani shu choʻpchakka ishotirishga harakat qilingan edi. Shoʻro tashviqotining shu choʻpchagiga ishonib gʻaflatda qolgan xalq urushning boshidayoq zoʻr talafot koʻrdi. Urush avvalidagi zoʻr muvaffaqiyatsizliklar, xalq boshiga tushgan shoʻrishlar sabablarini obdon mushohada qilgan kallasi butun odamlar – mualliflar buni nazardan qochirishlari mumkinmi edi?!..

Asardagi yana bir nuqtaga ayricha eʼtibor zarur. Burgut Yalavochga dilidagini aytgach, u oʻzi bajarayotgan vazifaning muhimligi, shu vazifani bajarish asnosi u oʻz xalqini ozmi-koʻpmi himoya qilishini aytadi. Haqiqatan ham u Ildiz noʻyonni insofga chaqiradi, Chigʻatoyni yoʻlga solishga harakat qiladi. Shunisi muhimki, pyesada istilochilarning nafaqat mustamlaka xalqiga, balki, oʻzlariga sidq ila xizmat qilayotgan mahalliy amaldorlarga ham past nazar bilan qarashi, haqoratomuz munosabatda boʻlishi taʼkidlanadi. Masalan, mahalliy amaldorlardan biri Ildiz noʻyonga murojaat qiladi-da, xizmat vazifasiga koʻra yurt kezishi lozimligini aytib, durustroq ot berishlarini soʻraydi. Bunga javoban ildiz noʻyon masxaralab aytadiki: «A po-moyemu, dlya tyurkskogo baskaka dovolno i serogo ishaka». Shuning ortidanoq muallif remarkasi beriladi: «Sredi buxarskix chinovnikov gul protesta». Yalavoch moʻgʻulni insofga chaqirganida, u: «Xozyayeva – mы. Vы doljnы ispolnyat nashu volyu», – deya manmanlik bilan javob beradi. Yoki saroyga kelishi bilanoq Chigʻatoy noʻyonni yoʻqlab, soʻraydi:

«Chagatay. Rasskazыvay, chto znayesh. Kak jivetsya moim lyudyam v Buxare.

Maxmud (vыstupaya vpered). Velikiy xan, pod tvoim mudrыm pravleniyem blagodenstvuyet nasha strana.

Chagatay. Ya ne sprashivayu tebya, Maxmud Yalavach. Ya govoryu o mongolax, a ne o musulmanax. Pust vash bog, yesli on yest, dumayet o vas».

Koʻramizki, moʻgʻullar zulmi ostida ezilgan mehnatkash omma ham, ularning xizmatidagi amaldorlar ham, aslida, qismatdosh. Yaʼni, bundan kun tartibidagi birinchi masala «ezuvchi – eziluvchi» tarzida emas, «istilochilar – mustamlaka xalq» tarzida qoʻyilishi kerak, degan fikr kelib chiqadi. Shunisi borki, bu xil talqin avvaldan rejalashtirilgan. Pyesa ssenariysiga koʻra, ikkinchi koʻrinishda Torobiyning sobiq shahzoda Oʻrxonbek bilan uchrashib doʻst tutinishlari aytiladi-da: «Ot sarevicha do sitovshika – vse doljnы obyedinitsya dlya borbы s podlыmi zaxvatchikami», – deyiladi. Oybek ijodida Torobiy mavzusi talqinidagi tadrij kuzatilsa, boshdagi oʻta keskin sinfiylikning asta susayib borishiga amin boʻlamiz. Doston va librettoda mehnatkashlarning bari – vatan ozodligi uchun kurashchilar, mahalliy boylar, amaldorlar, ruhoniylar – bari moʻgʻullarning ittifoqchilari qilib koʻrsatilgan edi. Epik koʻlam kengaygan «Gʻalvirchi»ga Xonbotir obrazi kiritilgan. Mahbubiy tomonidan yuborilgan bu sobiq shahzodaga Torobiy oʻzini koʻp ham yaqin olmaganidek, boshqa qoʻzgʻolonchilar ham undan biroz yotsirab turadilar. Xonbotir – ismiga monand botir, jasur yigit, uning yuragi moʻgʻullarga nisbatan oʻch, intiqom hissi bilan toʻliq. Biroq u Torobiyning keyingi siyosatiga – boylar, savdogarlar, amaldorlar mulkining musodara, oʻzlarining quvgʻin qilinishiga qoʻshilmaydi. Garchi Xonbotirning qoʻshilmaslik sababini uning taxt ilinjida ekanligi bilan izohlaydigan oʻrinlar boʻlsa-da, talqinning qanday yakun topishi bizga qorongʻu. «Shit naroda»da esa talqin oʻzgacharoq: Oʻrxonbek bilan Torobiy tasodifan uchrashadilar, ularni moʻgʻullarga nisbatan nafrat, mustamlakachilarga qarshi kurash maqsadi birlashtiradi, doʻst qiladi. Oʻrxonbek kurashda mardligu jasorat, doʻstlikda sadoqat koʻrsatadi. Biroq Torobiyning keyingi siyosatiga qoʻshilolmaydi, u bilan vidolashib, yana darbadar hayotiga qaytadi.

Fikrimizcha, zamonasi va zamonadagi oʻzini anglash ehtiyoji bilan Torobiy mavzusiga qaytgan Oybek ruhiyatidagi ichki ziddiyat «sinfiylik» masalasi bilan chambarchas bogʻliq edi. Adib tarix bilan jonli muloqot jarayonida oʻzi ishongan gʻoyani ham, inqilobga munosabatini ham qayta koʻrib chiqish imkoniga ega boʻldi. Yuqorida koʻrdikki, u sinfiylik masalasiga-da oʻzgacha yondashishga intildi, lekin adib bu borada tugal fikr, xulosaga kelishga, ichki ziddiyatni bir taraf hal qilishga hali tayyor emas edi. Asarning tugallanmay qolgani ham shundan – muallifning oʻzak masalada tugal fikrga kelolmagani, oʻzining zamonasi haqidagi yaxlit konsepsiyasini shakllantira olmaganida boʻlsa, ehtimol. Bu fikrimizni «Qutlugʻ qon» misolida ham quvvatlashimiz mumkindek koʻrinadi. 30-yillar adogʻida, jamiyat hayotidagi mudhish hodisalar shohidi boʻlgan, qatagʻon nafasini har lahza tuyib turgan Oybekning sotsializm gʻoyalariga ishonchi darz ketishi tabiiy edi. Ayni shu xil ruhiy holatda u inqilob arafasidagi Turkiston voqeligini qalamga olib, yurtining yaqin oʻtmishdagi taraqqiyot yoʻlini badiiy tahlil qildi: oʻzi qalamga olgan davrda haqiqatan ham tublik oʻzgarish zarur boʻlganiga, bu oʻzgarishni mehnatkash xalq amalga oshirishi mumkinligiga qaytadan imon keltirdi. Biroq Oybek inqilobning natijalaridan, 30-yillarda shoʻro olib borgan siyosatdan qoniqolmas edi. Shu ziddiyat bois ham u «Qutlugʻ qon»ga 1916 yil voqealari bilan nuqta qoʻydi, inqilobni tasvirlamadi, unga munosabatini ifodalamadi. Faqat 1957 yilga kelib, borki illatlarni Stalin shaxsiga agʻdarish orqali oʻlayozgan gʻoyaga sunʼiy nafas berilgach, Oybek romanning mantiqiy davomi – «Ulugʻ yoʻl»ni yozishga jazm eta oldi...

Ha, Torobiy mavzusidagi har ikki asar ham tugallanmay qoldi. Albatta, Oybekdek ulkan isteʼdod uchun mufassal rejalari-da tuzib qoʻyilgan pyesani tugallash choʻt emas edi. Asarning tugallanmay qolish sababini yuqorida ichki ziddiyat bilan izohladik. Boringki, bunga koʻrib oʻtganimizdek talqinlar imkoni mavjud asarning dunyo yuzini koʻrishi maholligini ham qoʻshaylik. Shunda ham, buning asosiy sababi, bizningcha, Oybekning oʻta halol adibligi – ijodkor oʻzi rostmana anglagan hislari-yu qalb qozonida obdon qaynagan fikrlarini, oʻzi ildiz mohiyatiga yetib borgan haqiqatlarnigina ifodalashi lozim degan eʼtiqodda yashagani bilan izohlanadi.

2003 yil

Izohlar

  1. Potebnya A.A. Estetika i poetika. – Moskva,1976. – S.353.
  2. Eʼtiborli jihati shundaki, «Shit naroda» pyesasidagi sarkarda Ildiz noʻyonning: «Velikiy Chingiz, umiraya, zaveshal nam vlast nad vami. Mы svyato xranim zavet velikogo kagana. Smert tomu, kto poydyot protiv nas», – degan gapi ham shunga monand jarang topadi. Zero, unda ham «Chingiz»ni «Lenin»ga, «velikiy kagan»ni «velikiy vojd»ga almashtirilsa, kifoya: obraz ortida «ulugʻ Lenin vasiyatiga sodiqlik» haqida gapirishni kanda qilmagan katta-kichik rahbarlar boʻy koʻrsataveradi.
  3. Esingizda boʻlsa, xuddi shu narsa «Navoiy» romaniga ham singdirib yuborilgan edi.
  4. Xolislikka putur yetmasin, degan andishada ushbu asardan olingan parchalarni aynan berishni maʼqul koʻrdik
  5. Buni A.Deych bilan hamkorlikda pyesa yozish toʻgʻrisida berilgan ijodiy ariza ham toʻla tasdiqlaydi: «Fanatichnыe priverjensы idei vlastvovaniya nad mirom, mongolskiye voyenachalniki i praviteli vo mnogom dayut proobrazы sovremennыx fashistskix «teoretikov» ...» Qarang: Oybek. Mukammal asarlar toʻplami. 20 tomlik. T.20.-T.,1985.- B.391
  6. Bu haqda qarang: Istoriki sporyat. –M.,1988. – S.291

Dilmurod Quronov